22:20 / 24.06.2020
1 941

AQSHdagi milliarderlar maktab ta’limini qo‘llab-quvvatlash uchun qanday pul sarflashadi?

AQSHdagi milliarderlar maktab ta’limini qo‘llab-quvvatlash uchun qanday pul sarflashadi?
Netflix, Microsoft va Facebook asoschilari o‘z vatanlaridagi o‘rta ta’limga yordam berish uchun mablag‘ni ayamay sarflaydi: investitsiyalar dam olish markazlari qurilishi, o‘quv rejasi samaradorligini monitoring qilish va maktablarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.

Netflix striming platformasi asoschisi, milliarder Rid Xastings maktab o‘qituvchilari uchun salomatlik markazi qurmoqchi. Ushbu loyiha uchun Kolorado shtatidan 850 gektar yer ajratildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Retreat Land at Lone Rock («Yolg‘iz qoyadagi shifobaxsh yer») lageri 2021 yil martda ochiladi. U har to‘rt kunda davlat va xususiy maktablarning 30tadan o‘qituvchisini qabul qiladi.

Loyiha bir necha yil davomida ishlab chiqilgan, unga Xastingsning 20 mln dollar miqdoridagi shaxsiy mablag‘i sarflangan. Milliarder anchadan beri Amerika ta’lim tizimini isloh qilishni istaydi. U 2016 yilda bu tashabbus uchun 100 mln dollar sarflashga va’da bergandi. Shu bilan birga, Rid Xastings 1998 yilda Kaliforniyada charter maktablar tashkil etishni soddalashtirgan tashabbus hammuallifi bo‘lgan.

Bu muassasalar o‘zida xususiy va davlat maktablari unsurlarini birlashtirgan. Hech qaysi ta’lim bo‘limiga hisobot bermaydigan charter maktablar davlat hisobidan moliyalashtiriladi, bu esa o‘quvchilarning bepul ta’lim olishini ta’minlaydi. AQSHda bunday maktablar soni 200dan ortiq.

Microsoft hammuassisi Bill Geyts ta’lim tizimiga 1 mlrd dollar kiritdi va yetti yil davomida kam daromadli oilalarning o‘quvchi farzandlari uchun davlat testlari natijalarini yaxshilash bo‘yicha tashabbusni qo‘llab-quvvatlab keldi. U buning uchun o‘qituvchilar ishini monitoring qilish tizimini isloh qilishga pul sarfladi. To‘g‘ri, davlat testlari natijalari yaxshilanib qolmadi. Hatto Arkanzas universiteti professori Jey Grin Geytsning dasturi foydadan ko‘ra ko‘proq zarar keltirganini e’lon qildi.

Ammo shunga qaramasdan, Nyu-York gubernatori Endryu Kuomo Geytsni mahalliy davlat maktablari samaradorligini oshirishda yordam berishga chaqirdi. Kuomo may oyida Bill Geyts bilan mazkur dastur ustida ish olib borilayotganini ma’lum qildi.

Amerika ta’lim tizimiga katta pul ajratadigan yana bir milliarder Mark Sukerbergdir. U Nyuark shahridagi barcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha qoloq maktablarga 100 mln dollar ajratdi. Ularni ta’mirlashga pul va darsliklar deyarli ajratilmasdi. Bolalarning qariyb yarmi maktabda o‘qishni tashlagandi.

Voqea 2010 yilda bo‘lgandi. Facebook asoschisi o‘zining Startup: Education jamg‘armasidan maxsus tuzilgan Foundation for Newark's Future (FNF) tashkiloti hisobiga besh yil davomida pul o‘tkazish majburiyatini olgandi. Maktab tizimi rahbari Kemi Anderson Sukerbergning rejasiga amal qilgan holda o‘qituvchilarning samaradorlik ko‘rsatkichiga asoslanib ularning maoshlarini oshirdi va «me’yor»ni uddalay olmaganlarni ishdan bo‘shatdi. Bu esa Nyuarkdagi maktablarni isloh qilish nisbatan noroziliklar keltirib chiqardi. Natijada Sukerbergning urinishlari foyda bermadi: bitiruvchilarning atigi ikki foizi oliy o‘quv yurtlariga kira oldi.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » AQSHdagi milliarderlar maktab ta’limini qo‘llab-quvvatlash uchun qanday pul sarflashadi?