Qashqadaryo viloyatining Koson tumanida sodir bo‘lgan jinoyat hamma yurakni larzaga soldi. Tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli poliklinikada faoliyat yuritgan hamshira 3 yoshli qizchani ikki marta sotishga uringan. Voqea yuzasidan jinoyat ishlari bo‘yicha sud hukmi chiqdi.
Voqea ilk bor 2023 yilda ro‘y bergan. Ma’lum bo‘lishicha, 2020 yilda tug‘ilgan qizaloqni onasi bilan til biriktirgan hamshira uni 19 million 700 ming so‘m evaziga boshqa bir ayolga sotgan. Bundan tashqari, u qizchaga tug‘ilganlik haqida guvohnoma olib berish uchun yana 2 million so‘m pora olgan.
Oradan ikki yil o‘tib, 2025 yilda u yana shu qizni sotishga uringan. Bu safar 60 yoshli erkak bilan til biriktirib, qizchani boshqa bir fuqaro nomiga 15 ming AQSh dollariga sotayotgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qo‘lga olingan.
Koson tuman sudida bo‘lib o‘tgan sud jarayonida hamshira Jinoyat kodeksining:
135-moddasi 3-qism “Odam savdosi” (voyaga yetmagan shaxsga nisbatan sodir etilgan)
168-moddasi 2-qismi “Oldindan til biriktirib sodir etilgan firibgarlik” moddalari bilan aybli deb topildi.
Sud hukmiga ko‘ra, ayol 2 yil 6 oyga ozodlikdan mahrum etildi va bazaviy hisoblash miqdorining 30 barobari miqdorida jarima to‘lashga majbur qilindi. U bilan til biriktirgan erkakka esa 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi belgilandi.
Sud ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda qizaloqning ahvoli yaxshi. U Kitob tumanidagi bolalar uyida tarbiyalanmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!