14:30 / 14.06.2020
2 505

Qiblamiz Saudiyada, ammo Saudiya qiblamiz emas! (uchinchi maqola)

Qiblamiz Saudiyada, ammo Saudiya qiblamiz emas! (uchinchi maqola)
Yodgorliklarni saqlash haqida so‘zlagan odamni darrov qabrparast, bid’atchiga chiqarishga shoshilmang. Biz ham shirkka qarshimiz, biz ham bid’atni qoralaymiz. Hech qachon Allohdan o‘zgaga sig‘inishni qabul qilmaymiz, dinga o‘zgartirish kiritishni yoqlamaymiz. Ammo buning uchun islomiy tariximizni mahv etish kerak emas, balki uni asrab, ro‘y-rost o‘rgatish, to‘g‘ri talqin qilish kerak. Chunki odamlarni tarbiyalasa bo‘ladi, ammo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va sahobalardan qolgan osorlarni qaytib tiklab bo‘laydi.

Shuning uchun sahobalar va ulardan keyingi ummat olimlari shirkni qalbdan yo‘qotishga harakat qilishgan, qalblarni tarbiya qilishgan, ammo yodgorliklarni buzishmagan, zohir bilan olishib yurishmagan. Qolaversa, bitta-ikkita e’tiqodi chalkash, johillar hamisha bo‘lgan, ular har qanday sharoitda ham o‘zining shirku bid’atidan qolmaydi, qabrlarni tekislab tashlasangiz ham, nimalargadir sig‘inib yotaverishadi. Mana, Baqi’ga boring, hozir ham ayrim shialar borib, o‘sha joyda oli baytga sig‘inib yotibdi. Bu kabi johillarga o‘chakishib, yodgorliklarni yo‘q qilish esa o‘ta ketgan kaltabinlikdir. Burgaga achchiq qilib, ko‘rpani kuydirish ahmoqlikdan boshqa narsa emas.

Shuning uchun bid’atu shirkka qarshi turishda ham to‘g‘ri, mo‘’tadil yo‘l tutish kerak, buzg‘unchilik emas, bunyodkorlik kerak. Og‘riyapti deb, qo‘lingizni chopib tashlamaysiz yoki badbo‘y ekan deb, burningizni kesib yubormaysiz-ku!

Bu so‘zlarni anglash uchun kishi Islom tarixidan boxabar bo‘lishi va u bilan faxrlana olishi kerak. Hali bu borada hech nima o‘qimasdan oldin, borib, u yerdagi vaziyatni ko‘rmay turib, his qilmay turib, uyda o‘tirib olib javrash – johillikdir. Agar holatni atroflicha o‘rgansangiz, shundagina yuqoridagi gaplarni to‘g‘ri tushunasiz va Islom ummati nima uchun bu osorlarni ming yillar osha saqlab kelganini anglaysiz.

Tariximizning eng qadrli damlarini, saodat asrini eslatib turadigan yodgorliklarni yo‘q qilish bilan dinimiz sof bo‘lib qolmaydi. Boshqa joylarda hamma osori atiqalarimiz saqlanmoqda, nima, hamma mushrik bo‘lib ketyaptimi? Mana, Misr, Turkiya va boshqa joylarda islomiy yodgorliklar saqlangan, qanday go‘zal! Nima, shu bilan u yerdagi hamma musulmonlar mushrik bo‘lib qolibdimi? Yo‘q, aksincha, ularda o‘zlik yaxshiroq saqlab kelinmoqda.

Bizda bosqinchi ruslar madrasa va masjidlarimizni buzgan, xarobaga aylantirgan. Bu muborak dargohlarning hali ham o‘z holiga qaytmaganlari ko‘p. Biroq, bu buzg‘unchilikni dushman qilgan, uning bori shu. Qolaversa, bizdagi islomiy osorlar asosan shu yerlik musulmonlarga oid. Ammo Ikki Haramdagi osorlar butun Islom ummatiniki, bevosita Rasulimiz sollallohu alayhi vasallamga tegishli, qolaversa, ularni musulmonlik da’vosi bilan yo‘q qilingani nihoyatda alamlidir. Shu bois, bu ikki holatni bir-biriga qiyoslash noto‘g‘ri, orada yer bilan osmoncha farq bor. Aniqrog‘i, bir joydagi buzg‘unchilik boshqasini oqlamaydi.

Ayrim joylarda mahalla masjidlari yopilgani ham tamoman boshqa masala. Shu bilan birga, buni ham hech kim oqlayotgani yo‘q. Qanchadan-qancha qadimiy madrasa va masjidlar ishlamay, muzey bo‘lib yotgani ham quvonarli holat emas. Ular ajdodlar qilgan niyatlarga ko‘ra, o‘z vazifalarini bajarishi kerak. Ammo bu inshootlarning saqlanib turgani bizga yupanch beradiki, vaqti-soati kelib, xalqimiz o‘zligini anglagani sari bu dargohlar asliga qaytishini umid qilsa bo‘ladi. Lekin bu binolar buzib tashlansa, u holda xalq o‘z o‘tmishidan butkul ayriladi. Alloh O‘zi asrasin!

