
Bishkek biqinidagi kichkinagina Quyi Orok qishlog‘ida 340ta oila yashaydi va aholisi asosan qirg‘iz va turk-mesxeti vakillaridir. Kuni kecha, butun dunyodagi mo‘min-musulmonlar hayit namozlarini o‘qib, bayramni nishonlayotgan bir paytda bu hudud yoshlari o‘rtasida janjal kelib chiqqan va bir kishi shifoxonaga yotqizilgan.
Janjal shu bilan yakun topmay, yiriklasha boshlagan, kattalar ham aralashgan – 15dan ortiq uy zarar ko‘rgan, ayrim uylarga yondosh binolar yoqib yuborilgan. Guvohlarning so‘zlariga qaraganda, avtomobillar va boshqa mulklarga ham zarar yetkazilgan. Qirg‘iziston ichki ishlar vazirligi mojaro maishiy ekanligi, millatlararo xarakterda emasligini bildirgan bo‘lsada, o‘yga toldiradigan jihatlar talaygina...
Qirg‘iziston Markaziy Osiyoning hududi va iqtisodi nisbatan kichik, lekin aholisi siyosiy jihatdan ancha faol davlati hisoblanadi. Siyosiy ilg‘orlikning o‘zi xos jihatlari bisyor – qirg‘izistonliklar hokimu-parlamentlargacha tanqid qilishdan oshinib, prezidentga qarshi ham namoyishlar o‘tkazishaveradi. So‘nggi 10-15 yil ichida mamlakatda ikki marta rangli inqiloblar bo‘lib o‘tgan, tuzumlar almashgan, davlat rahbarlari quvg‘in qilingan. Albatta, qo‘shni davlat, qardosh qirg‘iz birodarlar mustaqil, o‘z taqdirlarini o‘zlari belgilaydi, biz ularga aql o‘rgata olmaymiz.
Ammo o‘yga toldiradigan masalalar borki, ular haqida so‘zlasa, ayrim jihatlarni taqqoslasa arziydi. Uzluksiz namoyishlar, tuzumlar almashinuvi, birinchi shaxs quvg‘inlari iqtisodda, xalq farovonligida siyosiy faollik darajasida aks etmagan. Demokratiya rivoji korrupsiyani bo‘g‘a olmagan, rivojlanish kutilgan natijani bermagan. Umuman, gap bu haqda emas, mavzudan chetlashdik.
Dunyoda millatparvar va millatchi degan tushunchalar bor. Lekin ko‘p hollarda bu ikki toifa bir-biriga aralashib, qorishib ketadi, kimning maqsadi nimaligi unutiladi, oxir-oqibat ko‘p hollarda mayda millatlar kamsitiladi, etnik guruhlar mazlumlarga aylantiriladi.
Qirg‘izistonning O‘sh viloyatida bunday holatlar ikki marta kuzatilgan. 1990 yildagisi OAV kuchli nazoratdaligi, hali internet, aloqa vositalari rivojlanmagan bo‘lgani tufayli tarix sahifalarida uzuq-yuluq ma’lumotlar bilangina qolgan. Lekin qirg‘in nihoyatda jiddiy kechgan.
2010 yildagi voqealar esa har qadamda muhrlanib bordi, etnik mojarolar kichik to‘qnashuvlar maqomini xatlab o‘tib haqiqiy qirg‘inga aylandi, qon daryo bo‘ldi. Ko‘chalarga «...larga o‘lim!» degan ochiqdan-ochiq yozuvlar ko‘targan yoshlar to‘dalari chiqishdi. Qonga to‘lgan ko‘zlarga keksalar ham, go‘daklar ham ko‘rinmadi.
Ming afsuski, hali o‘zi shakllanib ulgurmagan hukumat jarayonni nafaqat jilovlay bilmadi, balki kengayib ketishiga ham zamin yaratdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra 500 nafarga yaqin, norasmiysiga ko‘ra esa 2000dan ortiq odam shafqatsizlarcha o‘ldirildi. Minglab odam turli darajadagi tan jarohati oldi. Birgina O‘zbekistonning o‘ziga 111 mingdan ortiq odam qochib kelib, panoh topdi.
«Demokratiya oroli» deya ulug‘langan davlat millatparvarlik niqobidagi millatchilikka o‘ralashib qoldi va bu holat mamlakat tarixiga bitmas yara sifatida muhrlandi. Lekin ana shunday yirik mojarolarni yaqinda boshdan kechirgan davlatda yana shunday etnik janjalga yo‘l qo‘yilishi eng kamida taajjublanarli.
Ming afsuski, bunday holat «Farg‘ona voqealari» sifatida O‘zbekiston o‘tmishida ham qayd etilgan. Ammo u payt boshqaruv ko‘p tomonlama markazdaligi, qolaversa, mojaroga uchqun boshqa kuchlar tomonidan berilgani bu holatga sabab bo‘lgan. Lekin baribir har qanday to‘da yoki g‘oyaga ergashib, milliy masala yo‘lida bir insonning qonini to‘kishni hech bir jihatdan oqlab bo‘lmaydi. Farg‘ona voqealari biz uchun unut bo‘lmaydigan, xulosa chiqarish shart bo‘lgan tarix.
O‘zbekiston mustaqillikka erishgan yillaridan boshlab bu masalaga juda jiddiy e’tibor qaratilgan. Sababi juda oddiy: davlatimiz Markaziy Osiyodagi eng ko‘p millatli va eng ko‘p aholiga ega mamlakat. Millatchilik masalasi ozgina bo‘sh qo‘yilsa, juda xunuk oqibatlar keltirib chiqarishi mumkin.
Shu sababdan bir necha yo‘nalishda ish olib borilgani, xususan ham diniy, ham dunyoviy jihatdan keng tushuntirishlar qilingani, millatlararo totuvlikni mustahkamlovchi qator dasturlar amalga oshirilgani, bunday nifoq keltirib chiqarishga uringan shaxslar shafqatsiz jazolangani va eng muhimi hamjihatlik ruhi yurtimizda yashovchi millatlar qalbida chuqur o‘rnashgani sababli bunday mojarolarning oldi olinmoqda. Ko‘z tegmasin!
Bu gaplarni balandparvoz deya his qilganlar atrofga boqishlari lozim. Millatchilik biror marta yaxshilik keltirmagan.
Abror Zohidov.
Sharofiddin To‘laganov, jurnalist:
«Albatta, milliy mojaro juda jiddiy va xavfli muammo. Qirg‘izistonda bunday holat tez-tez kuzatilayotgan bo‘lsada, muayyan ishlar amalga oshirilayotganini ham ta’kidlash lozim. Hayit kunida hukumat tomonidan ko‘rilgan keskin choralar tufayli mojaro zudlik bilan bartaraf etildi. Nizo maishiy mavzuda deya e’lon qilinishi ham vaziyatining keskinlashib ketishiga yo‘l qo‘ymadi. Hodisa joyiga respublika IIV rahbarning shaxsan o‘zi kelishini ham olqishlash kerak. Bularning hammasi Qirg‘iziston hukumati mamlakatda millatlararo mojarolarning oldini olishga astoydil bel bog‘laganidan dalolatdir.
Abdulla Oripov yozganidek, inson qalbi bilan hazillashib bo‘lmaydi. Hozir ayrim kuchlar Markaziy Osiyoda vaziyat keskinlashib ketishini zimdan kutib turibdi. Mintaqa xalqlari uzoqni ko‘zlagan holda, ayrimlarning fitnasiga uchmagan tarzda harakat qilishlari lozim. Xalqlarimiz ming yillardan beri ahil-inoq, do‘st-qardosh bo‘lib yashab kelmoqdalar. O‘zaro nizolar yaxshilikka olib bormaydi». “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar