18:25 / 05.10.2018
4 742

Surxondaryo viloyati hokimi: “Kechagi byurokrat rahbar bugungi sharoitda ishlay olmaydi”

Surxondaryo viloyati hokimi: “Kechagi byurokrat rahbar bugungi sharoitda ishlay olmaydi”
Mamlakatimiz miqyosida kechayotgan jadal islohotlar samarasi qaysi viloyatda qanday boʻy koʻrsatishi mahalliy aholiga, ayniqsa, hududiy boshqaruv rahbarlariga bogʻliqligi kundek ravshan. Hazrat Navoiy aytganidek, quyosh hamma yerga barobar nur sochsa-da, dashtda tikan, bogʻda esa gul bitadi. Albatta, bu oʻrinda oftob nuridan tashqari ham muhim omillar koʻp. Bir zamonlar respublikamizning janubiy viloyati – Surxondaryoga islohotlar hadeganda yetib boravermaydigan olis hudud sifatida qarab kelingani hech kimga sir emas. Biroq keyingi yillarda bu elda yuz ochgan yangilanish-u oʻzgarish­lar butun mamlakatimiz afkor ommasining nigohini bot-bot janubiy vohaga tortayotgani ham bor gap. “XXI asr” gazetasi muxbiri vohada aholi manfaatlarini taʼminlash, qulay tadbirkorlik muhitini yaratish, bunyodkorlik va yaratuvchanlik, bir soʻz bilan aytganda, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar jarayoni jilovini qoʻlga olgan viloyat hokimi Bahodir Poʻlatovga bir necha savol bilan murojaat qildi.

– Bahodir aka, viloyat hokimi etib tayinlanganingizga hali koʻp boʻlmadi. Shu bois suhbatimizni Surxondaryoga kelib chiqargan dastlabki xulosalaringiz, ilk taassurotlaringiz bilan boshlasak.

– Surxondaryo yurtimizning boshqa hududlarida uchramaydigan bir qator oʻziga xosliklarga ega. Eng muhimidan boshlay, viloyat ahli mard va tanti. Gapini ochiq, istiholasiz ayta oladi. Qadrlaganni qadrlaydigan el. Samimiyatni yaxshi koʻradi. Vohada bir necha millat va elat vakillari ahil-inoqlikda, yaqin qardoshlik, quda-andachilik rishtalari bilan bogʻlanib ketgan holda istiqomat qiladi. Uch tomoni osmonoʻpar togʻlar bilan oʻralgan, bir tomoni Amudaryo orqali Afgʻoniston bilan chegaradosh vohamiz tabiati har qanday odamni hayratga solishi shubhasiz. Shu bois ekoturizm va ziyorat turizmini rivojlantirish istiqbollari yuqori. Bu zaminda qishloq xoʻjaligi ekinlaridan yil davomida ochiq usulda, uch martagacha hosil olish imkoniyati mavjud. Har yili ikki million tonnadan ortiq meva-sabzavot va poliz mahsulotlari yetishtiriladi.

Keyingi ikki yilda viloyatda katta ishlar amalga oshirilyapti. Xorijiy investorlar va mahalliy tadbirkorlar tomonidan yirik loyihalarga qoʻl urilmoqda. “Gold Agro Fresh”, “ASG Group” korxonalar uyushmasi, “Jarqoʻrgʻon meva-sabzovot eksport”, “Surxonteks”, “Amudar teks” kabi koʻplab yirik sanoat korxonalari yuqori quvvat bilan ish boshladi. Yaqinda xitoylik investorlar bilan hamkorlikda Sherobod tumanida yirik sement zavodi foydalanishga topshirildi. Yiliga 1,5 million tonna sement tayyorlash quvvatiga ega mazkur korxonada mingdan ortiq kishining bandligi taʼminlandi.

Prezidentimizning viloyatimizga tashrifi chogʻida tabiiy boyliklardan unumli foydalanish imkonini beruvchi bir necha yirik sanoat korxonalariga ham tamal toshi qoʻyilgandi. Rossiyalik ishbilarmonlar hamkorligida Boysun tumanida loyiha qiymati 5 milliard dollardan ortiq boʻlgan, yiliga 4 milliard kub metr gazni qayta ishlash, 289 ming tonna polipropilen, 211 ming tonna polietilen va 293 ming tonna oltingugurt ishlab chiqarish quvvatiga ega gaz-kimyo majmuasini qurish ishlari olib borilyapti.

– Davlatimiz rahbari bir gapni koʻp takrorlaydi: “Xalqning ichida boʻling, xalqning dardi bilan yashang”. Bugun fuqarolarning, jumladan, surxondaryoliklarning hokimiyatga boʻlgan ishonchi qay darajada deb oʻylaysiz?

– Ochiq aytish kerak, kechagi byurokrat rahbar bugungi sharoitda ishlay olmaydi. Hozir xalqimiz davlat nomidan ish koʻruvchi hokimlarning, mansabdorlarning oʻzlari qonunlarga qanchalik rioya etayotganini jiddiy kuzatadigan va shu asosda hokimiyatga va hokimga baho beradigan boʻldi. Jamoatchilik nazorati tobora kuchayib bormoqda. Xoja Samandar Termiziyning “Dastur ul-muluk” asarida keltirgan bir hikmat uch asrdan beri isbotini topib kelyapti: “Agar past, xasis, boylikka, pul, mol-dunyoga oʻch odamlarga mansab supasidan joy berish koʻpaysa, davlat tushkunlikka yuz tutadi, yaʼni oʻz quvvatini yoʻqota boshlaydi. Binobarin, aqlli odamlar aytadilarki, davlatning halokati, yemirilishi past, ochkoʻz kishilarning mansab shohsupasiga koʻtarilishidan boshlanadi”.

Xalqimizning bizga, ishimizga munosabatini bevosita uchrashuvlar, ochiq muloqotlar, sayyor qabullardan tashqari ommaviy axborot vositalari orqali ham his etib turamiz. Huquq-tartibot organlaridan chiqqan rahbar-kadrlar jurnalistlarni unchalik xushlamaydi, degan fikrga qoʻshilmayman. Bugun matbuotimiz chin maʼnoda “toʻrtinchi hokimiyat”ga aylanib borayotgani meni quvontiradi. Ish bosh­laganimdan keyin dastlabki yigʻilish­lardan birida viloyatdagi jurnalistlarni chorlab, asosli tanqidga munosabatim ijobiy ekanini bildirdim.

Surxon elining chinakam mehrini qozongan sobiq viloyat hokimi Erkinjon Turdimov bilan kechgan suhbatimizda u kishi shunday degandi: “Vohadagi katta ishlarning zamirida, avvalo, shu yerdagi fidoyi, vatanparvar, mehnatkash insonlarning zahmatli faoliyati mujassam”. Bugun viloyat va tumanlardagi bosh­qaruv tizimida, korxona va tashkilotlarda ana shunday rahbar-xodimlar jamoasi ishlayotgan ekan, xalqimiz islohotlar samarasidan qachonlardir emas, aynan bugun bahramand boʻlishi shubhasiz.

– Yaqinda Termiz shahridagi Matbuot uyining ochilish marosimida Surxondaryodan yetishib chiqqan ulugʻ insonlarning xotirasini abadiylashtirish masalasiga ham toʻxtalib oʻtgandingiz. Bu yil Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Togʻay Murod tavalludining 70 yilligi munosabati bilan respublikamiz boʻylab bir qator tadbirlar oʻtkazilmoqda. Oltinsoy tumanida ham adib nomidagi bogʻ va uy-muzey tashkil etilayotgani haqida gap-soʻz tarqalganiga ancha boʻldi. Biroq hali biror amaliy natijani koʻrmadik...

– Siz aytgan tadbirda Matbuot uyi foyesidagi devorda zarhal harflar bilan bitilgan fikr va muallifi oʻrniga buyuk mutafakkirlarimizning hikmatlaridan yozdirish maqsadga muvofiq boʻlishini taʼkidlagandim. Savolingizga shundan ham javob izlasangiz boʻladi. El birinchi navbatda oʻzining ulugʻ farzandlarini hurmatlashni bilishi kerak. Boysunda Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Shukur Xolmirzayev, Sherobodda akademik rassom Roʻzi Choriyev, Oltinsoyda esa Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Togʻay Murod uy-muzeylarini va xotira bogʻlarini barpo etishni maqsad qilganmiz. Bu toʻxtab qoladigan jarayon emas. Bunday nurli manzillar, eng avvalo, yosh avlodning maʼnaviyati yuksalishiga, el-yurtga xizmat qiladigan boʻlib ulgʻayishiga zamin yaratadi.

– Surxondaryo uch davlat bilan chegaradosh viloyat sanaladi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mintaqada mutlaqo yangi siyosiy muhit yaratilgani, qoʻshni mamlakatlar bilan munosabatlar iliqlashgani, tabiiyki, vohamiz hayotida ham aks etmoqda.

– Albatta. Xitoy Xalq Respublikasining Sichuan provinsiyasi va Chendu shahri meriyasi, Tojikiston Respublikasining Xatlon, Afgʻoniston Respublikasining Balx viloyatlari bilan Surxondaryo viloyati hokimligi oʻrtasida savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, energetika, transport, ilmiy-texnikaviy, qishloq xoʻjaligi va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik munosabatlarini rivojlantirish borasida istiqbolli kelishuvlarga erishildi.

Bugun Oʻzbekiston Afgʻonistonni yaqin qoʻshni va doʻst mamlakat deb biladi. Davlatimizning bu yurtda barqarorlik, tinchlik va osoyishtalikni taʼminlashga doir pozitsiyasi mudom qatʼiy va oʻzgarmasdir. Termiz tumanida Afgʻoniston fuqarolarini oʻqitish taʼlim markazi tashkil etilgani, vohada afgʻon sarmoyadorlari bilan hamkorlikda yangi korxonalar ish boshlayotgani quvonarli hol. Taʼkidlash kerakki, Afgʻoniston Oʻzbekiston uchun katta bozor. Oʻz navbatida, qoʻshni davlat uchun ham bizning yurtimiz shunday. Mintaqa mamlakatlari ishbilarmonlarining Oʻzbekistonga sarmoya kiritish ishtiyoqi yuqori. Buning uchun ularga qulay biznes muhitini biz rahbarlar yaratib berishimiz lozim. Shu maqsadda Termizdagi “Kargo” logistika markazi hududida erkin iqtisodiy zona barpo etish niyatimiz bor. Tojikiston Respublikasining biz bilan qoʻshni Xatlon viloyatida boʻlib oʻtayotgan bayram tadbirlarida ham ishtirok etyapmiz. Chegara yaqinidagi hududlarda yashovchi aholi bir oylik muddatda vizasiz bordi-keldiga sharoit yaratilganidan mamnun.

Surxondaryo yaqin kelajakda sanoati rivojlangan, yuqori turizm salohiyatiga ega, aholisi bugunidan rozi, kelajakka katta ishonch bilan qaraydigan farovon manzilga aylanishiga ishonamiz.
Sarvar Toʻrayev
suhbatlashdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Surxondaryo viloyati hokimi: “Kechagi byurokrat rahbar bugungi sharoitda ishlay olmaydi”