21:50 / 24.01.2020
4 441

Buxoroda noyob topilma aniqlandi. Unda nimalar yozilgan?

Buxoroda noyob topilma aniqlandi. Unda nimalar yozilgan?
Ko‘hna Buxoro — mo‘’jizalar va siru sinoatga boy kent. Mana, Mulla Payraviy masjidini olib ko‘raylik. Bu yerda obodonchilik ishlarini olib borayotgan viloyat madaniy meros boshqarmasi xodimlari e’tiborini muqaddas go‘sha chillaxonasidagi qayroqtosh tortdi. Gap shundaki, qayroqtosh katta hajmli edi. Shuning o‘zi ham uning noyobligidan darak berardi.

— Mazkur topilma — qayroqtosh tezkorlik bilan boshqarmamizning restavratsiya va konservatsiya laboratoriyasiga olib kelindi va arxeolog-restavrator D. Xolov tomonidan tozalanib, konservatsiya ishlari olib borildi, — deydi biz bilan suhbatda viloyat madaniy meros boshqarmasi rahbari Sherzod Mahmudov. — Aniq va ravshan ko‘ringandan keyin yozuvlar Toshkent Sharqshunoslik instituti ilmiy xodimi, tarix fanlari nomzodi B. Aminovga yuborildi.

Foto: “Xalq so‘zi”

Aniqlanishicha, qayroqtoshda eski arab yozuvidagi “nasx” xatiga mansub bo‘lgan bitik, ya’ni “Al-faqix Ahmad Ammor al-Ansori, Allohning rahmatidan qo‘rquvchi, unga qaytuvchi, hijriy 563 yilning rajab oyi/ milodiy 1168 yilning may oyida olamdan o‘tdi”, deb yozilgan ekan. Faqix Ahmad Ammor al-Ansoriy haqidagi to‘liq ma’lumotlar tarixchi olimlar tomonidan o‘rganilmoqda.

Mazkur qayroqtosh buxorolik moziyshunos olimlarni ham befarq qoldirmadi, albatta. Jumladan, tadqiqotchi, O‘zbekiston Tarixchilar jamiyati viloyat bo‘limi raisi Azalshoh Hamroyevning ta’kidlashicha, mazkur matn bosma matbuotda O.A. Suxareva tomonidan chop etilgan “Kvartalnaya obshina pozdnefeodalnogo goroda Buxari” (M:1976,220 str.) asari hamda “O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar: Buxoro” (T:2016,378 bet.) kitobida tadqiq etilgan.

Topilmaning ahamiyatli jihati shundaki, bu Buxorodagi maqbaralarda qayroq ishlatilgan birdan bir holatdir. XI-XIV asrlarda qayroqdan, asosan, Samarqand, Farg‘ona vodiysida va qisman Toshkentda qabrtosh sifatida foydalanilgan.

Foto: “Xalq so‘zi”

Mulla Payraviy to‘g‘risida esa ma’lumotlar to‘liq yetib kelmagan. Faqat N. Yo‘ldoshev va H. Qurbonovlarning “Buxoro shahri va uning atrofidagi ziyoratgohlar tarixi” va Sadriddin Salim Buxoriyning “Buxoroning tabarruk ziyoratgohlari” kitoblarida Mulla Payraviy XIV asrlarda yashagan sufiylardan ekani, Said Miri Kulol, Xo‘ja Bahouddin Naqshband bilan zamondosh bo‘lgani qayd etilgan.

Boshqa manbaga ko‘ra “Mulla Payraviy katta bilim egasi, olim va so‘fiylik tariqatining namoyandalaridan bo‘lib, XVI asrda yashagan”, degan ma’lumot keltiriladi. Alisher Navoiyning “Tarixi muluki Ajam” asarida Payrav (fors tilidan) ergashuvchi, izidan (ortidan) boruvchi, taqlid qilish, tobe ma’nolarini anglatishi yozilgan.

Shuni ham alohida e’tirof etish kerakki, Buxoro viloyat madaniy meros boshqarmasi tomonidan ushbu noyob yodgorlikka ilk marotaba restavratsiya va konservatsiya laboratoriyasida zamonaviy ishlov berilib, u qayta tiklandi. Shu tariqa yana bir madaniy merosimizning umriga umr qo‘shildi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Buxoroda noyob topilma aniqlandi. Unda nimalar yozilgan?