
Aloqa vositalari kundan-kunga rivojlanmoqda. Hayotimizni telefonsiz tasavvur qilish qiyin. Bugun yoshu qarining turli rusumdagi uyali telefonlarda gaplashayotganini ko‘rish oddiy holga aylandi. Lekin ko‘pchilik bunday telefonlar sog‘liqqa qanday ta’sir qilishini yaxshi bilmaydi.
Uch yarim yashar nabiram Komronbek mening hamma harakatlarimni takrorlaydi. Namoz o‘qishimni ko‘rib, sajdaga egilsam, uyam sajdaga egiladi. Biror kishi bilan telefonda gaplashsam, uyam televizorning pultini olib «gaplashadi». Ko‘chamizda o‘ynayotgan kattaroq bolalarning so‘kinishi yoki boshqa yomon odatlarini ham ba’zan to‘tiqushday takrorlab qoladi. Ota-onasi ishdan kelishi bilan ularning telefoniga yopishadi. Qani, bermay ko‘rishsin-chi, uyni boshiga ko‘taradi. Telefonni olishi bilan «Masha-medved»mi yo boshqa o‘yinni, ular arxivga tiqib tashlangan bo‘lsa-da, topib olib bosh ko‘tarmay tomosha qiladi.
Ha, bolalarga xos ziyraklik, topqirlik, kuzatuvchanlik va ayni paytda taqlidchilik xususiyatlari u esini taniy boshlagandayoq uyg‘onarkan.
Telefon – o‘yinchoq
Xo‘sh, bolalarimiz bilib-bilmay atrofdagilarning yaxshi odatlarini emas, yomonlarini o‘zlashtirib olmasliklari uchun nima qilayapmiz? Biz yomon odatlarimizni yosh bolaga zinhor ko‘rsatmaymiz deysizmi? Adashdingiz. Qo‘lingizda eng so‘nggi rusumdagi telefon bor-a? Aytaylik, kimdir sizga qo‘ng‘iroq qilib qoldi. Tashqariga chiqib gaplashasizmi yoki ichkarida? Turgan gapki, ovozingizni balandlatib kichkintoyning oldida telefon qilayotgan kishiga javob berasiz. Endi farzandingizga e’tibor bering. Ha, barakalla, u ham qo‘lini qulog‘iga olib borib «telefon»da gaplashishni boshlaydi.
Gapning indallosiga o‘tadigan bo‘lsak, qo‘l telefonlariga mukkasidan ketib termulayotgan, uning asiriga aylanayotganlar orasida ona suti og‘zidan ketmagan bolalarning ko‘pligi kishini xavotirga soladi.
Farzandingiz yoki nabirangiz telefonda har xil suratlar borligini, undagi qandaydir o‘yinlarni o‘ynaganingizni ko‘rgan. Shuning uchun uni so‘ragani-so‘ragan. Keling, xarxasha qilayotgan bola ovunishi uchun unga har doim o‘ynagan o‘yinchog‘i va… mobil telefoningizni ko‘rsating. Qay birini tanlaydi? Albatta telefonni! Bu matoh, undagi tasvirlar aqlni rom etadigan shunday viruski, bolalarimizga ham allaqachon yuqqan. Sal aqlini tanigani va hatto maktabga borayotgani ham o‘ziga qo‘yib bersangiz, telefonni kecha-yu kunduz qo‘lidan qo‘ymasa. Biror badiiy kitobdan ikki varaq o‘qimasa o‘qimaydiki, telefonga mukkasidan ketadi. Bolasi injiqlik qilaversa, qulog‘i tinchishi uchun unga o‘sha matohni qo‘shqo‘llab topshirib qo‘yayotgan ota-onalar ham oz emas.
Besh yoshgacha bo‘lgan bolalar nega uning asiriga aylanib qolayapti?
Angliyalik shifokorlar mobil telefonning organizmga zarari ko‘pligini, turli kasalliklar kelib chiqishiga sabab bo‘lishini isbotlashgan. Londonda faoliyat ko‘rsatuvchi doktor Vini Kurana telefonning salbiy ta’siri bilan bog‘liq miya saratoni bolalarni ham chetlab o‘tmayotganini, agar bunga e’tiborsiz qaralaversa, yaqin 10 yil ichida saratondan halok bo‘ladigan bolalar soni oshib borishini bildirgan.
– Dunyo olimlarining e’tirof etishicha, – deydi «Yilning eng yaxshi shifokori – 2019» respublika tanlovining «Yilning eng yaxshi oftalmologi» nominatsiyasi g‘olibi, Qashqadaryo viloyati ko‘z kasalliklari shifoxonasi oftalmologi Shokir Lutfullayev, – mobil telefon ayniqsa yosh bolalar uchun o‘ta zararli.
– Elektromagnit to‘lqinlar inson irsiyatidagi tartibning buzilishiga, hujayralar faoliyatining izdan chiqishiga, organizmdagi ma’lum bir kasallik viruslarining faollashuviga sabab bo‘ladi, xavfli o‘sma kasalligini keltirib chiqaradi. Ispaniyadagi nevrodiagnostika ilmiy tekshirish instituti olimlarining fikricha, 11-13 yashar bolalar qo‘l telefoni orqali ikki daqiqa gaplashsa, ularning bosh miyasidagi bioelektrik o‘zgarishlar telefonni qo‘ygandan keyin ham ikki soatcha saqlanib qolar ekan.
Bolalardagi bezovtalangan miya faoliyati ruhiy muammolarga, o‘qish qobiliyatining pasayishiga olib keladi. Bundan tashqari, mobil telefonlar bolalarning organizmiga, bo‘yining o‘sishiga, immunitetiga, diqqatini jamlashiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Qolaversa, telefondagi o‘yinlarni uzluksiz o‘ynash oqibatida bolalarda umurtqa pog‘onasining qiyshayishi, ko‘z xastaliklari kuzatilayapti.
