date
views 1 797

Xitoylik ekspert: “Bu qiyinchiliklar davlat va xalq birdamligi bilan yengib o‘tiladi”

Xitoylik ekspert: “Bu qiyinchiliklar davlat va xalq birdamligi bilan yengib o‘tiladi”
Avval xabar berganimizdek, yaqinda 15 nafar xitoylik shifokor va tibbiyot mutaxassislaridan iborat guruh COVID-19 bilan kurashishdagi chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekistonga keldi.

Ushbu guruh rahbari, Xitoy Xalq Respublikasining Szyansi provinsiyasi sog‘liqni saqlash departamenti boshlig‘i o‘rinbosari Lou Lishen “Xalq so‘zi” gazetasiga eksklyuziv intervyu berdi.

— Janob Lishen, bugun dunyo “koronavirus”, deb atalmish ofat bilan kurashmoqda. Bu muhim sinovda Xitoy katta tajriba to‘pladi. Ayting-chi, ushbu epidemiyaga qarshi kurashda mamlakatingiz qanday choralarni qo‘lladi? Ularning muhim jihatlarini gapirib bersangiz.
— Chindan ham, mazkur virus xalq va davlatni katta sinovlarga ro‘baro‘ qildi. Iqtisodiyot va aholi turmush tarzi qiyin ahvolga tushib qoldi. Koronavirus boshqa viruslardan tubdan farq qiladi. Uning bir insondan ikkinchisiga o‘tish tezligi juda yuqori va oson. Shu sababdan amalga oshirilishi kerak bo‘lgan eng to‘g‘ri yo‘l, bu — cheklovlardir. Ya’ni virusni yuqtirgan kishi boshqa odamlarga tarqatmasligi uchun barcha cheklovlarni qo‘llash muhim sanaladi.

Xitoy virus keng tarqala boshlaganidan keyin cheklovlarni joriy qilishga majbur bo‘ldi. Mamlakatimiz rahbari Si Szinpin topshirig‘i bilan har bir hududda karantin tadbirlari qo‘llanila boshlandi. Kasallikni yuqtirgan har bir inson va u bilan muloqotda bo‘lganlar karantin zonalariga olinib, nazorat qilindi. Faqat shu yo‘l orqali biz bu kasallik og‘ir oqibatlarga olib kelishining oldini oldik.

Xitoy bu choralar zarur va samarali ekanligini o‘z misolida ko‘rdi. Kasallikning boshlanish davri — Xitoyning eng muhim bayramiga to‘g‘ri keldi. “Bahor” deb nomlanadigan ushbu bayramda aholi bir shahardan boshqa shaharga borishi odatga aylangan. Ya’ni insonlarning bir-biri bilan aloqa o‘rnatishi holati juda yuqori bo‘lgan davr hisoblanadi. Agar mamlakatimiz bu cheklovlarni o‘rnatmaganida edi u keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan oqibatlar tasavvurga sig‘masdi. Xitoy aholisining juda ko‘pligini inobatga olib, koronavirus ustidan erishilgan nazorat, ya’ni g‘alabani juda ulkan natija deyish mumkin.

— O‘rnatilgan cheklovlardan tashqari yana qanday ishlar amalga oshirildi?
— Xitoy juda katta hududga ega davlatdir. Har bir joyda virus tarqalishi jarayoni o‘ziga xos xarakterga ega edi. Shu nuqtai nazardan, hukumat cheklovlarni o‘rnatishdan avval hududlarni o‘rganib chiqdi. Kasallik qanday tarqalishi mumkin va bu jarayondagi boshqa tabiiy omillar tahlil qilindi. Manzillar xususiyatiga qarab karantin zonalari tashkil etildi. Masalan, bizning Szyansi provinsiyasini aytadigan bo‘lsak, u yerda aholi soni juda ko‘p. Provinsiyaning 11 shahri va qishloq hududlari bor. Aholi yashash zichligi va boshqa sharoitlardan kelib chiqib, uchta strategik joyni ajratdik.

Koronavirus alomatlaridan biri tana haroratining oshishidir. Biz provinsiyada tana haroratini o‘lchaydigan 300 dan ziyod shoxobchalarni tashkil qildik. Agar bu punktlardan o‘tayotgan odamda virus alomatlari kuzatilsa, shu yerning o‘zidan kasalxonalarga olib borish imkoniyati yaratildi.

Odamlar gavjum joylarda nazorat kuchaytirildi. Har bir kishining harakatlanish jadvali yozib borildi. Yuqorida aytganimdek, virusga chalingan odam bilan aloqada bo‘lganlarning ro‘yxati to‘liq shakllantirildi. Bunday kishilar dastlab uy sharoitida karantinga olindi. Ularda kasallik alomati paydo bo‘lishi bilan maxsus klinikalarga joylashtirish ishlari bajarildi.

Bu cheklovlarni xalqimiz juda to‘g‘ri qabul qildi. Ammo ular orasida ayrim tushunmaganlari ham uchradi. Biz bunday kishilarga koronavirusga qarshi samarali dorilar hali mavjud emasligini, faqat cheklovlar bilan salomatlikni saqlab qolish mumkinligini tushuntirdik. Aholi kasallik mohiyatini anglaganidan so‘ng uyida saqlanish to‘g‘riligini tushundi va bu bilan davlatga ham katta yordam berdi.

Xitoyda koronavirus ustidan nazorat o‘rnatilganidan keyin cheklovlar asta-sekin, bosqichma-bosqich olib tashlana boshlandi. Ayni paytda maktablar, korxonalar imkon darajasida faoliyatini qayta yo‘lga qo‘ymoqda. Ularga ehtiyotkorlik choralarini unutmaslik tushuntirilmoqda.