Tarix kitoblarini o‘qisangiz, har bir qo‘shin o‘z yurtining, o‘z aqiydasining ramzi sifatida jangga bayroq ko‘tarib kirganini ko‘rasiz. Xo‘sh, sizningcha, bu bayroq ham shirk bo‘lsa kerak? Fathu nusrat faqat Allohdan deysiz-da? Ammo unda nima uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham jangga bayroq ko‘tarib kirganlar? Nima uchun sahobalar ana shu bayroqni, qo‘li kesilib tushsa ham, yiqitmay, tik ushlab turishga harakat qilib, shahid bo‘lishgan? Shu bir parcha lattani deb, o‘zini mayib qilish shartmidi deb ko‘ringchi? Mana shu nuqtada sizlarning shirk haqidagi tushunchangiz qanchalik tor, sayozligi ko‘rinib qoladi. Biz yo‘q qilinganiga achinayotgan, siz esa johillik qilib, pisand qilmayotgan osori atiqalar ham musulmon ummati uchun go‘yo o‘sha bayroqdek aziz, tabarrukdir.

Rus bosqinchilari shahar-qishloqlarimizni o‘qqa tutganda «Minoralarni yo‘q qilinglar, ular bizga bu xalqning egilmas qaddini eslatyapti», deb buyruq bergan ekan. Bu ham ushbu osorlarning qanchalar ahamiyatli ekanini ko‘rsatadi.

Osori atiqalar ularni bunyod etgan tamaddun bilan hamisha chambarchas bog‘liq bo‘ladi. Binobarin, ularga berilgan zarba unga bog‘liq madaniyatning ildizigacha borib yetadi. Shuning uchun ham islomiy yodgorliklarni yo‘qotish Islom dushmanlarining azaliy orzusi va eng katta maqsadlaridan bo‘lgan. Yaqin Sharqdagi urushlarda ham aynan shu holat kuzatib kelinadi. Dushmanlar juda uzoqni o‘ylab ish qilishmoqda.

Ular musulmonlarning shonli tarixini imkon qadar yo‘qotish, yer yuzidan supurib tashlash harakatida. Buning uchun esa bizning bid’atshunos, shirkshunos jonbozlarning g‘oyalari va nodon shovvozlari ayni muddao bo‘lmoqda. Balki shuning uchun ham ular har qancha ko‘poruvchilik qilmasin, og‘alarining nazaridan qolmay, qurol va pul bilan ta’minlab kelinayotgandir.

Buni qarangki, islomiy osorlarga ana shunday bepisand bo‘lgan kishilar o‘z davlatining tarixini saqlash uchun unga oid osorlarni asrashni juda yaxshi biladi. Ibn Boz, Ibn Usaymin ‒ Alloh ularni mag‘firat qilib, rahmatiga olsin ‒ kabi olimlarning ko‘zoynaklarigacha saqlab, yodgorliklarini ehtiyot qilishadi. Ammo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning osorlarini saqlashni bid’at deyishadi, tabarruk qilishni harom deyishadi, shirk deyishadi.

U zotning mavlidlarini nishonlash bid’at ekan, ammo Ibn Bozning tug‘ilgan kuniga yubiley tashkil etish joiz ekan. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning madhlarida qasida aytib, mavlid o‘qishni bid’at deb, quvib solishadi, o‘zlari esa Ibn Bozning madhida jo‘rovoz bo‘lib, g‘azallar aytishadi. Bu ziddiyatni qanday izohlash mumkin, bilmadim.

Bu satrlarda ma’lum bir toifani yomonlash yoki musulmonlar o‘rtasiga adovat solish maqsad qilinmagan. Biz faqat voqelikni bilib qo‘yishga va bundan kerakli xulosa olishga chaqirmoqchimiz. Faqat ko‘r-ko‘rona ergashish, himoya qilish emas, balki voqelikka basirat bilan, qalb ko‘zi bilan nazar solishni o‘rganishni urg‘ulamoqchimiz. Shu bilan birga, bid’at va shirk mavzusida g‘uluvga ketishning oqibati qanchalik yomon ekanini, musulmonlar o‘z tarixiga nisbatan ehtiromda bo‘lishlari lozimligini, unga oid har bir narsani asrab-avaylashlari kerakligini uqtirmoqchimiz.

Din faqat Saudiyada emas, ilm faqat ular bilan cheklanib qolmagan. Aksincha, Islom olamining ilm o‘choqlari, sof islomiy tushunchalar boshqa joylarda ko‘proq saqlanib qolgan. Mana shu haqiqatni ham unutmaslik kerak. Ayrim toifalarning balandparvoz gaplari, zohirlari sizlarni aldab qo‘ymasin.

Birovni himoya qilishdan oldin masalani atroflicha o‘ylab, chuqurroq o‘rganing va xolis bo‘ling. Bir qavmga bo‘lgan adovat tufayli adolatsizlik qilishdan ogohlantirar ekansiz, bir qavmga bo‘lgan muhabbat ham aynan ushbu ehtiyokorlikni taqozo qilishini unutmang! Shu bilan birga, mutaassiblik qilib, hozirgi saudiyaliklarning yonini olaman deb, oldingilarini mushrikka chiqarib qo‘ymang!

G‘arbliklar o‘zlarining tarixiy shaxslariga tegishli daftar-qalam, choynak-piyolalarini ham saqlab kelishadi. Shu bilan ular avlodlarni ajdodlarga bog‘lashga harakat qilishadi. Aniqrog‘i, ular shu orqali o‘z odamlarini kerak bo‘lsa, Islomdan to‘sishga ham erishishmoqda. Ammo biz musulmonlar o‘zligimizni o‘z qo‘limiz bilan yo‘q qilib, keyin farzandlarimizning g‘ayridinlarga mahliyo bo‘lganidan yozg‘irib o‘tiribmiz.

Kimdir o‘zicha: «Islom da’vat bilan, ta’lim bilan yetkaziladi va saqlanadi, bu ashyolarning hech qanday ahamiyati yo‘q» deb, aqllilik qilishi mumkin. Bu o‘ta sayoz gap. To‘g‘ri, Islom avvalo ta’lim-tarbiya bilan qoim bo‘ladi, ammo islomiy yodgorliklar aynan shu maqsadga tirgak bo‘ladigan, davrlar o‘tishi bilan ham asliyatni tanishtirishda asosiy ahamiyat kasb etadigan ashyoviy dalillar hisoblanadi. Qolaversa, ilmni hamma ham uqmasligi, anglamasligi mumkin, ammo osorlardan har qanday aqli sog‘lom odam ta’sir oladi.

Xulosa qilib aytganda, qiblamiz bugungi Saudiya davlatida bo‘lgani, u yerda ayrim yaxshi ishlar bo‘layotgani ulardagi xatolarni oqlashga yo‘l bermasin. Xatoni xato deng, nima qilasiz qorani oq deb, o‘zingizni qiynab? Shuningdek, qiblamiz o‘sha yerda bo‘lgani aqiyda va fiqhda sizni aldab qo‘ymasin.

Birgina saudiyalik olimlarning tarafini olib, boshqa joylardagi ulamolarni pisand qilmaslik ham insofsizlik. U yerda ham bir qancha ahli sunna olimlar hukmron aqiydaning ko‘p qilmishlaridan jabr chekishyapti. U yerdagi hamma olimlar ham bu buzg‘unchiliklarga rozi bo‘lgan deb o‘ylamang. Makka ahli ushbu yodgorliklar uchun qon qaqshab yig‘laganini muxlis kishilar yaxshi bilishadi.

Ammo siyosatga qarshi chiqish imkonsiz bo‘lgani uchun dardini ayta olmaydi. Chunki ha desa, qabrparastga, shirkparastga chiqarib, hukumatga qarshi qo‘yib qo‘yishlari mumkin. Ba’zi o‘rinlarda xolis olimlarga qarshi qilinayotgan tasarruflar boshqa joylardagidan ham og‘ir. Shuning uchun zohirdan xulosa chiqarishga shoshilmaslik kerak, botinda juda gap ko‘p. Xullas, «Qiblamiz Saudiyada, ammo qiblangiz Saudiya bo‘lmasin!»

Shuni ham ta’kidlash o‘rinliki, yuqoridagi holatlarning ko‘pchiligi ma’lum doiralarga tegishli bo‘lib, oddiy xalqqa aloqasi yo‘q, chunki odatda omma sodda musulmon, muxlis mo‘min bo‘laveradi. Shu bilan birga, xatokor bo‘lsa-da, u yerdagi har bir musulmon iymondagi birodarimiz hisoblanadi, shu bois ularning fe’llaridan norozi bo‘lsak‑da, o‘zlarini mo‘min sifatida yaxshi ko‘raveramiz. Biroq, bu hol bizni voqelikni to‘g‘ri anglashdan, to‘g‘ri fikr yuritishdan chalg‘itib qo‘ymasligi kerak.

Alloh taolo hammalarimizning holimizni isloh etsin, Islom ummatiga o‘zligiga yaxshilik bilan qaytib, asl Islom bilan zafar quchishini nasib aylasin!

Hasanxon Yahyo Abdulmajid

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qiblamiz Saudiyada, ammo Saudiya qiblamiz emas! (uchinchi maqola)