date

Toshkentda ikkilamchi uy narxlari pasayib, yangi qurilganlar qimmatlashdi

Toshkentda ikkilamchi uy narxlari pasayib, yangi qurilganlar qimmatlashdi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozori bo‘yicha navbatdagi tahlilini e’lon qildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent shahrida sentyabr oyida ikkilamchi uy-joy bozorida narxlar 0,6 foizga oshgan bo‘lsa-da, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,7 foizga pasayish qayd etildi.

Tahlillarga ko‘ra, poytaxtdagi ikkilamchi bozorda ayniqsa Yashnobod, Mirzo Ulug‘bek va Chilonzor tumanlarida narxlar sezilarli darajada pasaygan. Bu tumanlarda o‘rtacha narx tushishi 4,3 foizni tashkil etgan. Mutaxassislar bu holatni ayrim hududlardagi talabning kamayishi va sotuvchilarning bozorga moslashishi bilan izohlaydilar.

Shu bilan birga, birlamchi uy-joy bozorida esa aksincha — o‘sish kuzatildi. Sentyabr oyi davomida yangi qurilgan xonadonlar narxi o‘rtacha 3 foizga oshgan. Eng katta o‘sish Mirobad, Bektemir va Yakkasaroy tumanlarida qayd etilgan bo‘lib, bu hududlarda o‘sish 5,8 foizga yetgan.

Muttaxassislar ta’kidlashicha, yangi qurilish loyihalarining ko‘payishi, qurilish materiallari narxining o‘sishi va poytaxt markazidagi yer tanqisligi birlamchi bozordagi narx oshishiga ta’sir qilgan.

Respublika miqyosida ham o‘xshash tendensiya kuzatildi. Ikkilamchi uy-joy bozoridagi o‘rtacha narxlar sentyabr oyida 0,6 foizga o‘sgan. Yillik hisobda esa o‘rtacha kvadrat metr uchun narx o‘tgan yil sentyabriga nisbatan 4,6 foizga ko‘tarilgan.

Viloyatlar kesimida eng katta o‘sish Surxondaryo (+19 foiz), Sirdaryo (+15,8 foiz) va Jizzax (+14,5 foiz) viloyatlarida kuzatilgan. Bu hududlarda so‘nggi oylarda qurilish faolligi oshgani va ichki talab yuqori bo‘lgani qayd etilgan.

Shunday qilib, ko‘chmas mulk bozoridagi umumiy manzara ikki yo‘nalishda namoyon bo‘lmoqda: yangi uylar qimmatlashar ekan, ikkilamchi bozorda ayrim hududlarda narxlar pasayishda davom etmoqda. Ekspertlar fikricha, yil oxirigacha bozordagi asosiy tendensiyalarni qurilish bozori faolligi va ipoteka siyosati belgilab beradi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Toshkentda ikkilamchi uy narxlari pasayib, yangi qurilganlar qimmatlashdi