— O‘zbekistonda o‘rnatilgan karantin qoidalari bilan tanishib chiqdingiz. Bu chora-tadbirlarni naqadar to‘g‘ri, deb o‘ylaysiz?
— Bizning delegatsiya O‘zbekistonga o‘z tajribasini almashish maqsadida tashrif buyurdi. Xitoyda bu mavzuda bir serial ham suratga olindi. Unda Buyuk Ipak yo‘lining muhim nuqtasida joylashgan yurtingiz haqida ham hikoya qilinadi. Ya’ni Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqalar, tarixiy do‘stlik munosabatlari ko‘rsatib o‘tilgan. Qolaversa, ikki davlat rahbarlarining o‘zaro do‘stona munosabatlari hamkorligimiz rivojlanishida ustuvor rol o‘ynayapti.

E’tirof etish joizki, O‘zbekistonda keyingi uch yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida sog‘liqni saqlash sohasini rivojlantirishga davlat siyosati darajasida katta e’tibor qaratilmoqda. Yurtingizga kelishimdan avval O‘zbekistonning koronavirusga qarshi amalga oshirayotgan sa’y-harakatlarini o‘rganib chiqdim. Fikrimcha, mamlakat Prezidentining qo‘llab-quvvatlashi natijasida tatbiq etilayotgan choralar to‘g‘ri va ular juda muhim ijobiy natijalar beradi. Ular o‘z vaqtida qo‘llanila boshlaganini alohida aytishim zarur.

Yana bir muhim jihati, davlat koronavirusga chalingan har bir odam sog‘lig‘iga jiddiy e’tibor qaratyapti. Bundan tashqari, u bilan muloqotda bo‘lganlar qat’iy karantin nazoratiga olinmoqda. Bog‘chalar, maktablar va boshqa aholi gavjum bo‘ladigan ob’ektlarning vaqtincha yopilishini to‘g‘ri qaror, deb hisoblayman.

Yurtingiz ko‘chalarida odamlar harakatlanishi juda kam. Bu o‘zbekistonliklarning davlat tomonidan olib borayotgan ishlarga xayrixohligini ifodalaydi. Bundan tashqari, yana bir e’tibor qaratgan jihatim, ko‘chalar toza, sanitar sharoitlari ham juda yaxshi. Tez yordam xizmati faoliyati ham namunali ishlamoqda. Xulosam shuki, yurtingizda har bir bemorning sog‘ayishi uchun zarur ishlar o‘z vaqtida amalga oshirilyapti. Aholi bundan keyin ham karantin qoidalariga amal qilgan holda davlatni qo‘llab-quvvatlashda davom etsa, koronavirus ustidan nazorat, albatta, o‘rnatiladi.

— Yana qanday ishlarni amalga oshirish O‘zbekiston uchun foydali bo‘ladi, deb hisoblaysiz?
— Albatta, har bir insonga tushuntirish ishlarini yanada kuchaytirish zarur. Odam uy sharoitida o‘zini kasallikdan himoya qilishga intilishi kerak. Himoya vositalaridan to‘g‘ri foydalanish, qo‘lni vaqtida yuvish, havoni tez-tez almashtirib turish va boshqa gigiyenik qoidalar haqida muntazam ma’lumotlar berib borish foydadan xoli emas. Shuningdek, tibbiyot muassasalari barcha kerakli texnik asbob-uskunalarga va malakali kadrlarga ega bo‘lishi muhimdir. Bu qiyinchiliklar davlat va xalq birdamligi bilan yengib o‘tiladi.

Diqqatga sazovor yana bir jihati, O‘zbekiston virusga chalinganlarni davolashda ham katta ijobiy natijalarni qayd etyapti. Buni dunyoning boshqa davlatlari bilan taqqoslasak, yanada yaqqol ko‘rinadi.

— Bu yerdagi faoliyatingiz nimalardan iborat?
— Biz yurtingizga kelgan zahoti uch guruhga bo‘lindik. Rejalarni taqsimlab, ishga kirishdik. Birinchi guruh Samarqand viloyati shoshilinch tibbiy yordam markazi va bolalar shifoxonasiga bordi. Shifoxonani qayta rekonstruksiya qilishda o‘z maslahatlarimizni berdik va COVID-19 bilan kasallangan bemorlarni davolash haqida mahalliy shifokorlar uchun ma’ruzalar o‘qidik.

Keyingi ikki guruh Virusologiya ilmiy tekshirish instituti hamda Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tadqiqot instituti mutaxassislari bilan alohida uchrashuvlar tashkil qildi. O‘z tajribamiz bilan o‘rtoqlashdik, kasallikni diagnostika qilish va davolash uchun tavsiyalar berdik.

Toshkent viloyatida barpo etilayotgan maxsus shifoxonalardagi sharoitlarni ko‘zdan kechirdik. Bir guruhimiz Farg‘ona vodiysiga yo‘l oldi. U yerda ham qator tadbirlar o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

Qolaversa, o‘zbekistonlik hamkasblarimiz uchun maxsus tayyorlangan COVID-19 haqidagi materiallar to‘plamlarini taqdim qildik.
Biz yurtingiz bilan hamkorlik qilib, tajriba almashib, bu sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tib olamiz.

Omonulla FAYZIYEV
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Xitoylik ekspert: “Bu qiyinchiliklar davlat va xalq birdamligi bilan yengib o‘tiladi”