23:30 / 24.06.2019
3 980

Xor bo‘layotgan ne’matlar ovozi

Xor bo‘layotgan ne’matlar ovozi
Yerga to‘kilgan o‘rik... qimmat turshak
Hovlida yashayman. Mahalla­dan o‘tayotganimda ko‘cha boshigacha yo‘l-yo‘lakay to‘kilgan o‘rik­­lar­­ning yer bilan bitta bo‘lib yopishib yotgani dilimni xira qiladi.

Uvol, savob, isrof degan tushunchalar bizdan qancha­­lar yiroqlashib ketganidan bu. O‘rikning egasi birorta qo‘shnisiga yoki atrofdagi­larga terib olish haqida aytishni xayoliga ham keltirmaydi. Hovlisida mevali daraxti yo‘q qo‘shni esa so‘rashga or qiladi, istihola qiladi. Har ikki tomon ham uvolga o‘z «hissasini» qo‘shmoqda. Ba’zida bozorga tushib turshak olaman desang yigirma mingdan kamini ko‘rmaysan.
Shunda savol tug‘iladi: yozda yer bilan bitta bo‘lib to‘kilib yotadigan o‘rik-turshakning qishda narxi nega balandlab ketadi? Nimani xor qilsang shunga zor bo‘lasan, degan gap yodga tushadi.

E’tibor bering, o‘rik pishgach hech kim qadriga yetmaydi, qancha-qanchasi uvol bo‘ladi va qishga kelib uning hatto turshagiga ham zor bo‘lamiz. Eng qizig‘i yozi bilan uvol bo‘lgan o‘rik egalari qishda turshakni falon pulga sotib oladi. O‘ylaysan, nahotki mana shu o‘rikni quritib olishning imkoni yo‘q. Har bir xonadon o‘zlari turshak quritib olsa balki bozordagi narx-navo ham bunchalik ko‘tarilib ketmas­midi, aholi turshakni bemalol og‘rinmay xarid qilarmidi?

Isrof va dangasalik
O‘rikni uvol qilmaslik uchun terib olib quritishga, yoki qo‘shnilarga tarqatishga hafsalasizlik ortida aslida dangasalik yotibdi. Aynan mana shu isrofgarchilik va dangasalik yozi bilan serob bo‘lgan mevalarning quritilgani qishda qimmatlab ketishiga sabab bo‘ladi. Nonning ushog‘i ham non...

Isrof nima? Kim isrofgarchilikka yo‘l qo‘yadi? Albatta, uvol-savobning farqiga bormagan odam! Shunday oilalar bor, vaqti kelsa buxanka nonga pul topolmaydi. Shunday oilalar bor faqat biron yig‘in sabab yopgan non sotib oladi. O‘tgan yili buxanka nonning narxi ko‘tarilganda bejiz xalq kes­kin bahs-munozara qilmadi.

Yaqinda tanishimnikida mehmonda bo‘ldik. Oshxonasida quritilgan nonlarni uyub qo‘yibdi. Aytishicha, mol-qo‘ylari uchun Toshkentning «Xalqlar do‘stligi» tomonidagi chiqindixonalarning birida mana shu tashlangan nonlarni yig‘ib berisharkan. Uyulgan nonlar orasida butun-butun yog‘li qimmat patirlar, go‘shtli gijda nonlar, parhez uchun tanovul qilinadigan qora nonlar, turli batonlar, shirinliklarni ko‘rib aqlingiz shoshadi. Uni bir odam isrof qilmagani aniq.

Aytishingiz mumkin ko‘p qavatli uylarda turadigan odamlarning chorvasi bo‘lmagach nima qilsin, deb. Ammo me’yor degan narsa bor-ku. Odam o‘zining ehtiyojiga yarashasini olishi mumkin-ku. Nahotki, bir kunlik me’yor qanchaligini anglash qiyin bo‘lsa. O‘sha oilada ota-onalar, bobo-buvilar, qaynota-qaynonalar tomonidan yoshlarga nonning uvoli haqida tushuntirishmaganmi?

