
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Qo‘shma Shtatlar tomonidan “LUKOYL” va “Rosneft” kabi yirik neft gigantlariga nisbatan keskin cheklovlar joriy etilganini kutmaganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, Oq Uyning bu qarorini izohlash qiyin, chunki ikki davlat o‘rtasida Alyaska muzokaralaridan beri jiddiy ziddiyat yoki ochiq to‘qnashuv kuzatilmagan.
Putin bu haqda Qirg‘izistonga amalga oshirgan safari doirasida o‘tkazilgan matbuot anjumanida gapirdi. Prezidentning so‘zlariga qaraganda, Ankorijdagi muzokaralar davomida Moskva va Vashington harbiy harakatlarni cheklash, xavfsizlik masalalarida muayyan kelishuvlarga erishish mumkinligi haqida optimistik fikrda bo‘lgan.
“Muzokaralar vaqtida biz ikki tomon o‘zaro tushunish nuqtasini topgandek edik. Ankorij maydonida umumiy pozitsiya shakllandi, deb o‘ylagandik. Lekin shu orada, hech qanday ogohlantirishsiz, Qo‘shma Shtatlar sanksiyalar e’lon qildi. Rostini aytsam, bu voqea men uchun ham tushunarsiz bo‘ldi”, — dedi Putin.
Oktyabr oyida AQSH Moliya vazirligi “LUKOYL” va “Rosneft” hamda ularga qarashli qator sho‘ba korxonalarga qarshi keng qamrovli sanksiyalarni amalga kiritgan edi. Cheklovlar kompaniyalarning AQSHdagi barcha aktivlarini muzlatish, shuningdek, Amerika yuridik va xususiy subyektlariga ular bilan har qanday biznes munosabatlarni qat’iy taqiqlashni o‘z ichiga oladi.
Cheklovlar e’lon qilingach, “LUKOYL” o‘zining xorijdagi aktivlarini sotish uchun ehtimoliy xaridorlar izlayotganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, Rossiya banki taqdim etgan tahlilda Rossiyaning “Urals” nefti narxi noyabr oyida “Brent”ga nisbatan 23 foizgacha pasaygani qayd etildi — bu esa sanksiyalar bosimi va bozordagi beqaror vaziyatdan darak bermoqda.
Mutaxassislarga ko‘ra, Vashingtonning bu qadami geosiyosiy jarayonlarda yangi bosqichni boshlab berishi, Moskva–Vashington munosabatlarida esa yanada jiddiy sovuqlik yuzaga keltirishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.