20:14 / 15.03.2020
5 423

Koronavirus O‘zbekistonda: vahima qilish qay darajada o‘rinli?

Koronavirus O‘zbekistonda: vahima qilish qay darajada o‘rinli?
Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati
Vahimaning o‘zi yarim kasallik, xotirjamlik yarim sog‘lik. Sabr esa shifoning boshlanishidir. (Abu Ali ibn Sino)
Tib ilmida yuksak muvaffaqiyatga erishgan Abu Ali ibn Sinoning ming yillar oldin aytilgan ana shu fikrlari juda dolzarb. Chunki bugun O‘zbekistonda koronavirus bilan kasallanishning ilk holati qayd etildi. Hukumat virus tarqalishining oldini olishga doir tegishli chora-tadbirlar ko‘rishni boshladi. Ammo shuni aytish kerakki, hozirda virusdan ham ko‘ra eng katta xavf bu vahimaga berilish bo‘lib qolmoqda.

Ana shunday vaziyatda bolgariyalik vrach Veselin Yolovning koronavirus tufayli ommaviy vahimaga tushishni to‘xtatishga yordam beradigan ma’lumotlarini eslab o‘tish o‘rinli. Doktor o‘quvchilariga Facebook`dagi sahifasi orqali murojaat qilib, kasallikni xotirjam qarshi olish va vahima qilmaslik sabablarini sanab o‘tgan.

Ular quyidagicha:
- 100 ming nafardan ko‘proq kishi koronavirusga chalingan. Ulardan 77 ming nafari Xitoydan. Demak, agar siz xitoylik bo‘lmasangiz yoki yaqin orada u yerga bormagan bo‘lsangiz, u holda tashvishlanishingizning 94 foizini olib tashlang.
- Agar, rostdan ham koronavirusga chalingan bo‘lsangiz, bu hali vahima qilishga sabab bo‘la olmaydi, chunki:
81 foiz holatda kasallik yengil shaklda kechadi, 14 foiz holatda ozgina og‘ir kechadi. Faqat 5 foizlik holatlarda ahvol keskinlashadi.
- Bu, hatto agar siz koronavirusga chalingan bo‘lsangiz ham, tuzalib ketish ehtimoli yuqori, deganidir.
- Atipik pnevmoniyadan o‘lim holati 10 foizni tashkil etgan, COVID-19 koronavirusidan vafot etganlar nisbati esa 3,4 foizni tashkil qilmoqda.
- Bundan tashqari, agar o‘lim ko‘rsatkichlarini yoshga qarab solishtiradigan bo‘lsak, yoshi 50 dan past bo‘lgan kishilarda o‘lim holati atigi 0,2 foiz. Bu degani, agar siz hali 50 yoshga to‘lmagan bo‘lsangiz va Xitoyda yashamasangiz, lotereya yutish ehtimoli yuqoriroq.

Masalan, eng yomon kun bo‘lgan 10 fevralni olib ko‘raylik, deydi bolgariyalik vrach. O‘sha kuni Xitoyda 108 kishi koronavirusdan vafot etgan.

Shu kuni:
26 ming 283 kishi saratondan vafot etgan;
24 ming 641 kishining o‘limiga yurak xastaligi sabab bo‘lgan;
4 ming 300 kishini diabet olib ketdi;
2 ming 740 kishining hayotiga pashshalar zomin bo‘ldi;
1 ming 300 kishi qotillik sabab hayotdan ko‘z yumgan;
137 kishini ilon chaqib o‘ldirgan.
Bularning barchasi shuni ko‘rsatmoqdaki, tuturiqsiz mish-mishlar ta’siriga tushmang, dorixonalardan turli xil dori-darmonlarni sotib olavermang, xuddi oxirzamon keladigandek, oziq-ovqat zaxirasini to‘plamang!

E’tiboringizni shaxsiy gigiyenaga qarating, sifatli ovqatlaning, vitaminlar qabul qilib, immunitetingizni ko‘taring va yaxshi hayot kechiring!», deb maslahat beradi Veselin Yolov.

O‘zbekistonda koronavirus haqidagi ma’lumot e’lon qilinganiga sanoqli soatlar o‘tmasdan ayrim bozor va savdo rastalarida yoppasiga oziq-ovqat maxsulotlarini sotib olish avjiga chiqishni boshlangani haqida xabarlar tarqaldi. Bu o‘z-o‘zidan oziq ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabni oshirib sun’iy spekulyatsiya uchun sharoit yaratishi mumkin.

Natijada sun’iy ravishda oziq-ovqat mahsulotlarining narxi oshishi, bozorlardagi savdo aylanmasi uchun tikilgan mablag‘larni ommaviy ortga qaytarish bahonasida moliyaviy defitsit paydo bo‘lishi, xorij valyutasining ko‘tarilishi va milliy valyutaning qadrsizlanishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Shunday ekan, ortiqcha vahimaga berilib, sarosima ketidan oziq-ovqat, kiyim-kechak, pul g‘amlashga tushish sun’iy muammolar keltirib chiqishiga sabab bo‘lishini unutmasligimiz lozim. Natijada ana shunday muammolar paydo bo‘lsa, uning sababchisi o‘zimiz bo‘lib qolamiz.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Koronavirus O‘zbekistonda: vahima qilish qay darajada o‘rinli?