08:02 / 24.03.2019
3 782

Oʻzbekistonda qaysi yoʻllar pullik boʻladi?

Oʻzbekistonda qaysi yoʻllar pullik boʻladi?
“Pullik avtomobil yoʻllari toʻgʻrisida”gi qonun loyihasida pullik avtoyoʻllarni loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish va ulardan foydalanishda davlat-xususiy sheriklik salohiyatini faol qoʻllash nazarda tutilgan, deb xabar bermoqda “Norma”.

Pullik yoʻllar qayerda boʻladi?
Transportning butun masofa boʻylab katta va xavfsiz tezlikda harakatlanishi taʼminlangan holda yuqori sifatli oʻtish yoʻllarigina pullik boʻladi.

Vazirlar Mahkamasi yoki mahalliy hokimiyat organlari avtomobil yoʻlidan pullik asosda foydalanish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. Biroq muqobil variant: moʻljallanayotgan pullik yoʻl bilan tutashadigan, aholi punktlari oʻrtasida umumiy foydalanishdagi mavjud yoʻl tarmogʻi boʻylab bepul oʻtish yoʻli boʻlishi shart. Bunday muqobil yoʻllar pullik yoʻllardan koʻpi bilan uch baravar uzun boʻlmasligi kerak. Quyidagilar bundan mustasno:

- pullik yoʻlning 50%idan ortiq masofasini koʻpriklar, tunnellar va koʻprik yoʻllar tashkil etadigan;
- yangi pullik yoʻl qurilishi choʻl tumanlarda va unga tenglashtirilgan joylarda (roʻyxatini Hukumat tasdiqlaydi) amalga oshiriladigan.

Tegishli qarorda yoki DXSH toʻgʻrisidagi bitimda koʻrsatilgan muddat tugagach, pullik yoʻldan foydalanish toʻxtatiladi.

Loyihada quyidagi hollarda pullik yoʻldan muayyan muddat foydalanish toʻxtatib turilishi mumkinligi nazarda tutilgan:
- muqobil bepul oʻtish imkonidan foydalanishga toʻsqinlik qiladigan holatlar yuzaga kelganda;
- harbiy, favqulodda holatlar yuz berganda, shuningdek tabiiy yoki texnogen tusdagi favqulodda vaziyat yuzaga kelganda.

Kim quradi?
Pullik yoʻllar respublika byudjeti va mahalliy hokimiyat organlari byudjetlarining mablagʻlari, pullik avtomobil yoʻllari sohasida maxsus vakolatli davlat organi tomonidan jalb etilgan mablagʻlar, jismoniy va yuridik shaxslarning shaxsiy va (yoki) qarz mablagʻlari hisobidan yoki DXSH toʻgʻrisidagi bitimlar asosida barpo etilishi mumkin.

Qonun loyihasida nazarda tutilishicha, pullik yoʻllarni loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish va ulardan foydalanish (ekspluatatsiya qilish) DXSH toʻgʻrisidagi bitimlar asosida amalga oshirilishi mumkin. Quyidagilarga davlat sherigi sifatida chiqish huquqini berish taklif etilmoqda:
- umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari boʻyicha – avtomobil yoʻllari sohasida maxsus vakolatli organga (Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasi, tahr.);
- xoʻjaliklararo qishloq avtoyoʻllari, shaharlar, shahar posyolkalari, qishloqlar va ovullar koʻchalari boʻyicha – qonun hujjatlarida boshqa tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, mahalliy davlat hokimiyati organlariga.

Pullik avtoyoʻllar faqat davlat mulkida boʻlishi mumkin. Boshqa holatlar DXSH toʻgʻrisidagi bitim va qabul qilinadigan “Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida”gi Qonunda nazarda tutilishi mumkin. Pullik yoʻllar DXSH loyihasini amalga oshirish uchun berilishi mumkin.

Yoʻl haqi qancha boʻladi?
Pullik avtomobil yoʻlidan foydalanish foydalanuvchi va operator oʻrtasida tuzilgan shartnoma asosida amalga oshiriladi. Operator foydalanuvchiga oʻtish huquqini berishi va yoʻl harakatini tashkil etishi, foydalanuvchi esa – taqdim etilgan xizmat haqini toʻlashi shart.

Foydalanuvchi quyidagi usullardan biri yordamida operator bilan shartnoma tuzadi:
- pullik avtomobil yoʻliga kiradi;
- toʻlov undiriladigan punktda yoʻl haqini toʻlaydi;
- yoʻl taloni haqini toʻlaydi;
- avtomatik elektron toʻlov texnik vositasini mulk qilib yoki ijaraga oladi.

Pullik yoʻldan oʻtish uchun toʻlov miqdorini operator Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan hisob-kitob qilish uslubiyatiga koʻra belgilaydi. Toʻlov miqdori sutkadagi vaqt, hafta kuni yoki yil oyiga qarab turli toifadagi transport vositalari uchun tabaqalashtirilishi mumkin. Yoʻl haqini maxsus punktlarda undirish taklif etilmoqda, yoʻl haqini oldindan toʻlash hollari bundan mustasno.

Loyiha oʻzgartirilishi, unga qoʻshimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Oʻzbekistonda qaysi yoʻllar pullik boʻladi?