Toshkentda yuz bergan yo‘l-transport hodisasi ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. Poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumanida Nexia-3 avtomashinasi yuqori tezlikda harakatlanib kelib, Matiz’ga urilishi natijasida yo‘l chetidagi kafega kirib ketgan. Bu haqda shahar Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, avtohalokat 21-oktyabr kuni soat taxminan 15:30 larda Feruza ko‘chasida sodir bo‘lgan. Hodisa oqibatida jabrlanganlar yoki og‘ir jarohat olganlar yo‘qligi qayd etilgan.
Tekshiruv jarayonida aniqlanishicha, Nexia-3 avtomobilni boshqargan shaxs voyaga yetmagan bola bo‘lib, u mashinani uydan yashirincha olib chiqqan. Ushbu harakat natijasida nafaqat ikki avtomobil to‘qnashgan, balki transport vositasi yo‘ldan chiqib ketib, kafening old qismiga ham zarar yetkazgan.
Bolaning akasi voqeadan so‘ng jamoatchilikka murojaat qilib, barchadan uzr so‘ragan va hodisa uchun chuqur pushaymonligini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, voqea tasodifan sodir bo‘lgan va u kelgusida bunday holat takrorlanmasligi uchun barcha choralarni ko‘rishga va’da bergan.
Ayni damda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi YHXB mas’ul xodimlari tomonidan holat bo‘yicha surishtiruv va ekspertiza ishlari olib borilmoqda.
YHXB mutaxassislari xaydovchilar va yosh avlodni yana bir bor ehtiyot bo‘lishga, transport vositalaridan ruxsatsiz foydalanmaslikka va yo‘l harakati qoidalariga qat’iy amal qilishga chaqirmoqda. Bu faqat shaxsiy xavfsizlik emas, balki atrofdagilarning hayoti uchun ham javobgarlikdir.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!