Qizi bor uyning fayzu farishtasi bo‘ladi. Bundan faxrlanamiz. Negaki, oilamizda navniholdek malikalar kamolga yetmoqda. Kelajagimiz davomchisi qizlarimizni oq yuvib, oq taraymiz, hech kimdan kam qilmay tarbiyalaymiz, ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylaymiz. Goho mehr-muhabbatimizni oshkora namoyon etmasak-da, uning baxtu iqboli yo‘lida hamma narsaga tayyor turamiz.
Har bir ota-onaning, boboyu buvining dilidagi istak shu. Bunga qo‘shilmaslikning aslo iloji yo‘q. Zero, oqila, lobar, zukko qizlarimiz, gulu gunafshalarimiz hayotimiz davomchilaridir. Ana shunday ezgu tilak bilan ularni turmushga uzatamiz, o‘zga xonadonda tinib-tinchib, o‘zidan ko‘payishini tinmay niyat qilamiz. Ammo shu o‘rinda achchiq bir hayotiy haqiqatni aytmasak bo‘lmas. Gap shundaki, qizlarimizga bo‘lgan munosabat kuyov tomonga qilingan sarpo-suruqlaru mebellarga qarab shakllanayotgani, ko‘pincha faqat shunga oila poydevori, tamal toshi sifatida qaralayotgani sizni tashvishlantirmaydimi? Endi ayting-chi, qiz tomonning mebel qilishi qaysi urf-odatimizga to‘g‘ri keladi? Nega jondan aziz dilbandimizni turmushga bergach ham “oldi-oldi”lardan qutulolmaymiz?
— Biz joylarda aholi bilan ochiq muloqotlar o‘tkazganimizda, mana shunday salbiy holatlarga ko‘p bor guvoh bo‘lamiz, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Odinaxon Jamoliddinova. — Ana shunday vaziyatlarda o‘ylanib qolasan, kishi. Yurtboshimiz tomonidan har bir insonning baxtli yashashi uchun barcha shart-sharoit yaratilayotgan paytda odamlarimiz farzandlarini o‘qitish, uyli-joyli qilish o‘rniga, to‘y va boshqa marosimlarni o‘tkazishda ortiqcha sarf-xarajatlarga yo‘l qo‘yayotgani achinarlidir, albatta. To‘g‘ri, kimningdir dabdabaga qurbi yetar, kimniki esa yo‘q... Yaqinda Farg‘ona viloyatining Qo‘shtepa tumanidagi bir xonadonda bo‘lganimizda, oilaning moddiy ahvoli ancha og‘irligiga guvoh bo‘ldik. Ayolning turmush o‘rtog‘i olamdan o‘tgan, bir o‘g‘li bilan yashaydi. Opa bilan anchagina suhbatlashdik, dardiga quloq tutdik. Aytishicha, turmush o‘rtog‘ining vafotidan so‘ng mahalla ko‘magi bilan ularga qoramol berilgan. O‘tgan yili qizining to‘yini o‘tkazish uchun bor mol-hollarini sotib, yetmaganiga qarindoshlaridan qarz oladi. Qarzdan esa haligacha qutulgani yo‘q. Sochlariga oq oralagan bu mushtipar onaning aybi qiz o‘stirganimi? Bu kabi misollarni ko‘plab keltirish mumkin.
— Binobarin, bugun yurtimizda xotin-qizlarga ko‘rsatilayotgan e’tiboru g‘amxo‘rlik yangi bosqichga ko‘tarildi, — deydi deputat o‘z so‘zida davom etarkan. — Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Oila va ayollar komissiyasi tashkil qilingani oila hamda ayollar manfaatlari qonuniy himoyalanishini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Ayni paytda komissiya o‘z oldiga qo‘ygan vazifalar bilan bir qatorda, to‘y-marosimlarni kamchiqim o‘tkazish, bunga aholi, shu jumladan, yoshlarni jalb etishga alohida ahamiyat qaratmoqda.
Yaqinda tahririyatimizga O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yurist Ubaydullo Mingboyevdan maktub keldi. Unda shunday deyiladi: “So‘nggi paytlarda qiz uzatayotganlar kuyov tomonidan qo‘yilayotgan qat’iy talablar bilan hisoblashishga majbur bo‘lmoqdalar. Kelinning sepida keladigan mebellar o‘zimiznikimas, chet elniki, kuyov atalmishning bosh-oyoq sarposi xorijniki bo‘lishi shart, aks holda... Hatto, hali tuzukroq tanishib ulgurmagan “quda” bo‘lmishning “pastkash”ligiyu “qurumsoq”ligi yetti mahallaga doston bo‘ladi, qo‘yadi. Axir er tomonning or-nomusi kuchliroq bo‘lishi kerak emasmi? Kelin tomondan sandiqsifat qutilarda kelgan, yilning to‘rt fasliga mos kiyimlaru mebellar ustiga o‘tirvolib, “Men shu uyning erkagiman” deyishdan qachon uyalamiz?!”
Darhaqiqat, bu kabi achchiq, ammo ochiq gaplar har birimizni chuqur mushohadaga chorlaydi. Ko‘plab odamlarni qiynab kelayotgan mazkur ijtimoiy muammoni uzil-kesil hal qilish vaqti keldiki, bunda keng jamoatchilik, ayniqsa, ayollar faol ishtirok etishi maqsadga muvofiq.
Bugun ko‘plab oilalarda kamol topayotgan qizlarning ertangi kuni, yorug‘ istiqboli haqida davlatimiz qayg‘urayotgan bir paytda nega biz chekkada jimmiz?! Nega millatimiz taraqqiyotiga tushov bo‘layotgan illatlar ortidan ergashayapmiz?! Albatta, bunga javob topish uchun har birimizda yetarlicha fursat bor.
Ziyoda ASHUROVA
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Kim Chen In harbiylarni jangovar holatda turishga chaqirdi
Xatolar va mag‘lubiyatlar... ular kechiriladimi?
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»