Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida jazoni ijro etish muassasasidan qochib, 3-sinf o‘quvchisiga jinsiy tajovuz qilgan mahbus bilan bog‘liq mojaro bo‘yicha hibsxona xodimlariga nisbatan jinoyat ishi ochildi.
Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish departamenti Markaziy tergov hibsxonasi inspektori va boshqa mansabdor shaxslar oldindan til biriktirib, moddiy manfaat evaziga qonunga zid harakatlar sodir etganlikda ayblanmoqda (Jinoyat kodeksining 214-moddasi 3-qismi “b” bandi). Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, qochgan 31 yoshli mahbus avval ham bir necha bor sudlangan — ular orasida bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik holatlari ham mavjud. Ammo u nazoratdagi muassasadan qanday sharoitda qochib ketgani hozircha oshkor etilmagan.
Ayni vaqtda jabrlangan qizaloq “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi psixologlari nazoratida bo‘lib, unga zarur tibbiy va ruhiy yordam ko‘rsatilayotgani qayd etilgan.
Hodisa yuzasidan Jinoyat kodeksining 119-moddasi 4-qismi (“zo‘rlik ishlatib, g‘ayritabiiy jinsiy aloqa qilish”) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi qo‘lga olingan va qamoqqa joylashtirilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!