date

Zafarjon Asadov Tbilisida chorak finalga yo‘llanma oldi

Zafarjon Asadov Tbilisida chorak finalga yo‘llanma oldi

Kecha Gruziya poytaxti Tbilisi shahrida havaskor MMA (IMMAF) bo‘yicha U-20 hamda kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatiga start berildi. Mazkur nufuzli musobaqada dunyoning turli davlatlaridan kelgan yigit-qizlar g‘oliblik uchun kurash olib borishmoqda.

Ayni kunlarda chempionatning ikkinchi bosqich bahslari qizg‘in tus olmoqda. Quvonarlisi, O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan sportchilarimiz ham bu nufuzli jang maydonida o‘z imkoniyatlarini namoyish etmoqdalar.

Hozirgina yurtimiz uchun yoqimli xabar keldi. 65,8 kg vazn toifasida bellashuv olib borgan Zafarjon Asadov o‘zining ikkinchi jangini o‘tkazdi va unda kutilganidek chiroyli g‘alaba qozondi.

Belgiya vakili Luka Silvaniga qarshi kechgan bahs keskin va murosasiz tarzda kechdi. Birinchi daqiqalardanoq Asadovning ustunligi ko‘zga tashlandi. U raqibini bosim ostida ushlab, o‘z uslubini singdira oldi va yakunda munosib g‘alabaga erishdi.

Bu natija orqali Zafarjon Asadov chempionatning ilk chorak finalchisiga aylandi. Endi u musobaqaning keyingi bosqichida yanada kuchli raqiblarga qarshi oktagonga chiqadi.

Maxsus ta’kidlash lozimki, bu kabi yirik musobaqalarda har bir g‘alaba nafaqat sportchi, balki butun mamlakat uchun katta sharafdir. Asadovning g‘alabasi yurtimiz MMA maktabi rivojlanayotganining yorqin dalili sifatida ko‘rilmoqda.

Muxlislar endilikda Zafarjonning navbatdagi jangini katta qiziqish bilan kutmoqdalar. Chunki har bir bosqichda g‘alaba qozonish uni medalga olib borishi mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Zafarjon Asadov Tbilisida chorak finalga yo‘llanma oldi