“Mustaqillik (arab. – tobe va qaram bo‘lmagan holat, ixtiyori o‘zidalik). Mustaqillik barcha jabhalardagi har qanday kamsitish, tobelikni inkor etadi, o‘zaro hurmat, bir-birini qadrlash, milliy va umumbashariy qadriyatlarga tayanib ish ko‘rish, keng dunyoqarash va erkin tafakkur asosida yashash, fikrlash, o‘z hayotini emin-erkin o‘zi tashkil etish imkoniyati va amaliyotini bildiradi.”
ENSIKLOPEDIYadan.
Bu kunni har bir millat o‘zgacha nishonlashga intiladi. Istanbulda butun shahar davlat bayrog‘iga burkanadi, Hindistonda har bir fuqaroga shaxsan Prezident nomidan SMS tabriknoma yuboriladi, Indoneziyada o‘sha kuni milliy o‘yinlar festivali o‘tkaziladi, Birlashgan Arab Amirligida mamlakat fuqarolari o‘rtasida millat ruhini ifoda etadigan rasmlar tanlovi tashkil etiladi, Yunonistonda barcha ko‘ngilochar maskanlar, savdo markazlari yopilib, aksincha tarixdan so‘zlovchi muzeylar ochiladi, kirish barcha uchun bepul qilinadi va hokazo…
Bolaligimda bu so‘zning ma’nosini tushunmasdim, mag‘ziga yetmasdim. Shunday bo‘lsada, 1-sentyabr kelishini orziqib kutardim. Oh, ajoyib bayram bo‘lardi-da shaharchamizda. Kattayu-kichik bisotidagi eng yangi, chiroyli kiyimini kiyib sayilga chiqar, kimdir bolalariga qiyma kabob olib beryapti, kichkintoylarning qo‘lida esa qizil-sariq xo‘rozqand… Juda fayzli, quvnoq, noz-ne’matga boy manzaradan rohatlanardim, yayrardim. Mana shunday o‘tardi bayram, mana shunday entikish bilan eslayman, xotirlayman Uni!
Maktabga bordim. Darslarimiz mustaqillik bilan boshlanib, mustaqillik bilan tugardi. O‘qituvchilarimiz, “mustaqillik – naqadar totli so‘z” ekanligini tushuntirishga urinishardi. Kitob varaqlab, undagi — “Mustaqillik erkin va baxtli yashash huquqi, inson huquq va erkinliklari, uning qonuniy manfaatlarini ta’minlashning bosh omilidir…” degan so‘zlarni o‘qib berishardi, yozdirishardi…
Ammo keyinroq mustaqillik to‘g‘risidagi fikrlarim to‘zg‘ib ketdi. Chunki kechagina “Mustaqillik — bu, eng avvalo, huquq demakdir”, “Inson manfaati — har narsadan ulug‘”, “Inson, uning huquq va erkinliklari hamda manfaatlari — eng oliy qadriyat” degan balandparvoz jumlalar bilan dars o‘tgan ustozlarim, ertasiga “bir yumalab” egat oralaydigan mardikorga aylanardi. Ko‘z o‘ngimda o‘qituvchilarimning huquqlari poymol etilardi. Mustaqilligi oyoqosti qilinardi. Albatta, mustaqil davlatda bepul ta’lim olish huquqiga ega biz o‘quvchilarning ham…
Shundan bo‘lsa kerak, yosh qalbim bilan darsliklar, kitoblar, gazetalardagi mustaqillik bilan hayotdagi, o‘zim guvoh bo‘layotgan “mustaqillik” o‘rtasida yer bilan osmoncha farq borligini sezib turardim.
Ulg‘aydim. Universitetga kirdim. Ayni shu davrda “mustaqillik” degan so‘zdan bezib qoldim. To‘g‘rirog‘i, bezdirishdi. Qanday qilib deysizmi? Masalan, siz mehmonni non bilan siylamoqchisiz. O‘z-o‘zidan avval ushatib, keyin uzatasiz, to‘g‘rimi? Nonni butunicha, majburlab og‘ziga tiqmaysiz-ku! Ammo, bizda ikkinchi yo‘lni ma’qul ko‘rishdi, masalan ommaviy axborot vositalari kimningdir eshagi egiz tug‘ib qo‘ysa ham buni — “Mustaqillik sharofati, Istiqlol bergan ne’mat”ga yo‘ya boshladi, uyalmadi! Natijada odamlar nondek aziz ne’mat — “Mustaqillik”, “Istiqlol” degan so‘zlardan zada bo‘ldi.
(Umuman, bizning matbuot so‘nggi 20 yillikda shablonga aylanib qoldi. Nazarimda, bugungi matbuotning lug‘atidan ayrim so‘zlarni butunlay olib tashlash lozim. Nega hanuz har uchinchi jumlamiz “mustaqillik yo istiqlol” deb boshlanadi? Axir chorak asrdan oshdi mustaqil bo‘lganimizga! Endi yetar! O‘zini mustaqil yashashga haqliman degan odam, “men mustaqilman” demaydi).
Xullas, o‘qishni bitirdim. Orzularim katta edi. Toshkentda qolib ishlashni, Vatanga, xalqqa nafi tegadigan jurnalist bo‘lishni maqsad qilgan edim. Taqdir ekan, nasib etmadi. “Propiskang qani?” deb holi-jonimga qo‘yishmadi, har qadamda meni jinoyatchidek turtkilashlari, o‘z Vatanimda, o‘z tuprog‘imda emin-erkin yurganim uchun jarima solishlari og‘ir botdi. Xo‘rligim keldi. Qani endi gazetayu televideniyeda aytilgan balandparvoz gaplarning isboti? Nega endi menga “hur Vatanimda erkin yashash” imkonini berishmaydi?
Yo‘q, yuqoridagi mulohazalar — mustaqillikni yomon ko‘rganimdan emas. Aksincha, hozir ham sovet davrini qo‘msaydigan manqurtlarni jinim suymaydi. Hozir ham xalqaro maydonlarda, ilm-fan, sport, san’at kechalarida mustaqil O‘zbekiston sharafini munosib qilayotgan yoshlar, iste’dodli farzandlarimizning yutuqlaridan yig‘lagudek quvonaman. Ich-ichimdan g‘ururlanaman.
Faqat bir narsani, men yoki men bo‘lmasam farzandlarim — “Mustaqillik erkin va baxtli yashash huquqi, inson huquq va erkinliklari, uning qonuniy manfaatlarini ta’minlashning bosh omilidir” degan tamoyil Mustaqil Vatanimizda haqiqatda qoidaga aylangan, ulug‘langan jamiyatda yashashimizni istayman, xolos.
Barchangizga Mustaqillikning 26 yilligi muborak bo‘lsin, aziz yurtdoshlar!
Manba: Fayzbog.uz “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”