Italiyada tarixda ilk bor dunyodagi eng katta samolyot qurish ishlari boshlandi. Euro Puls portali tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, bu samolyot maxsus ravishda shamol energetikasi sohasi uchun yaratilmoqda va u Radia WindRunner deb nomlanadi.
Loyihaning asosiy maqsadi — yangi avlod shamol turbinalari uchun ishlab chiqarilayotgan ulkan parraklarni tashish. Ma’lumotlarga ko‘ra, bu parraklarning uzunligi 104 metrga yetadi. Bu esa odatiy shamol generatorlari uchun ishlatiladigan parraklardan qariyb 30 metrga uzunroq hisoblanadi.
Mutahassislar aytishicha, yangi turbinalar shamol energiyasini ancha samarali qo‘llaydi. Ular quyosh elektr stansiyalari yoki atom energiyasiga qaraganda kamroq xarajat talab qilib, ko‘proq elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi. Ammo asosiy muammo — bunday katta parraklarni manzilga yetkazishda yuzaga keldi.
Parraklar konstruksiya jihatidan yig‘ilib-terilishi mumkin emas. Yuk mashinalari esa yo‘l burilishlari yoki tor tunnellar sababli bu ulkan konstruksiyalarni tashib bera olmaydi. Samolyot va vertolyotlar ham bu darajada yirik o‘lchamli yukka mos kelmaydi. Dirijabllar esa o‘z navbatida juda yengilligi uchun og‘ir yuklarni ko‘tara olmaydi.
Shu bois, hozirgi vaqtda topilgan yagona amaliy yechim — mutlaqo yangi ulkan samolyot qurishdir. Uning parametrlari haqiqatan ham taassurot uyg‘otadi: balandligi olti qavatli uyga teng (24 metr), uzunligi esa 108 metrni tashkil etadi. Qanotlarining umumiy uzunligi esa 80 metrga yetishi rejalashtirilgan.
Mutahassislar bu loyiha nafaqat shamol energetikasidagi transport muammosiga yechim bo‘lishini, balki aviatsiya tarixida yangi davrni boshlab berishi mumkinligini ta’kidlashmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!