"The Times" nashri maʼlumotiga koʻra, UEFA terma jamoalar boʻyicha qoʻmitasi Jahon chempionati hamda Yevropa chempionati saralash bosqichlari formatini qayta koʻrib chiqish uchun maxsus ishchi guruh tuzgan.
Guruhning asosiy vazifasi — mavjud tizimning samaradorligini baholash va yangi modellarning samaradorligini sinab koʻrishdan iborat. Manbalarning taʼkidlashicha, Millatlar ligasini saralash turniri sifatida qoʻllash yoki shveytsariyacha modelni joriy etish variantlari muhokama qilinmoqda.
Maʼlumot uchun, shunday format oʻtgan mavsumdan boshlab Yevropa kuboklarida qoʻllanila boshlagan edi. Unda jamoalar yagona guruhda ishtirok etadi, raqiblari reyting asosida aniqlanadi va har bir bahsning ahamiyati yuqori boʻladi.
Bu masala haqida ikki hafta avval Malagada boʻlib oʻtgan yigʻilishda maʼlum qilingan. Unda Yevropa qitʼasidagi 55 ta federatsiya bosh kotiblari ishtirok etgan.
Manbalarning soʻzlariga koʻra, UEFAni asosan ikki omil tashvishga solmoqda — saralash bosqichi oʻyinlariga boʻlgan qiziqishning pasayishi va teletranslyatsiyalardan keladigan daromadlarning kamayishi. Shu bilan birga, Millatlar ligasi tomoshabinlar soni va tijoriy foyda boʻyicha oʻsishni namoyon qilmoqda.
“Masala avval ham koʻtarilgan, ammo toʻgʻri formulani topish oson emas. Kichik jamoalarga imkoniyat berish, katta termalarga esa muammo yaratmaslik — bu oʻzi katta muvozanat talab qiladi”, — deydi vaziyatdan xabardor manba.
Shunday qilib, UEFAning bu tashabbusi kelgusi yillarda terma jamoalar futbolini sezilarli darajada oʻzgartirishi mumkin. Tahlilchilarning fikricha, agar shveytsariyacha model qabul qilinsa, Yevropa saralash tizimi mutlaqo yangi shaklga oʻtishi ehtimoldan xoli emas.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!