Ha, qorni to‘qning qorni och bilan nima ishi bor? Nonning bu isrofi orqali odamlarimizning qadr-oqibat tushunchalari ham sustligini anglash qiyin emas. Tanasi boshqa dard bilmas, deganlaridek atrofdagilarning hayoti unday odamlarni qiziqtirmasligi aniq. Agar qiziqtirganida, qo‘shnisining yashash sharoiti o‘ylantirganida edi, bugun butun-butun bunday nonlar chiqindixonalardan joy olmas edi... Bu isrofgarchilikning uvoli urishini qachon ang­lab yetamiz? Oramizda nafaqat yopgan non yoki patir, balki buxankaga ham vaqtida pul topa olmayotganlar borligini unutmasligimiz kerak emasmi? Shu top otamning «ertak»lari esimga tushadi...

«Kartichkani yo‘qotma!»
Ayol har kungi gapini, doimgi ohangda yana bir bor ta’kidladi: «Kartichkani yo‘qotma!» Bolakay ham bir parcha shalvirab qolgan kartichkani mahkam qisimladi. Agar shu bir parcha qog‘oz yo‘qolsa, butun oilasi nonsiz qolib ketishini u juda yaxshi biladi. Shuning uchun qog‘ozni qattiq qisimlaydi.
Nonga borish uchun unga ukasini qo‘shib jo‘natishadi. Ukasi nonga borganda akasi unga qorovullik qilib keladi. Sabab birovini nonga jo‘natsa, qo‘shimcha bo‘lagini yeb qo‘yishi mumkin-da(!).

Bolakay uzundan-uzun nav­batga turdi. Birov bitta, birov yarimta, yana birov yarimtadan ko‘proq nonni qo‘ltiqlab chiqib yo‘lida davom etadi. Bolakayning ham navbati kelib unga ham taroziga tortib non berishdi. O‘lchagan chamasi chiqmadi shekilli, sotuvchi gugurt qutisidek bo‘lakni nonning ustiga qo‘yib bolakayga uzatdi. Ular navbatni tark etib uyga yo‘l olishdi.
– To‘xtang, – dedi unga ukasi, – birpas to‘xtang nonni menam ko‘taray.
– Bugun non olib kelish mening galim, ertaga sen ko‘tarasan.
– Bo‘lmasa ushlab ko‘rsam bo‘ladimi? Akasi bolakayga non bo‘lagini ushlatdi.
– Yumshoq ekan.
Keyin hidladi, ko‘zlarini yumdi, qult etib yutindi.
– Siz ham ushlab ko‘ring.
Akasi ham nonni ushlab ko‘rdi. Uyam ukasining gapini tak­rorladi: «yumshoq ekan».
– Ustidagi bo‘lagidan bir tishlam beraymi, – dedi aka ukasiga.
– Oyim bilib qolsa bizni urishadi-ku.
– Bildirmaymiz. Bu bo‘lakni oyim bilmaydi-ku. Tortib ko‘rishga tarozisi ham yo‘q. Ma, bir tishlay qol...
Uka nondan bir tishlab oldi. Qolgan bir tishlamni esa akasi og‘ziga soldi.
– Aka, ertaga mening galimda ham shunaqa qo‘shimchasi bo‘larmikan, – dedi ukasi nonning mazasini yaxshiroq bilmoqchiday uzoq chaynagancha.
– Bilmadim, – dedi aka har doimgiday, keyin qo‘shib qo‘ydi. – Ba’zida bizga tortib berayotgan noni ko‘p chiqsa, kesib olishadi, yetmay qolsa qo‘shib berishadi. Oyimga aytmaysan-a?

Ukasi har doimgiday bosh silkidi. Shu topda ikkalasining xayolida bitta narsa edi: «Ertaga nonning yana shunaqa qo‘shimchasi bo‘larmikan?»
Bu otamning va amakimning bolaligidagi hayotlari haqidagi «ertaklar». Ba’zan odamlardan o‘tmishni, qahatchilikni eslayverish shartmi, degan kinoyalarni ham eshitib qolamiz. Ammo mana shunday kunlarni qadrlash uchun o‘tmishni, tarixni eslab turish kerak menimcha...

Mollar uchun shirin kulcha...
Kuni kecha qo‘shnimiznikiga chiqsam, bulochka ya’ni bir necha qop shirin kulchalarni ajratib qo‘yayotgan ekan. Har bir donasi uch ming so‘mdan besh ming so‘mgacha narx qo‘yilgan bu shirin kulchalarning muddati o‘tib qolgani uchun do‘kon egasi qopini mollar uchun yigirma mingdan sotarkan. Shunda savol tug‘iladi. Nima uchun bu bulochkalar isrof bo‘ldi? Isrof bo‘lishiga sabab nima? Birinchidan, shirin kulchalarning narxi juda qimmat.

Ikkinchidan, ishlab chiqarayotgan va sotib olayotganlarning me’yorni bilmasligi. Zero, bir kilogramm undan o‘ndan oshiq mana shunday bulochka pishirish mumkin. Demak bulochka ishlab chiqaradiganlar ham, uni sotadiganlar ham qo‘yilgan baland narx tufayli bulochkadan zarar ko‘rmaydi. Yana muddati o‘tganini qoplab sotishadi. To‘g‘ri, ular zarar ko‘rmayotgan bo‘lishi mumkin. Ammo isrof bo‘layotgani, uvol qilinayotganichi? Moddiy zararning o‘rni qoplanayotgandir, ammo ma’naviy zararning o‘rni-chi?

Mana shu isrofgarchilikni ko‘rib ulg‘ayayotgan yosh avlod kelajakda hech narsani qadrlamay qo‘yishi, achinarlisi, uvol-savobning farqiga bormay voyaga yetishi naqadar ayanchli. Har bir mahsulot arzon narxda sotilsa, ham uvol bo‘lmaydi, ham odamlarning hamyoniga zarar yetmaydi. Muhimi bu mahsulotdan ko‘pchilik bahramand bo‘ladi. Muddati o‘tishiga yaqin qolganida tekin tarqatishsa ham savob, ham uvol bo‘lmasligini tushunib yetish shunchalar qiyinmi? Masalan, Shveysariyada bulochka bilan kofe har qadamda tekin tarqatiladi.

Mehribon muzlatkichlar...
Ba’zi supermarketlar oldiga saxiy muzlatkichlar qo‘yilgani haqida eshitib qolyapmiz. Ularning ichiga mahsulotlarni homiy tashkilotlar to‘ldirib qo‘yishmoqda. Ana shunday saxiy muzlatkichlarni bog‘chalar, maktablar, do‘konlar oldiga qo‘yib tashlash maqsadga muvofiq menimcha. Ana shunda bu muzlatkichlarni tashkilotlar to‘ldirib qo‘yishiga hojat qolmaydi. Uyda ortib qolgan yeguliklarni bolalar chiqindixonalarga emas muzlatkichlarga qo‘yishni ommalashtirishda, avvalo biz kattalar namuna bo‘lishimiz lozim.

Maylida, farzandlarimiz o‘z qo‘li bilan bir dona pechene, bir dona shirin kulcha yoki hovlisidan bir tog‘oracha ho‘l mevani muzlatkichlarga joylash­tirsa. Ayniqsa, to‘ylardan ortib qoladigan noz-ne’matlarni aytmaysizmi. O‘zbekning nimasi ko‘p, ma’rakasi ko‘p. Agar har bir to‘y qiladigan inson to‘ylarda ortib qolgan ne’matlarni muzlatkichlarga joylashtirsa bormi, qanchadan qancha isrofgarchilikning oldi olinadi. Bu bilan bolalarda nafaqat ne’matlarga munosabat, balki odamlarga yaxshilik qilib zavqlanish hissiyotlari shakllanadi... Uvol va savob degan tushunchalarni teranroq anglaydi...

Barno SULTONOVA

Manba: "Oila davrasida"

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Xor bo‘layotgan ne’matlar ovozi