date
views 3 719

“Choy damlashni biladigan jin”man, xolos

“Choy damlashni biladigan jin”man, xolos
Bahor fasli. May oyi edi. Matematika fanini o‘qitish bo‘yicha qayta tayyorlov kursini tamomlash arafasida edik. Hamma hamkurslar rahbariyat tomonidan amaliyot qilish uchun 3 guruhga bo‘lindik. 2 ta guruh o‘zbek sinf o‘quvchilari uchun, 1 ta guruh rus sinf o‘quvchilari uchun. Meni rus sinfda amaliyot qiluvchilarga yozishdi. Sababi telegramm jamoamizda bir-bir ruscha so‘zlarni yozib turardim.

Mansur ruschani biladi, deb o‘ylashganmi bilmadim. Qisqasi 10 kishi Namangan shahridagi 52-sonli maktabni 5-sinfida amaliyot qilish uchun bordik. Bizni yaxshi kutib olishdi. Sinf xonasiga kirganimizda naqd 40 ta o‘quvchi va 10 ta talaba uchun dars boshlandi. To‘g‘risi domla nima deb tushuntirayotganini tushunmadim, lekin matematik bo‘lganim uchun uncha-muncha jarayonni payqab turardim.

Mavzudan so‘ng o‘quvchilarga bajarish uchun misollar berildi. Kimdir-ertaroq, kimdir-kechroq, ishlagan misollarini o‘qituvchiga tekshirtirish uchun olib borishardi. Bola bari bir bolada bir pasda xonada shovqin ko‘tarildi. Ba’zilar to‘g‘ri ishlaganini sherigiga maqtangan, xato bajarganlar esa darrov to‘g‘rilash uchun joyiga shoshilgan, 5 sinfdagi o‘quvchilar ishlayotgan misollarni gapirib bajarishadi. Bu hamma yosh o‘quvchilarga xos odat.

Ba’zi yoshi kattaroq sheriklarim hatto qo‘llari bilan quloqlari berkitib olishdi. Shunda jimlikni saqlash maqsadida doska oldiga bordim. Amaliyot rahbarimizga borib “Bular o‘zbekchani bilishadimi?” dedim ataylab ovozimni ko‘tarib, eshitganlari “ha bilamiz” deyishdi. “Unda men sizlarga hozir har qanday sonni bir zumda 11 ga ko‘paytirishni o‘rgatib qo‘yaymi?” deb so‘radim. Baravariga “ha” deyishdi. Bo‘rni olib doskaga misollarni yoza boshladim.

Mana shu misollarni ishlanglar dedim. Hammalari daftarga yozib ishlashdi. Javoblarni so‘radim. Shoshilganda yarmidan qo‘prog‘i xato ishlashibdi. “Ana endi oson usulini o‘rgataman”, dedim. Har qanday sonni 11 ga ko‘paytirish uchun shu sonni, masalan: 72 ni, orasi ochiladi va shu sonlar orasiga ikkalasining yig‘indisi yoziladi — 792. Oppa-oson, o‘rgatayotganimda xonadagi tinchlikdan o‘zim ham sheriklarim ham xursand bo‘lishdi. “Hamma tushundimi?”, deyishim bilan xonada yana g‘ala-g‘ovur boshlandi.

Shunga doir misollar doskaga to‘ldirib yozib qo‘ydim. “Bo‘rni qo‘yib ishlanglar”, desam, “Ishlab bo‘ldik, tekshirib bering”, deb daftarni olib kelib atrofimga to‘planib olishdi. Sheriklarim bilan birma-bir tekshira boshladik. Hamma o‘quvchilar misollarni 100 foiz to‘g‘ri ishlagan edi.

Eng muhimi, o‘quvchilar yangicha oson usulni o‘rganishganidan xursand edilar. Darsdan chiqib amaliyot rahbarimiz bilan suhbatlashib uyga qaytish uchun tashqariga chiqqanimizda hamma o‘quvchilar meni o‘rab olib aytgan gaplari meni nihoyatda quvontirdi va bir umrga esimda qoladigan voqea bo‘ldi. “Ustoz bizni maktabga ishga keling, bizga siz dars o‘ting”. Shunda men “ruscha matematikani bilmayman”, desam, “mayli o‘zbekcha o‘rgataverasiz, biz bilamiz”, deyishdi. Hatto bittasi: “agar siz bizga kelmasangiz, men o‘qishimni siz ishlaydigan maktabga ko‘chiraman”, dedi.

Aslida ular bir haqiqatni bilishmas edi. Men kuchli matematik emasman, tajribam ham kam. Marhum qiziqchi Hojiboy Tojiboyev ta’biri bilan aytganda men faqat “Choy damlashni biladigan jin”man, xolos. Lekin hamma narsa bilimda emas. Muhimi, o‘quvchiga ta’sir ko‘rsata olishda, deb o‘ylayman. Amaliyotni birinchi kunidayoq 5-sinf o‘quvchisini beixtiyor aytgan gapi menga bir umr o‘quvchilarga matematikani o‘rgatish uchun kuch bersa kerak.

M.Mirzabdullayev,
Namangan tumanidagi 7-sonli maktabning
matematika fani o‘qituvchisi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » “Choy damlashni biladigan jin”man, xolos
-->