Odamlar hech tinch yurmaydi-da! 2-3 kun avval bir maqolaga ko‘zim tushdi. Sarlavhasi quyidagicha edi: “Demadi demanglar: Hijob bilan diskotekaga kiritishmadi, degan xabarlar paydo bo‘ladi yaqinda!”.
Maqolani o‘qib unga nisbatan menda juda ko‘p e’tirozlar paydo bo‘ldi, lekin vaqtimni qizg‘anib bu haqida hech nima qoralamayman deb ahd qildim. Ammo bugun maqola chiqqan saytning rahbari aynan ana shu maqoladan ilhomlanib yozgan “Soqol, hijob... Keyin-chi?!” nomli maqolasini o‘qib qoldim.
To‘g‘risini aytsam, sarlavhadagi savolni omi odamlardan ko‘p eshitganman. Gapi olinmaydigan odamlarning gaplariga ham e’tibor bermaslikni o‘rganganimdan beri uncha-muncha maqolaga munosabat bildirmaydigan bo‘lganman. Biroq ish shunchalikka yetdiki, endi nafaqat bu kabi maqola mualliflari, balki oxirgi paytda ancha jonlanib, xalqni qo‘rqitishni odat qilib olayotgan odamlarga ham “tanganing ikkinchi tomoni”ni ma’lum qilib qo‘yishni o‘zimning musulmon fuqaro sifatidagi burchim deb hisoblayman.
Bu kabi maqolalarni o‘qir ekansiz, odamlardagi huquqiy saviyaning qay ahvolga tushib qolganidan qayg‘uga botasiz. Aslida muammomiz ham shunda, menimcha. Jurnalistdan tortib olimgacha saviyamiz abgor. Huquqiy savodxonlik yetishmaydi, hissiyotga berilib har narsani yozaveramiz. Ba’zida hadlarni unutib, birovlarning huquqiga tajovuz qilamiz.
Ta’kidlash joiz, fikrlardagi bunday xilma-xilliklar bo‘lgani yaxshi. E’tibor bersangiz, yangi zamonlar kelib, jurnalistika o‘z ishini qilishni boshlaganda odamlar endi ko‘chadagi do‘q-po‘pisalar bilan emas, balki ochiq minbarda so‘zlar yordamida kurashyapti. Fuqarolar haqqini talab qilyapti, qonunbuzarlar jazosini olyapti, qonun esa o‘z funksiyalaridan kelib chiqqan holda nazorat vazifasini o‘tayapti. Xuddi musulmon odam o‘zini isloh qilishi uchun oxirat azobini eslab turish unga foyda berganidek, fuqaro uchun ham qonunning mavjudligi va qonunbuzarlik uchun jazoning muqarrarligi – jamiyatdagi tinchlik garovidir.
Lekin negadir fuqarolardan bo‘layotgan murojaatlarga “bu xalqning fikri emas, bu ikki-uchta dindorning muammosi, buni hamma shuni xohlaydi, deb talqin qilmaslik kerak”, deb e’tiroz bildirish oxirgi paytda ko‘payib qoldi. O‘zini kamsitilgan hisoblab OAVga murojaat qilgan fuqarolar bu jumlalarni o‘qisa, “men xalq bo‘lmay, kimman?” degan savolni bersa ajabmas. Shu o‘rinda beixtiyor “Tanka” filmini eslayman. Otaxon universitetda o‘qiydigan qiziga “tanka” izlab bir mashhur odam bilan hech ko‘risha olmagach, qabulxonadagi kotibasiga “u insonga sizni tashqarida xalqingiz kutyapti deb ayting" deganda kotiba otaxonning orqasiga qarab, “qani xalq?” deydi. Otaxona esa “men-da” deb javob beradi. Otaxon aytgan gapning “mohiyatini tushunib yetish uchun olim yo faylasuf bo‘lish shart emas”, menimcha.
Shuningdek, “bunday voqealarning alanga olayotgani” ham kimlarningdir g‘ashiga tegaveradi. “Tavba” deysiz-da... Maktabda jamiyatshunoslik fanini yaxshi o‘qiganlar biladi, jamiyat degan terminning ta’rifini eslasangiz, “muayyan maqsadlar ostida birlashgan odamlar guruhi” degan jumlalarga ko‘zingiz tushadi. Ya’ni odamlar ma’lum maqsad ostida birlashibgina jamiyatni hosil qiladi. Xuddi shuning uchun ham ijtimoiy tarmoqda alanga olayotgan voqealar jamiyatning ko‘pchiligini befarq qoldirmayotgan mavzular ekani anglashiladi. Ishonmasangiz, Feysbuk sahifangizga bir ko‘z yugurtiring, ijtimoiy tarmoqdagi do‘stlaringiz uchun muhimlik darajasi yuqoriroq mavzular ostida ko‘proq muhokamalarning guvohi bo‘lasiz, oddiyroq mavzularingizga esa 5-10 tadan ortiq odam e’tibor ham bermaydi. O‘z-o‘zidan ma’lum bo‘ladiki, qonunbuzarliklar sabab sodir bo‘lgan va jamiyat orasida keng muhokama qilinayotgan mavzular bu aynan jamiyat himoya qiladigan qadriyatlar sanaladi.
Endi savollar paydo bo‘ladi:
– Alanga olayotgan hijob va soqol mavzusi xalqning ko‘pchilik qismi ham hijob kiyib, soqol qo‘yib yurishni xohlashini bildiradimi?
– Fuqarolarning haq-huquqlarini talab qilishini biz “fuqarolik burchlarini suiste’mol qilish” deb talqin qila olamizmi?
– Bunday muhokamalarni ro‘kach qilib, o‘zbek jamiyatini “arab bahori” bilan qo‘rqitish to‘g‘rimi?
– Va endi eng asosiy savol – hozirgi bo‘layotgan bahs-munozalar jamiyat uchun chindan ham xavflimi?
Hammasi uchun javob bitta – Yo‘q! Buni har qanday xolis (!) siyosatshunos yoxud jamiyatshunos olim tasdiqlaydi. Bunday mavzularning alanga olishi xalqning ko‘pchiligi “soqol va hijob” himoyachisi ekanini bildirmaydi, chunki kezi kelganda himoyachilar orasida dindan juda uzoq odamlarni ham uchratish mumkin. Ular soqol va hijobni himoya qilmayotgan bo‘lsa, ular himoya qilayotgan qadriyatlar nimalardan iborat?
Ko‘pmillatli, ko‘p dinli xalqlarda jamiyat himoya qiladigan qadriyatlar yig‘indisi odatda ana shu mamlakat qonunlarda o‘z ifodasini topadi. Hech birimizga sir emas, “O‘zbekiston Respublikasi Qonunlarida hech qanday cheklovlar qo‘yilmagan. Diniy e’tiqod erkinligi esa Konstitutsiya bilan mustahkamlangan huquqlardan biridir”. Endi internetdagi murojaatlarga daqiq nazar bilan qaralsa, hijob yoki soqol mavzusida chiqqan har qanday maqolada dindor odam qonunda belgilangan huquqini talab qiladi! Hamma qonun doirasida munosabat ko‘rishni xohlaydi. U fuqarolarga hamfikr bo‘layotganlar o‘zi ham soqol qo‘ymoqchiligi yoki hijob o‘ragisi kelgani uchun emas, balki qonun buzilishiga toqat qilmagani uchun bunday mavzularga aralashadi va fikr bildiradi. Chunki ertaga u holat o‘zining boshiga tushmasligiga hech kim kafolat bermaydi. Buni jamoatchilik nazorati ham deyiladi. Eng qizig‘i, hozir davlatning o‘zi ham jamoatchilik nazoratidan manfaatdor ekanini yashirmayapti va bunga sharoit yaratib beryapti.
Turli sohalardagi kabi diniy sohada ham ayrim muammolarning mavjudligi esa ma’lum kamchiliklar sabab qonun ustuvorligi to‘la ta’minlanmaganini bildiradi. Bu gaplarga dalil uchun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning har qanday nutqini tinglash kifoya. Nafaqat Prezidentning, balki o‘nlab yoxud yuzlab rahbarlarning Yurtboshimizga qarab “biz qanday ishlashni bilmagan ekanmiz, bizning ko‘zimingizni ochdingiz” degan so‘zlari ham o‘z tillari bilan bergan guvohliklari bo‘ladi.
Xalq esa o‘z haq-huquqlarini erkin talab qilish orqali “muammosini siyosiylashtirmaydi”, aksincha, Prezident siyosatiga yordam beradi. Masalan, isitma kasalni oshkor qilmasa, yoxud biror joydagi og‘riq miyaga signal bermasa, bemor kasallikni o‘tkazib yuborishi va o‘z vaqtida qilinmagan muolaja insonni nobud qilishi mumkin. Jamiyat ham shunday mexanizm, uning qayeri og‘riyotgani haqida hukumat fol ocha olmaydi, yana ham soddaroq aytganda “chaqaloq yig‘lamasa, ona ko‘krak tutmaydi”. Eslatishim shartmaski, aynan shu maqsad uchun ham 2017 yil “Xalq bilan muloqot yili” deb e’lon qilingan va Prezident "quyidagi rahbarlarga emas, menga ayt dardingni, men kim qanday ishlayotganini bilishim kerak” degan mazmunda o‘z virtual qabulxonasiga asos solgan edi. Aynan qabulxonaga kelgan arizalar statistikasi asosida qonun ustuvorligini ta’minlamagan, o‘z vakolatlariga sidqidildan yondashmagan qator rahbarlarga choralar ko‘rilayotgani sir emas.
O‘z navbatida har qanday jamiyatda bo‘lgani kabi hozir vatanimizda ham ommaviy axborot vositalari huquqlari toptalgan fuqarolar uchun minbar vazifasini o‘tayapti va rad etmaysizki, o‘nlab yoki yuzlab fuqarolarning muammolari shu orqali o‘z yechimini topyapti. Ya’ni olib borilayotgan siyosat qisman bo‘lsa ham o‘z samarasini beryapti. Chunki oddiy fuqaro uchun avvalo uning birlamchi haq-huquqlari turadi. Hozirgi siyosat esa aynan shu yo‘sinda “avvalo fuqarolarning birlamchi huquqlari tiklanishi kerak, xalq rozi bo‘lishi kerak” qabilida olib borilyapti!
Endi esa fuqarolar yangi siyosat shabadasidan bahramand bo‘lib, o‘z huquqlarini, qaytaraman, o‘z huquqlarini talab qilganda “daryolarida asal oqib, har kuni holva yeyayotgan” ba’zi odamlar bunday murojaatlarni “fuqarolik burchlarini suiste’mol qilish” deya talqin qilishi, “endi tiling chiqib qoldimi, yurganding-ku panalarda pisib” qabilida istehzolar yog‘dirishi bu fuqaro huquqiga nisbatan tajovuzdir! “Qorni to‘qning qorni och bilan ishi yo‘q” deb xuddi shuni aytishadi.
U ham yetmaganidek, biz dunyoviy davlat ekanimizni, qonun ustuvorligini iddao qilganlarning o‘zi huquqini talab qilgan odamning dahlsizligiga tajovuz qilib “chet eldan boshqarilgan qora kuch”ga mengzaydi va kamiga xalqni “arab bahori” bilan qo‘rqitadi. Bunday gaplarda g‘araz yoki shaxsiy manfaat borligini tushunish qiyin emas. Tushunish oson bo‘lishi uchun oxirgi 2 yilda ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilingan yuzlab mavzularni ko‘z oldingizdan o‘tkazing. Erinmang, hammasini eslab chiqing. E’tibor bering-a, butun tarmoqlarni larzaga solgan yuzlab ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va maishiy mavzular qolib aynan shu ikki-uch joyda muhokamasi qaynagan “soqol va hijob” mavzusi O‘zbekistonga “arab bahori” yoki Ukrainadagi kabi fuqarolar urushini olib kelarmish!
Bu bilan men ijtimoiy ongni shakllantirishda faollik ko‘rsatadigan, odamlarda norozilik kayfiyatini uyg‘otadigan har xil toifalar borligi haqidagi faktni inkor etmoqchi emasman. Ammo hozirgi bo‘layotgan islohotlar fonida mayda muammolar kattalashmasligi va qandaydir kuchlar bundan foydalanmasligi uchun biz nima qilishimiz kerak?
Yechim oddiy – boshqalar yo‘l qo‘ygan xatolar takrorlanmasligi kerak, ulardan to‘g‘ri o‘rnak olinishi va zudlik bilan tegishli choralar ko‘rilishi kerak. Menimcha esa Prezident boshliq yangi hukumat buni allaqachon tushunib ulgurgan. Buni olib borilayotgan siyosat yaqqol ko‘rsatib turibdi. (Hozirgi tutumimizning naqadar mukammalligi va uni qanday qilib yanada takomillashtirish mumkinligi alohida mavzu va bu iqtidor ichida qilinadigan bahs, bu yer uning o‘rni emas.)
