
Xitoyning “Global Times” kundalik gazetasida “O‘zbek palovi: Buyuk ipak yo‘lining shohona taomidan tatib ko‘rish imkoniyatini boy bermang” sarlavhasi ostida maqola chop etildi, deb yozadi “Dunyo” AA.
Maqola muallifi Yang Shu O‘zbekistonga qilgan safari taassurotlarini quyidagicha bayon qiladi: “Safar oldidan yurtingizda bo‘lgan do‘stimdan mamlakatingiz haqida so‘raganimda, u menga O‘zbekistonda tarixiy osori-atiqalar, go‘zal me’moriy binolar, sharqona bozorlar, mehmondo‘st odamlarni ko‘rasan, lekin eng muhimi shohona taom palovni tatib ko‘rishimni aytdi. Haqiqatdan ham do‘stim adashmagan ekan, osh o‘zbek oshxonasining shohi ekaniga yana bir bor amin bo‘ldim”.
Maqola muallifi Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida O‘zbekiston o‘zining milliy urf-odatlari, mazali va menyuga boy oshxonasi bilan ajralib turishini aytadi.
“Palov mintaqa mamlakatlarining barchasida uchrasa-da, o‘zbek oshi ular orasida eng zo‘ri. O‘zbekistonga kelgan xorijlik mehmon borki, bir bor bo‘lsa-da, palovni tatib ko‘rishi kerak”, deya qayd etadi muallif.
Yang Shu o‘z maqolasida O‘zbekistonda osh tayyorlash va uning tarixi haqidagi ma’lumotlar bilan ham bo‘lishadi.
“Tug‘ilgan kun, to‘y, turli marosimlar va bayramlar borki, ular osh taomisiz o‘tmaydi. Toshkentda bo‘lib o‘tgan an’anaviy madaniyat festivalida rekord darajadagi osh tayyorlandi. 50 dan ziyod oshpaz diametri 4,2 metr bo‘lgan qozonda besh soat ichida 7 ming 360 kilogrammlik palov tayyorlanib, jahon rekordi o‘rnatildi”, deyiladi maqolada.
Xitoy jamoatchiligi ushbu maqola orqali mamlakatimizda osh va uning hududlar kesimida tayyorlanish usullari haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘ladi.
“Oshni yegan inson uzoq vaqt o‘zini tetik va to‘q his qilgani bois u olis safarga chiqqan insonlarning sevimli taomi hisoblangan. Aslida, o‘zbek oshxonasining ko‘plab an’anaviy taomlari yuqori kaloriyali ovqatlardan iborat. Ular asosan go‘sht, mol yog‘i, yong‘oq va pista moyi, don va ziravorlardan tayyorlanadi. Ammo mahalliy aholi kuchli kaloriyaga ega bunday taomlarni yeyishdan xavotirga tushmaydi. Sababi O‘zbekistonda ovqatlanish madaniyati muvozanat tamoyiliga asoslangan: ho‘l meva va sabzavotlarning ko‘pligi yog‘li taomlar hazm bo‘lishini yaxshilaydi.
Bundan tashqari, mavsumiy taomlar o‘zbek oshxonalarida keng tarqalgan bo‘lib, ular iqlimga va vitaminlarga bo‘lgan ehtiyojga qarab o‘zgarib turadi. Masalan, xalq tabobatiga ko‘ra, bahorda ko‘proq ko‘katlarni iste’mol qilish tavsiya etiladi. Shu sabab bahoriy bayramlarda dasturxonga turli ko‘katlardan tayyorlangan sumalak, somsa va pishiriqlar tortiladi”, deyiladi xabarda.
“O‘zbekistonga safarim chog‘ida mahalliy aholi o‘zbek milliy oshpazlik madaniyati 3 ming yillik tarixga ega ekanini aytib berishdi. Eng muhimi, pazandalik – bu O‘zbekistonda jiddiy fan sanaladi. XI asrning mashhur mutafakkiri Abu Rayhon Beruniy yashab o‘tgan zamonlarda ovqat tayyorlash inson salomatligi va sog‘lom turmush tarzining mezoni bo‘lgan”, deya ilmiy asoslar orqali o‘z maqolasiga xotima yasaydi muallif. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar