00:30 / 05.07.2019
5 071

Toshkentda topilgan xazinani jadidlar yashirgani ma’lum bo‘ldi (video)

Toshkentda topilgan xazinani jadidlar yashirgani ma’lum bo‘ldi (video)
Turli ertaklar, sarguzasht romanlar, filmlar qahramonlarining xazina izlab yo‘lga chiqqani va ko‘plab qiyinchilik, ajoyibotlarga duch kelgani xususida o‘qiganmiz, ko‘rganmiz. Kimdir ularga ishonsa, kim uchundir ularning bari safsatadan o‘zga narsa emas.

Ammo Toshkentda, sizu biz yashayotgan zamonda, ulkan tarix sirlaridan voqif qiluvchi, qimmatbaho xazina topildi.

Bu xazinadan qadimiy oltin tangalar, tarixiy manbalardan darak beruvchi sirli xaritalar, diniy qo‘lyozma va ikonalar kabi yuzga yaqin noyob topilmalar o‘rin olgan.

Xazinani O‘zbekiston Milliy universiteti bitiruvchisi, mustaqil izlanuvchi, ilmiy xodim Muhammadbobur Yusupov 3 yillik izlanishlari, qidiruvlari natijasida poytaxt markazidagi eski binolarning biridan topishga muvaffaq bo‘ldi.

Ushbu qimmatbaho xazina topilganidan xabar topgan bir guruh mahalliy va xorijiy fuqarolar M.Yusupovni yo‘ldan urib, boyish payiga tushib qoldi. Turli aldov va ko‘zbo‘yamachilik yo‘llari bilan topilmalarni chet elga noqonuniy olib chiqib ketib, katta daromad orttirishga qaratilgan harakatlarni boshlab yuborgan. Ulkan boylik hatto respublikamiz hududida faoliyat yuritayotgan ayrim xorijiy tashkilotlar vakillarini-da qiziqtirib qo‘ydi. Ular Muhammadboburga katta miqdorda moddiy manfaatdorlikni, boyliklarni bojxonada xavfsiz olib o‘tishni, xorijda o‘qitib, fuqarolik berishgacha bo‘lgan maqsadlarini, chet elda hashamatli hayot kabi takliflarni bayon etishdi.

Eng achinarlisi, xorijiy tashkilotlar vakillari xazinaning qiymatini yuqori baholab, unga egalik qilishga urinayotgan bir paytda, o‘zimizning ayrim fuqarolar ham xazina egasini chetga surib, boyliklarni o‘zlashtirish harakatiga tushishdi.

Ammo bu harakatlarga Davlat xavfsizlik xizmati idoralari tomonidan chek qo‘yildi. Fuqaro M.Yusupovga nisbatan shubhali shaxslarning g‘arazli takliflar yuzasidan tezkor tadbirlar o‘tkazildi. Mamlakatimiz hududida faoliyat yuritayotgan ayrim xorijiy tashkilotlar vakillari tomonidan yosh izlanuvchi olimga turli aldov va shaxsiy manfaatdorlik olishga qaratilgan bir tomonlama takliflar aniqlanib, O‘zbekiston tarixiga oid qadimiy ashyolar va manbalarning yurtimiz hududidan olib chiqib ketilishiga yo‘l qo‘yilmadi.

Bir necha million dollarlik tarixiy ashyolar va topilmalarning begona qo‘llarga va chet elga chiqib ketilishining oldi olindi.

Fuqaro M.Yusupov shaxsiy boylik orttirishi, chet ellardagi nufuzli ta’lim dargohlariga o‘qishga va ishga joylashtirish, ko‘chmas mulk orttirish va boshqa g‘arazli takliflarga uchmasdan o‘z fuqarolik burchini to‘liq ado etdi va DXX idoralarining bevosita ko‘magi va maslahati ostida o‘zi tomonidan topilgan qimmatbaho tarixiy buyumlarni O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga taqdim qildi.

Qimmatbaho buyumlarni muzeyga topshirish jarayoni O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati bilan hamkorlikda tashkil etilgan bo‘lib, Muhammadbobur tomonidan taqdim etilgan jamlamadan 92 nomdagi nodir tarixiy va madaniy ahamiyatga ega bo‘lgan buyumlar joy olgan.

Ular orasida qadimgi turk, nemis, arab, fransuz, lotin, ingliz tillarida yozilgan noyob asarlar, qo‘lyozmalar, tarixiy hujjatlar, xaritalar, diniy qo‘lyozma va ikonalar, mikroskop qurilmalar, 71 dona oltin, kumush, mis tangalar joy olgan.

Noyob topilmalar kelgusida mazkur muzey eksponatlari safiga qo‘yilishi va alohida ko‘rgazma sifatida tarix, san’at ixlosmandlari e’tiboriga namoyish etilishi rejalashtirilmoqda. Ayni paytda eksponatlarning o‘zi barchani qiziqtirish tabiiy, har bir osori-atiqaning o‘z tarixi bor, ulkan qiymatga ega. Muhammadboburdan tilla suvi yuritilgan bir necha kitobning o‘zini xorijliklar 600 ming dollarga sotishni so‘rashgan. Qolgan buyumlarning qiymati qancha ekanidan o‘zingiz xulosa chiqaravering...

O‘ylaymizki, mutaxassislarimiz bu borada ham, ya’ni topilmalarning nechog‘li tarixiy va moddiy qiymatga ega ekaniga aniq xulosasini, xalqimiz boy merosiga aylanishiga xolis bahosini berishadi, degan umiddamiz.

Topilmalarning kelgusi taqdiri-chi, noyob buyumlarni mutaxassislar qanday baholaydi, boyliklarning jismoniy shaxslarning qo‘liga chiqib ketishini oldini olish borasida qanday ishlar qilinmoqda, oldinda turgan vazifalar-chi?

So‘nggi o‘rinda achchiq bo‘lsa-da, shuni aytish lozim, necha asrlar davomida xalqimizning moddiy va madaniy boyliklari o‘zga yurtlarga tashib ketildi. Oramizda moddiy manfaatdorligini, bisotimizni o‘zgalarga berib qo‘yganlar qancha bo‘ldi. Ko‘zimizni ochish, millatimizni o‘ylash vaqti kelmadimi? Xalqimizning tarixiy, madaniy va ma’naviy boyliklarini chet elga noqonuniy olib chiqib ketilishiga yo‘l qo‘ymaylik.

Inobat AHATOVA, Yoqub MELIBOYeV

Manba: Uza.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Toshkentda topilgan xazinani jadidlar yashirgani ma’lum bo‘ldi (video)