Jizzax va Samarqand viloyatlarida noqonuniy dori vositalarining savdosi bilan shug‘ullanib kelgan shaxslar fosh etildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti rasmiy ma’lumot berdi.
Jizzax shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 1993-yilda tug‘ilgan ikki fuqaro tegishli ruxsat hujjatlari bo‘lmagan 400 dona “Misoprostol” tabletkasi, 139 dona kapsula, 2 dona balzam va 26 dona qadoqlash qutilarini 5 000 AQSh dollariga sotayotgan vaqtida qo‘lga olindi.
Bundan tashqari, ayollar uchun mo‘ljallangan bir fitnes-klubda yashirin faoliyat yuritayotgan sex aniqlanib, u yerda turli dorilarni qo‘lbola usulda qadoqlab, sotuvga tayyorlash ishlari olib borilgani ma’lum bo‘ldi. Obyektdan minglab bo‘sh kapsulalar, qadoqlash uskunalari, soxta galogramma va shtrix kodlar protsessual tartibda rasmiylashtirildi.
Shuningdek, Samarqandda ham noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan shaxs fosh etildi. 1998-yilda tug‘ilgan shaxs, farmatsevtika mahsulotlari bilan shug‘ullanuvchi MChJ menejeri, Qirg‘izistondan aylanma yo‘llar orqali olib kelingan, tarkibida psixotrop moddalar mavjud 9 800 dona dori vositasini 25 million so‘m evaziga sotayotgan vaqtda ushlangan.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan tergovoldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!