date
views 2 519

Adliya vazirligi: FHDYO organlari yangi talablar asosida ishlaydi

Adliya vazirligi: FHDYO organlari yangi talablar asosida ishlaydi
2020 yilning 8 iyun kuni Adliya vazirligi onlayn rejimda tezkor yig‘ilish o‘tkazildi.
Videokonferensaloqa shaklida o‘tkazilgan majlisda adliya organlari va muassasalari rahbarlari va mas’ul xodimlari ishtirok etdi.

Majlis Adliya vaziri Ruslanbek Davletov boshchiligida bo‘lib o‘tdi. Unda joriy yilning 19 may kuni davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni, unga asosan vazirlik zimmasiga yuklatilgan bir qator qo‘shimcha vazifa va funksiyalarni amalga oshirishda e’tibor qaratish lozim bo‘lgan jihatlar xususida alohida to‘xtalindi.

Mazkur Farmonda belgilangan yangi vazifalar va funksiyalar adliya organlari va muassasalari xodimlarining mas’uliyatini yanada oshirishi ta’kidlandi. Shundan kelib chiqib, soha oldida ko‘zda tutilayotgan yangi marralar belgilanib olindi.

Shuningdek, yig‘ilishda 2020 yilning 1 aprelidan adliya tizimiga o‘tgan FHDYO organlari, ushbu organ faoliyatini tizimli nazorat qilish, malakali kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish, huquqni qo‘llash amaliyotini muvofiqlashtirish borasidagi ishlar ham muhokama etildi.

Ma’lumot o‘rnida keltiramiz, bugungi kunda FHDYO arxivlarida 60 milliondan ortiq fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlari mavjud, shundan 31,1 milliontasi (ya’ni, 50% dan ortig‘i) raqamlashtirildi.
Natijada: fuqarolarga eksterritorial tamoyil (propiskasi qayerda bo‘lishidan qat’iy nazar) asosida arxiv hujjatlarini taqdim etish tartibi joriy etildi va fuqarolarga arxiv hujjatlari bilan bog‘liq ma’lumotlarni 3 kungacha muddatda taqdim etishga erishildi (avval 15 kun edi).

Yig‘ilishda rejalashtirilgan ishlarni yana biri sifatida joylarda FHDYO arxivida barcha turdagi (tug‘ilganlik, nikoh, nikohdan ajralganlik va o‘lim va ularga kiritilgan o‘zgartirishlari haqida) ma’lumotlarni olishda murojaatlarni onlayn qabul qilish va javob berish tartibi joriy etilishi aytildi.

Ushbu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida avvalo adliya organlari va muassasalarida korrupsiyaga qarshi kurashga, soha xodimlari tomonidan aholiga huquqiy xizmat ko‘rsatishda ochiqlik va shaffoflikka e’tibor qaratilayotganini ishtirokchilar ta’kidladi.
Tizimda korrupsiyani yuzaga keltiruvchi asosiy omillar bo‘lgan kadrlar tanlashga noxolis yondoshuv va xodimlarning yetarli moddiy ta’minlanmaganligi kabi kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha aniq choralar ko‘rilib kelinayotgani qayd etildi.

Shu bilan birga, yig‘ilishda FHDYO sohasida amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan bir qatorda olib borilgan o‘rganishlar natijasida aniqlangan muammolar ham tahlil etildi. Ta’kidlanishicha, ushbu muammolar soha xodimlari tomonidan fuqarolarga huqukiy xizmat ko‘rsatish sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Bundan tashqari, oylik ish haqi darajasi va moddiy-texnik ta’minotning yetarli emasligi, shuningdek, Davlat xizmatlari agentligining ayrim hududiy boshqarmalari rahbarlari va xodimlarining harakatlaridan FHDYO organlari xodimlarining noroziligi bo‘yicha ham murojaatlar mavjudligi muhokamalar paytida gapirildi.

Bugungi kun holatiga ko‘ra, soha bo‘yicha jismoniy va yuridik shaxslardan jami 211 ta (156 ta ariza, 50 ta shikoyat va 5 ta taklif) murojaatlar kelib tushgan.
Shikoyatlar hudud bo‘yicha tahlil qilinganda faoliyat yuritayotgan FHDYO organlari ustidan Toshkent shahridan 13 ta, Toshkent viloyati 10 ta, Samarqand 9 ta, Farg‘ona 3 ta, Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Surxondaryo viloyatlaridan 2 tadan hamda Jizzax va Sirdaryodan 1 tadan shikoyatlar kelib tushgan.

Yig‘ilishda mavjud muammolar tanqidiy tahlil etilib, adliya organlari kabi FHDYO organlari ham mas’uliyatni baravar his qilgan faoliyat yuritishi, qabul qilingan “Adliya qadriyatlari” ga to‘la-to‘kis amal qilishi lozimligiga urg‘u berildi.
Xalqimizga tez va sifatli davlat xizmatlarini ko‘rsatish orqali ularni rozi qilish uchun sidqi dildan mehnat qilishlari zarurligi kun talabi, dolzarb masalalardan biri ekanligi yana bir bor ta’kidlandi.

Yig‘ilish davomida mavjud muammolarni bartaraf etish, jumladan, FHDYO bo‘limlari xodimlarining oylik ish haqini oshirish, pullik xizmat tushumlaridan ularga ustamalar belgilash, zarur kanselyariya mollari hamda boshqa moddiy-texnika vositalari bilan ta’minlash hamda sohani takomillashtirish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.

Adliya vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Adliya vazirligi: FHDYO organlari yangi talablar asosida ishlaydi