date

Samarqanddagi xorijiy korxona tabiatga 7 milliard so‘m zarar yetkazdi

Samarqanddagi xorijiy korxona tabiatga 7 milliard so‘m zarar yetkazdi

Samarqand viloyatida faoliyat yuritayotgan xorijiy korxona tabiatga katta zarar yetkazgani aniqlandi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, korxona oldin olingan litsenziya shartlarini va amaldagi qonun talablarini buzgan holda qariyb 51 ming kub metr tuproqni noqonuniy ravishda qazib olgan. Natijada tabiatga jami 7 milliard 374 million so‘mdan ziyod zarar yetkazilgan.

Vazirlik huzuridagi Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanida joylashgan “S.I.” nomli xorijiy korxona faoliyatini qamrab olgan.

Tekshiruv natijalariga ko‘ra, 2024-yil 25-noyabrda O‘zbekiston Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining “Yer qa’ridan foydalanish markazi” DM qarori bilan “Jomboy 3” uchastkasini geologik qidiruv ishlari uchun elektron auksion orqali taqdim etilgan. 11,3 gektar maydonni o‘z ichiga olgan mazkur hudud Samarqandning Bulung‘ur tumani markazidan 7,7 km shimoliy-g‘arbda joylashgan.

Auksionda “S.I.” xorijiy kompaniyasi g‘olib deb topilib, 2024-yil 27-noyabrda rasman geologik tadqiqotlar olib borish uchun ruxsatnoma olgan. Biroq korxona bu ruxsatni suiiste’mol qilib, geologik o‘rganish deb belgilangan faoliyat o‘rniga noqonuniy qazish ishlarini boshlab yuborgan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, “S.I.” kompaniyasi tegishli qazib olish litsenziyasini rasmiylashtirmagan va auksion talablariga amal qilmagan holda faoliyat yuritgan. Tekshiruv davomida u 50 859 kub metr tuproqni (lyossimon jinslar) qonunga zid ravishda qazib olgani aniqlangan.

“Bu harakatlar orqali ‘Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida’gi qonunning 18–48-moddalari hamda ‘Er qa’ri to‘g‘risida’gi qonunning 34-moddasi buzilgan. Tabiatga yetkazilgan zarar miqdori 7 milliard 374 million 591 ming 250 so‘m deb hisoblandi”, — deyiladi vazirlik bayonotida.

Hozirda to‘plangan barcha hujjatlar holatga huquqiy baho berish va javobgarlik choralarini ko‘rish uchun Bosh prokuraturaga yuborilgan.

Ekologlar ta’kidlashicha, bu holat atrof-muhitga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi, tuproq qatlamlarining tiklanishiga yillar kerak bo‘lishi mumkinligini anglatadi. Shu sababli, tabiiy resurslardan foydalanishda har bir litsenziya va ruxsatnoma qat’iy nazorat ostida bo‘lishi lozim.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Samarqanddagi xorijiy korxona tabiatga 7 milliard so‘m zarar yetkazdi