Ammo men bu yo‘lda qo‘yilgan ilk qadam – xalqni tinglash va uning birlamchi huquqlarining tiklanishi yo‘lidagi harakatlarga yuqori baho beraman va bu borada Prezidentimiz bilan yelkadoshman. Xalqning turmushi yaxshilansa, haq-huquqlarga amal qilishda qonun ustuvorligi ta’minlansa, rahbarlar o‘z vakolatlarini suiste’mol qilmasdan sidqidildan mehnat qilsa, xalqdagi norozilik kayfiyati o‘z-o‘zidan yo‘qoladi yoki keskin kamayadi. Buni Yurtboshi ham juda yaxshi anglab turibdi. Shunday ekan, biz xalqni “olabo‘ji”lardan qo‘rqitish bilan emas, aksincha davlat kerakli “malhamni” issig‘ida qo‘yishi uchun jamiyatdagi og‘riqli nuqtalarni aniqlashda yordam ko‘rsatishimiz kerak.
Eski zamonlar tugab, hamma bir-biridan xavfsiraydigan emas, balki ochiq munozaraga kirishib muloqot qiladigan davrlar keldi. U qanday toifa vakili bo‘lishidan qat’i nazar, odamlar muloqot qilishi kerak, bu esa biz xohlasak ham, xohlamasak ham bahs-munozaralarni taqozo etadi. Fuqaro o‘z haq-huquqi uchun kurashishi va bu yo‘lda turli toifadagi shaxslar bilan bahs-munozaralarga kirishishini oddiy hol deb qabul qilish kerak. “Jamiyatimiz hijobli, hijobsiz, soqolli, soqolsizga bo‘linib ketadi” deb ayyuhannos solmasdan, fuqaroqlik jamiyatini qurish yo‘lida birlashish kerak. Odamlar, e’tiqodlar va qarashlar orasida farqlar bo‘lishi tabiiy. Ayniqsa, postsovet o‘lkalarida bu narsa muqarrar.
Xullas kalom, jamiyatimizda soqollik ham, hijoblik ham, kalta yubkalik ham, yirtiq ishtonlik ham, – hamma toifa odamlar bo‘lishi tabiiy. Fuqarolik jamiyatining demokratik asoslari hech kimga boshqa birovning qonunda belgilangan erkinliklarini cheklash huquqini bermaydi. Tavsiya berish, nasihat qilish mumkin, ammo dahl qilish mutlaqo mumkin emas! Kimning fikri kimga yoqmasa, unday insonlar ham o‘z fikrini bayon etishga haqli, albatta. Faqat bularning barchasi qonun doirasida bo‘lishi zarur. Rivojlanishning o‘zbek modelidagi besh tamoyildan biri ham aynan “Qonun ustuvorligi”dir. Rivojlangan jamiyatlarning barchasi xuddi shu yo‘lni bosib o‘tgan. Eng muhimi, aqli raso odamlar xalqni “Ertaga ochiq munozaralar ham boshlanadi bu ketishda, uyog‘ini tasavvur qilavering” deb qo‘rqitishdan tiyilishlari kerak. Bu - muammolarga yechim emas!
Xalqni soqol va hijob mavzusi bilan qo‘rqitayotgan odamlarga berayotgan bu munosabatim ham aslida bu mavzu keng muhokama qilinishi kerakligini anglatmaydi. Chunki biz aslida muhokama qilishimiz kerak bo‘lgan mavzular ancha yuqori saviyada bo‘lishi kerak. Lekin nailoj... “Hozir soqol qo‘ysa, hijob o‘rasa, keyinchi, keyin xalifalik talab qiladimi..?” degan o‘taketgan saviyasiz savollar atrofida o‘ralashib yuraversak, biz hali beri u saviyaga chiqa olishimizga aqlim yetmaydi!
Javohir IZZATULLOH
Manba: Azon.uz “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
Shimoliy Koreya Rossiyaga uzoqqa zarba beruvchi qurollar yubordi
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Eron AQSHdan 1 trln dollar kompensatsiya talab qildi
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi