
Fikrimcha, oxirgi kunlarda tibbiyot sohasiga Prokuratura, Senat va Prezident Administratsiyasining «hujumi»ga asosiy sabab bizga OAV orqali ta’kidlashayotganidek faqatgina tibbiyot sohasidagi korrupsiya va tibbiyot xodimlarining kasbiy faoliyatiga noprofessional yondashayotganliklarigina emas.
Bunday fikrga kelishimning bir necha sabablari bor.
Birinchidan, hozirda faqat tibbiyot sohasidagina korrupsiya va malakasiz xodimlar muammosi emas, deyarli hamma sohada ayni muammo, faqatgina tibbiyot sohasini alohida ajratib olinishi biroz g‘alati holat.
Ikkinchidan, shuncha keskin tanqid qilinishiga qaramay, Sog‘likni Saqlash tizimida, xususan, vazirlikda, jiddiy kadrlar o‘zgarishi amalga oshirilmadi, vaholangki bunday ko‘lamdagi «hujum» hatto oxirgi 3 yilda ham hech qaysi tashkilotga qilinmagandi (hatto Xalq ta’limi tizimida butun Vazirlik kadrlarini deyarli to‘liq yangilanishiga sababi ham bunchalik ko‘lamdagi «hujum» emasdi).
Uchinchidan, tanqidlarning asosiy qismi kadrlar, soha vakillari, mutaxasislarning malakasiz ekanliklariga qaratilmagan; aksincha, tizimga qaratilgan, ya’ni sohada hamma yaxshi ishchilar ishlashmoqda(malakasiz xodimlar juda ko‘pligini hammamiz yaxshi bilamiz), lekin tizim yaxshi emas (yuqorida aytganim, Xalq ta’limidagi o‘zgarishlarga sabab bo‘lgan tanqidlarda esa, aksincha asosiy muammo kadrlarda ekanligiga qaratilgandi, bu to‘g‘ri edi) deyishmoqda.
Bulardan qanday xulosa chiqarish mumkin?
Qilinayotgan tanqidlardan asosiy maqsad, haqiqatda tizimdagi muammolarni hal qilish emas, XALQqa tizimni, hozirgi ishlash tizimini xato ekanligini uqtirishdek ko‘rinmoqda.
Bizni Moliya vazirligimizga eng katta yuk ta’lim va tibbiyot sohasidan tushadi. Bu ikki soha Konstitutsiya bo‘yicha bepul xizmat hisoblanganligidan, birdaniga sohani xususiy sektorga aylantirish, hozirda Konstitutsion huquqimiz bo‘lgan bepul xizmatlarni katta qismiga pul to‘lashimiz aholi o‘rtasida ommaviy noroziliklarga sabab bo‘lishi mumkin. Shu sababli avvaliga sohani dabdala qilib, uni odamlarga yaxshi ishlamaydigan qilib ko‘rsatib, sohani isloh qilish bahonasida ancha-muncha xizmatlarni pullik qilish, davlat majbur xizmat ko‘rsatish kerak bo‘lgan sohalarni «xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash» bahonasida pullik qilib olish mumkin.
Yaqin kelajakda, 2020 yilning 2-choragidan, tibbiyot sohasining juda ko‘p avval bepul bo‘lgan xizmatlari pullik bo‘lishi ehtimoli yuqori. Avvalroq taklif qilingan pullik tibbiy sug‘urta asosida tibbiy xizmat ko‘rsatish ham 2020 yildan amalga oshsa kerak, katta ehtimol bilan. Bularni hammasini albatta «sohadagi chirigan boshqaruv va ish olib borish tizimini isloh qilish» bahonasida qilinadi.
Ayrimlar pullik bo‘lsa, tibbiy xizmat va ta’lim sifatli bo‘ladi degan fikrda albatta. Lekin doim ham bunday bo‘lavermaydi.
Tabiiy resurslari bizniki bilan deyarli bir xil bo‘lgan davlatlarda tibbiy xizmat va ta’lim bepul va ancha sifatli.
Agar hukumatni maqsadi faqatgina tibbiy xizmatni sifatli va samarali qilish maqsadi bo‘lganida buni sohani pullik qilmasdan ham amalga oshirsa bo‘lardi.
Konstitutsion bepul huquqlarimiz bo‘lgan, davlat g‘aznasiga «og‘irlik» qilayotgan ta’lim va tibbiyot sohalaridan biri — tibbiyot sohasini pullik qilishga dastlabki qadamlar tashlandi. Endi navbat ta’limni ham pullik qilishga, kelgusi 2 yilda asta sekin jamoatchilikni tayyorlab, keyin ta’limni ham pullik qilishga birorta bahona topishadi.
Yuqoridagi fikrlar muallifning shaxsiy fikrlari, kuzatuvlari mahsuli, IMHO.
Olimjon Haydarov,
bloger
bloger
Saytda chop etiladigan mualliflik maqolalarida keltirilgan fikrlar muallifga tegishli va ular Zamin.uz tahririyati nuqtai nazarini ifoda etmasligi mumkin.
Manba: Azon.uz “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar