23:00 / 31.07.2017
6 295

Abiturientlarga murojaat: “Kozyol” bo‘l, bolam: bugun yoki hech qachon!

Abiturientlarga murojaat: “Kozyol” bo‘l, bolam: bugun yoki hech qachon!
O‘zbekiston yoshlari! Bugun Sizga murojaat qilmoqchiman!
Siz juda katta orzu-umidlar bilan Oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirmoqchi bo‘lib, hujjat topshirgansiz. Ertaga imtihonga kirasiz. Siz oxirgi marta imtihon topshirayotgan kishidek harakat qiling. “Bugun yoki hech qachon!” deng.

Nimalar bo‘ldi?
O‘tgan yillarda “eskirgan”, “yaramay qolgan” yozma va og‘zaki imtihonlardan voz kechildi va TEST degan narsa joriy qilindi. Biram xursand bo‘ldik, endi farzandlarimiz o‘z bilimi bilan o‘qishga kiradi, deb. Ammo qing‘irlikning ming xil yo‘lini o‘ylab topishga o‘rganib ketgan qing‘ir kishilar TEST borasida ham shunaqangi hiyla va makrlarni o‘ylab topishdiki, bularni ko‘rib, shaytonning o‘zi hayrat barmog‘ini tishlab qoldi. TEST degani bir hovuch haromxo‘rlarning tegirmoniga obdon suv quydi, xolos.

Hech kimga sir emas, hamma ko‘rib, bilib, aytib yuribdi: TESTga haqiqiy abiturient qolib, uning o‘rniga institutni bitirganlar ham kirayapti, abiturientga domlalarning o‘zi TESTni echib ham berayapti, uddaburon abiturient bir bo‘g‘cha kitob bilan ham kirayapti, ko‘pchiligi eng zamonaviy telefonlarni olib kirib, kerak bo‘lsa, “videoko‘prik” ham qilib, TEST echayapti, ularga arzimagan “ko‘k qog‘oz” olgan nazoratchi ham yordamchi bo‘layapti, otini aytishga odam hayiqadigan idoralarning xodimlari ham yordamchi bo‘layapti. Kerak bo‘lsa, o‘shalar TEST qog‘ozini tashqaridagi bilimdonga chiqarib berib, ishlab bo‘lingach, kiritib ham berayapti. Kirish imtihonlariga mas’ul bo‘lgan mansabdorlar “Iks variat nima o‘zi? U bo‘lmagan va bo‘lmaydi”, deb turgani bilan, Oliy ta’lim vaziri “Iks-variant, degan narsani hozir eshitib turibman” degani bilan “Iks variant” ham yaxshigina ishlayapti. “Bunker” degan atama ham, “Rektor guruhi” degan atama ham osmondan tushgani yo‘q.

Ko‘pchilik oliygohlarda “Ijodiy imtihon” degan narsa joriy qilingan. Bu o‘sha oliygohlarning domlalari uchun “Qo‘shimcha daromad manbai”dan boshqa narsa emas. Bir qo‘shnim shu yil – imtihonlar jarayoni shaffof o‘tishi, hammasi boshqacha, adolatli bo‘lishi jar solinayotgan yilda “Ashulani yaxshi aytdingiz”, deyishlari uchun 2000 dollar beribdi. TEST uchun alohida “atagani” bor hali.
Yillar davomida ana shu qing‘irliklar tufayli bilimdon yoshlar qolib, nuqul boylarning, amaldorlarning bolalari nufuzli oliygohlarga kirib o‘qidi, mansab va lavozimlarni egallab keldi.

Nimalar bo‘layapti?

O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim vaziri “Kun.uz”ga intervyu berib, ko‘p ulug‘ so‘zlarni aytdi. “Bu yilgi imtihon shaffof o‘tishini ta’minlash borasida barcha chora-tadbirlarni ko‘rdik”, dedi. Bu yilgi qabul kvotalari qariyb 10 mingga oshganini ham aytdi. To‘g‘ri, vazir “Iks-variant, degan narsani hozir eshitib turibman”, ham dedi. Ammo shu so‘zlarining davomida “Ma’lum bir odamlar bunday foydalanib qolmoqchi bo‘ladi. Buni har yili ko‘rganmiz. Afsuski, ko‘p odamlar aldanib qolmoqda”, deya bu narsa bo‘lmasa ham, shu bilan odamlarni aldayotganlar (balki aldamayotganlar) borligini e’tirof etdi.

“Qanaqasiga hamma variant echilgan holda ko‘chada yurishi mumkin. Bunaqasi yo‘q”, dedi vazir. Qanday qilib ko‘chada yurishini men bilaman. Hamma biladi, men uch yil taksichilik qilganman. Ertaga ham qilaman. Har yili 1-avgustga o‘tar kechasi yarim oqshom “ishga” chiqaman va bir oyda topadiganimni ertalabgacha ishlab olaman. Kechasi bilan na domla tinadi, na abiturient tinadi. Nuqul “Iks-variant” tashiyman!

Sal oldin Xalqaro press-klub uchrashuvida O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari Inomjon Majidov ham “O‘zbekistonda “bunker”lar bo‘lmasligini ma’lum qilgan edi. “1 avgust, kirish imtihonlari kuni “Bunker” deb atalmish jarayonni bartaraf qilish uchun barcha choralar ko‘riladi”, deyishi bilan, har holda, “Bunker”lar bo‘lgani, borligi e’tirof etildi. “Bundan tashqari joriy yildan boshlab O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlarini o‘tkazishda shaffoflikni kuchaytirish uchun muntazam ravishda choralar ko‘riladi”, deb ta’kidladi Inomjon Majidov.

Nimalar bo‘ladi?
Domla qo‘shnim suhbatda bir nimani aytib qoldi:
− Men ishlaydigan oliygohda ertalab soat oltida TESTlar echib bo‘lingan va qayta elimlab qo‘yilgan bo‘ladi.
Unga e’tiroz bildirdim:
− Bu yil ommaviy axborot vositalari orqali aytilayotgan, televizorga chiqib, Xalqaro press-klubga chiqib aytilayotgan gaplar yolg‘onmi? Bilimi bor yoshlar yana o‘qishga kirolmaydimi?

− Judayam soddasiz-da, televizorda aytilgan gaplarga haliyam ishonib yurasiz, imtihon kuni oliygohga boring, o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rasiz, − dedi qo‘shnim.
Abiturient yoshlar! Men televizorga ishonaman, vazirlarga, vazir o‘rinbosarlariga ishonaman, OAVga ishonaman! Siz ham ishoning!
Ammo xalqimiz qadimdan amal qilib kelgan bir naqlni unutmang: “O‘zing uchun o‘l, etim!” Imtihon chog‘ida hushyor bo‘ling! Bu yil telefon olib kirgan, “shpargalka” olib kirgan abiturientlar shu zahoti auditoriyadan chiqarib yuborilishi, tashqariga chiqib kelgan abiturient ham imtihondan chetlashtirilishi aytildi. Ana shunga ishoning!

Bilib qo‘ying, boyning bolasi, to‘raning bolasi chetlashtirlmasligi mumkin, ammo siz bir zumda chetlashtirilasiz!
Vazirlar bir emas, o‘n marta “Press-klub”ga chiqib, va’da bergani bilan “shpargalka”lar ham ishlaydi, telefonlar ham ishlaydi, “bunker”lar ham ishlaydi, “Rektor guruhi” ham ishlaydi, balo ham, battar ham ishlaydi. Ertaga ko‘rasiz, otangiz tengi kishilar 18 yoshli abiturient bo‘lib yoningizda o‘tiradi ham.

Chunki domlaning ham bolasi-chaqasi bor, rektorning ham, tengdoshingiz o‘rniga kirgan “soqoli oqargan abiturient”ning ham, “Bunker”da o‘tirgan muallimning ham, nazoratchi muallima opaning ham, huquq-tartibot xodimining ham bola-chaqasi bor. Ular ham 1-avgustni sizdan kam intiq bo‘lib kutayotgani yo‘q. Ular ham sizdan kam tayorlanayotgani yo‘q, bu kunga. Ularning ham bor umidi shu 1-avgustdan. Faqat oylik maosh bilan ularning kuni o‘tmaydi! Ular ham “Yo shu bugun, yo hech qachon!” deb o‘tiribdi.

Nima qilmoq kerak?
Bitta yo‘l qolgan: o‘zingiz uchun o‘zingiz kurashishing! O‘zingizni o‘zingiz himoya qiling! O‘z huquqingizni o‘zingiz himoya qiling! Oringizni, nomusingizni, sharafingizni o‘zingiz himoya qiling!
Har yilgidek, “Menga nima?” demang! “Eplabdi, qandini ursin!” demang!
Bir g‘irrom, bir nomard aynan sizning qandingizni urib, sizning ustingizdan kulib ketayotganini unutmang!
Bong uring! Dod soling! Ovozingiz boricha baqiring!
− Manovi “shpargalka” ishlatayapti! – deng!
− Manovi telefon ishlatayapti! – deng!
− Manovining TESTini domla ishlab berayapti! – deng!
− Manovi odam abiturient emas, u otamdan katta odam! – deng!
− Manovining TESTi allaqachon echib qo‘yilgan ekan! – deng!
− Baqirma! – deydi domlalar.
− “Kozyol”lik qilma!” – deydi nazoratchilar.
Ammo Siz baqiring! Mayli, siz “Kozyol” bo‘ling! “Kozyol”lik qilib, bir tulki Sizning o‘rningizga, unutmang, aynan Sizning o‘rningizga o‘qishga kirib ketishiga yo‘l qo‘ymang!
Derazadan boshingizni chiqarib baqiring, derazaning ostida esa men bo‘laman!

To‘ra Murod

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Abiturientlarga murojaat: “Kozyol” bo‘l, bolam: bugun yoki hech qachon!