
Navoiy viloyatida kutilmagan holat qayd etildi — ikki dona qalampir uchun 2 milliard so‘mlik chek rasmiylashtirilgan. Bu voqea haqida Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, do‘kon sotuvchisi tomonidan oddiy xato ortidan shunday holat yuz bergan. U 20 ming so‘mlik qalampir mahsuloti uchun chek urishi lozim bo‘lgan bo‘lsa-da, anglashilmovchilik sababli 2 milliard so‘m summani to‘lov kassasiga kiritib yuborgan.
Bu xatolik sababli tadbirkor hisobida katta miqdorda soliq qarzdorligi yuzaga kelgan. Holatdan keyin tadbirkor soliq idorasiga murojaat qilib, ortiqcha hisoblangan mablag‘ni bekor qilishni so‘ragan. Biroq hududiy Soliq boshqarmasi “chek ma’lumotlarini tahrirlab bo‘lmaydi” degan asos bilan rad javobini bergan.
Shundan so‘ng tadbirkor qonun yo‘li bilan o‘z haqini talab qilishga qaror qilgan. U viloyat Soliq boshqarmasi ustidan Navoiy tumanlararo ma’muriy sudga shikoyat arizasi bilan murojaat qilgan. Sud tekshiruvidan so‘ng mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari qonun talablariga zid, deb topildi va tadbirkor foydasiga hal qiluv qarori qabul qilindi.
Bu voqea kichik bir raqam xatosi ham tadbirkorlar faoliyatiga qay darajada ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini yana bir bor ko‘rsatdi. Mutaxassislar esa shunday holatlarni oldini olish uchun elektron hisob tizimlarini yaxshilash va chek ma’lumotlarini tuzatish imkoniyatini qonun darajasida belgilash zarurligini ta’kidlamoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!