Dubay amirligining merosxo‘r shahzodasi Shayx Hamdan bin Muhammad Ol Maktum lochin ovini amalga oshirish uchun O‘zbekistonga keldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, shahzoda boshqaruvidagi Boeing 747 samolyoti 11 oktabr kuni Toshkent xalqaro aeroportiga qo‘ngan.
Tez orada shahzoda Instagram sahifasida Navoiy viloyati hududidagi ov fotosuratlarini e’lon qildi. Unda lochinlar ishtirokidagi ov manzaralari aks etgan bo‘lib, kadrlar muxlislar orasida katta qiziqish uyg‘otdi.
Ma’lum qilinishicha, Navoiydan taxminan 50 kilometr uzoqlikda Birlashgan Arab Amirliklariga tegishli maxsus tuvalo‘q yetishtirish va lochin ov markazi joylashgan. Ushbu maskan 2008 yil aprel oyida Dubay amiri va BAA vitse-prezidenti Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum tashabbusi bilan tashkil etilgan.
Shahzoda Hamdan har yili shu yerda an’anaviy tarzda lochin ovini o‘tkazadi. Uning bu safarini ham an’anaviy ov mavsumining boshlanishi bilan bog‘lash mumkin.
Shayx Hamdan bin Muhammad Ol Maktum nafaqat merosxo‘r shahzoda, balki faol hayot tarzi bilan ham ma’lum. 1982 yilda tug‘ilgan shahzoda parashyut sporti, suv osti sho‘ng‘ishi, baliq ovlash, snoubording, velosport va boshqa ko‘plab ekstremal turlarga qiziqishi bilan tanilgan. Shuningdek, u “Fazza” taxallusi ostida she’rlar yozadi.
Shahzodaning bu safargi tashrifi nafaqat tabiat qo‘ynidagi an’anaviy ov maqsadiga xizmat qildi, balki O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi madaniy aloqalarning yanada yaqinlashuviga ham ramziy ahamiyat kasb etdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!