23:33 / 03.12.2018
3 944

Deputat Toshkentda propiska ochilsa jinoyatchilik ko‘payishidan «ogohlantirdi»

Deputat Toshkentda propiska ochilsa jinoyatchilik ko‘payishidan «ogohlantirdi»
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Akmal Umirzoqov «Facebook»dagi sahifasida Toshkent propiskasi, aholining bir joyda ikkinchi joyga ko‘chishi huquqi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

«Urbanizatsiya jarayoni jadal kechgan rivojlanayotgan davlatlar tajribasidan ham ma’lumki, agar davlat yashash shart-sharoitlari qolgan xududlarga nisbatan bir oz yaxshi bo‘lgan yirik shaharlarda ro‘yxatdan o‘tish bo‘yicha samarali qat’iy nazorat o‘rnatmasa, turli xil sabablarga ko‘ra kriminogen vaziyat salbiy tomonga o‘zgaradi. Hattoki o‘ziga xos, «Dunyoning jinoyatchilik avjiga chiqqan shaharlari» reytingi mavjud. Ushbu reytingda biz uchun borib ko‘rish orzu bo‘lgan Fransiya poytaxti Parij ham bor.

Buni hattoki, Parijda bo‘lgan yapon turistlari «Parij sindromi yoki Parij hayrati (shoki)», deb atashadi» deydi Umirzoqov.

Avvalroq saytimizda huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyevning «Toshkent propiskasi: qadrni toptashmi yoki qonunga aylangan biznes?» nomli maqolasi berilgan edi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 28-moddasida O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi respublika hududida bir joydan ikkinchi joyga ko‘chish, O‘zbekiston Respublikasiga kelish va undan chiqib ketish huquqiga ega. Qonunda belgilangan cheklashlar bundan mustasnodir, deb belgilangan.

«Nima uchun, bir joydan ikkinchi joyga ko‘chishga qonunda belgilangan tartibda cheklashlar kiritilishi mumkin? Buning asosiy sababi O‘zbekiston Respublikasi BMT Bosh Assambleyaning 1966 yil 16 dekabrdagi 2200 A (XXI)-sonli rezolyutsiyasi bilan qabul qilingan va 1976 yil 23 martda kuchga kirgan Fuqarolik va siyosiy aktlar to‘g‘risidag xalqaro paktga qo‘shilganidir. Ushbu paktning 12 moddasi muvofiq :

1.Biror-bir davlat hududida qonuniy ravishda turgan har bir kishi ushbu hudud doirasida erkin ko‘chib yurish va yashash joyini erkin tanlash huquqiga ega.

2. Har bir kishi har qanday mamlakatni, jumladan o‘z mamlakatini tark etish huquqiga ega.

3. Yuqorida qayd etilgan huquqlar hech qanday cheklash ob’ekti bo‘lishi mumkin emas, qonunda nazarda tutilgan davlat xavfsizligini, jamoat tartibini, aholi salomatligi yoki ma’naviyatini yoki boshqalarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish uchun zarur bo‘lgan va ushbu Paktda e’tirof etilgan boshqa huquqlarga mos keladigan cheklashlar bundan mustasno.

Demak, xalqaro huquq va konstitutsiyamiz, shu asosda qabul qilingan «Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinishi lozim bo‘lgan shaxslar — O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining ro‘yxati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2011 yil, 37-son, 375-modda) va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 16 fevraldagi 41-son «Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinishi lozim bo‘lgan shaxslar — O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining ro‘yxati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida»gi qaroriga inson huquqlari buzulishi sifatida qarash, bizning nazarimizda mutlaqo xato yondoshuvdir» deya yozgan deputat.

Shuningdek, Kanadada istiqomat qilayotgan yurtdoshimiz Farhod Fayzullayevning propiska tufayli chetga ketib qolayotgan o‘zbekistonliklar haqida mulohazalari ham chop etilgandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Deputat Toshkentda propiska ochilsa jinoyatchilik ko‘payishidan «ogohlantirdi»