
O‘zbekistonda ijtimoiy himoya tizimi doirasida kam ta’minlangan aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash ishlari izchil davom etmoqda. Davlat soliq xizmati ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning yanvar–sentyabr oylarida 275 mingdan ortiq oilaga umumiy hisobda 81,8 milliard so‘m miqdorida ijtimoiy keshbek to‘lab berilgan.
Bu tizim 2023-yilning 1-mayidan boshlab amalga joriy etilgan bo‘lib, “Ijtimoiy himoya yagona reestri”ga kiritilgan jismoniy shaxslar chek orqali sotib olgan ayrim tovarlar uchun 1 foizlik oddiy keshbek o‘rniga 12 foiz miqdoridagi qo‘shilgan qiymat solig‘ini (QQS) qaytarib olish imkoniyatiga ega bo‘lishgan.
Soliq idorasi ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur chora nafaqat oilalarning iqtisodiy yukini yengillashtirishga, balki rasmiy savdo aylanmasi hajmini oshirishga ham xizmat qilmoqda.
QQS qaytarish bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich qayd etilgan hududlar quyidagicha:
-Samarqand viloyati – 22,9 milliard so‘m,
-Toshkent shahri – 16,2 milliard so‘m,
-Toshkent viloyati – 7 milliard so‘m.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, ijtimoiy keshbek dasturi aholining moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirish, kutilmagan sarf-xarajatlar sharoitida byudjetni muvozanatda ushlab turish va rasmiy iqtisodiy faollikni rag‘batlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yil davomida iste’molchilarga jami 1 trillion so‘mdan ortiq keshbek to‘lab berilgani haqida avvalroq xabar qilingan edi. Bu esa davlat tomonidan fuqarolarning real daromadlarini oshirish va ichki bozorni faollashtirish yo‘lidagi islohotlarning amaldagi natijasidir.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!