Qotil bolalar
Telefon o‘yinlarida vaqt ham, joy ham muhim emas, asosiysi – g‘olib bo‘lish. Aksariyat o‘yinlar shunday dasturlanganki, osonlikcha g‘alabaga erishib bo‘lmaydi. Bola g‘olib bo‘lish niyatida soatlab vaqtini behuda o‘tkazaveradi. Eng yomoni, «dushman»ni yer tishlatish uchun o‘zi sezmagan holda tajovuzkor bo‘lib qoladi. Qarabsizki, unda betoqatlik, shafqatsizlik xususiyatlari shakllana boradi. Bir tanishim nabirasi singlisiga pichoq urmoqchi bo‘layotganining ustidan chiqibdi. Buni akasining telefonidagi o‘yindan ko‘rgan emish.
Bundan bir-ikki yil oldin AQSHning Kentukki shtatidagi maktablarning birida Maykl ismli o‘n to‘rt yoshli bola uch nafar maktabdoshini otib o‘ldirgani, yana besh o‘quvchi og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgani haqida o‘qigandim. Aniqlanishicha, o‘spirin qonli sahnalarga to‘la telefon va internet o‘yinlariga mukkasidan ketgan ekan. Kolorado shtatida o‘n ikki nafar maktabdoshi va o‘qituvchisining hayotiga zomin bo‘lgan Erik Xarris va Villan Klebold oqibatda o‘z jonlariga qasd qilishgan.
Bola necha yoshidan mobil telefondan foydalangani ma’qul?
Shifokorlarning ta’kidlashicha, o‘n yoshgacha bo‘lgan bolalarning bosh miya, ko‘z, quloq, asab va suyak tizimlari hali to‘la shakllanmagan bo‘ladi. Uyali telefon aqliy qobiliyatni pasaytirib, asabiylashishga olib keladi, o‘quvchini va uning atrofidagilarni mashg‘ulotlardan chalg‘itadi. Hindistonda o‘n olti yoshgacha bo‘lgan bolalarning uyali telefondan foydalanishi butunlay taqiqlangan. Yaponiya, Fransiya va Ispaniyada ham bolalarning mobil telefondan foydalanishida cheklovlar o‘rnatilgan.
Mutaxassislarning fikricha, uyali telefondan foydalanish me’yori bir martalik suhbat uchun uch daqiqa atrofida bo‘lishi, o‘n oltiga kirmaganlarning bir martalik suhbati ikki daqiqadan oshmasligi zarur. Suhbatlar o‘rtasidagi oraliq 20-25 daqiqa bo‘lganda uyali telefonning salbiy ta’siri kamayadi. Bolalar bir sutkada 30 daqiqadan ortiq gaplashmasligi lozim.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, bolalarning smartfon va planshetlardan foydalanishi ularda ruhiy hamda psixologik muammolarni keltirib chiqaradi. AQSHlik olimlarning ta’kidlashicha, mamlakatdagi to‘rt yoshgacha bo‘lgan bolalarning 97 foizi, oilaviy daromadidan qat’i nazar, mobil telefonlardan foydalanadi. Uyqusizlik, semizlik, yakkalanib qolish, bosh miya shishi, saraton xuruji, barmoqlarning shikastlanishi, muloqot qobiliyatining pasayishi va o‘rganishning cheklanishi telefon ikki yashar bolaga yetkazadigan zararning bir qismi ekan, xolos.
Dunyo olimlari bong uradi
Qo‘l telefonlari va internet tarmog‘ida axloqqa zid tasvirlar shu darajada ko‘payib ketganki, bu hol yoshlarning odob-axloqi va ma’naviyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Statistik ma’lumotlarga qaraganda, har yili yer yuzida 10 milliondan ortiq qiz 18 yoshga to‘lmay turmush qurayotgan, 16 milliondan ziyod qiz homilador bo‘lib qolayotgan, eng yomoni, butun dunyoda har kuni balog‘atga yetmaganlarning 2000 nafardan ziyodi VICH virusini yuqtirib olayapti. Bunda mobil telefon yoki internetdagi behayolikni targ‘ib qiluvchi o‘yinlarning ta’siri yo‘q deb o‘ylaysizmi?
Makkajo‘xori donini bodroqqa aylantirgan telefonlar
Bir kuni hamkasblar bilan mobil telefonlarning inson organizmiga salbiy ta’siri haqida suhbatlashib o‘tirgandik. Shunda «Zamon» informatsion dasturining Qashqadaryo viloyatidagi muxbiri Shavkat Aminov teleekranda o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan bir voqeani so‘zlab berdi:
– Televizor tomosha qilib o‘tirgandim. Unda mobil telefonlarning inson organizmiga salbiy ta’siri haqida munozara bo‘layotgandi. Boshlovchi o‘nta zamonaviy telefonni stol ustiga aylana shaklida terib chiqdi. Uning o‘rtasiga likobchada makkajo‘xori donini qo‘ydi. O‘nta telefonga ham bir vaqtning o‘zida qo‘ng‘iroq qilindi. Qay ko‘z bilan ko‘rayki, likobchadagi makkajo‘xori donlari xuddi tovada tagiga olov yoqib qizdirgandek, chars-chars etib bodroqqa aylana boshladi…
Bu gapdan keyin mobil telefonlarning yoshlar organizmiga salbiy ta’siri haqida boshqa bir narsa deyish bizningcha ortiqcha.
Norbo‘ta G‘OZIYEV
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar