
1-noyabrdan boshlab O'zbekistonda bir qator yangi qoidalar va qarorlar kuchga kiradi. Quyida asosiy o'zgarishlar haqida ma'lumot beramiz: 1.
Toshkent metropolitenining yer usti halqa yo'nalishi qayta ishga tushadi. Avvalroq ta'mirlash ishlari sababli «Texnopark»dan «Kipchak»gacha bo'lgan 14 bekatdagi poyezd harakati vaqtincha to'xtatilgan edi.
Ta'mirlash davomida yo'l qoplamasi tiklandi, eskirgan relslar almashtirildi, drenaj tizimi tekshirildi va shag'al qatlamining mustahkamligi sinovdan o'tkazildi. 2.
Avtomobillarga gaz uskunasi o'rnatilganda endilikda texnik pasportni almashtirish talab etilmaydi. Ushbu ma'lumotlar elektron tizimga kiritiladi, bu esa davlat xizmatlari olish jarayonini soddalashtiradi va xarajatlarni kamaytiradi.
3. Tadbirkorlar universal QR-kod orqali har qanday mobil ilova orqali to'lovlar qabul qilish imkoniga ega bo'ladilar.
Hozirda mamlakatda 40 dan ortiq elektron to'lov tashkiloti faoliyat yuritmoqda. 4.
Ishsizlar uchun nafaqa va ijtimoiy himoya bo'yicha yangi qoidalar joriy etiladi. So'nggi 5 yilda kamida 18 oy ishlagan fuqarolar 3 oy davomida nafaqa olishlari mumkin.
Nafaqa miqdori oxirgi 18 oydagi o'rtacha daromadga qarab belgilangan holda, birinchi oyda 75%, keyingi ikki oyda esa 50% to'lanadi. Biroq, bu miqdor uch baravar minimal ish haqidan oshmasligi kerak.
5. Ish beruvchilar 100 va undan ortiq xodim ishlaydigan tashkilotlarda nogironlar, oilaviy zo'ravonlik qurbonlari, kam ta'minlanganlar va yetimlar uchun ish o'rinlari zaxirasini (jami xodimlarning 3% gacha) yaratishi shart.
6. Kasbiy malaka oshirish yoki yangi kasb o'rganish istagidagi fuqarolarga maxsus voucherlar ajratiladi.
Bu vositadan foydalanganlar o'qishni tugatib, ishga joylashgach, ikki yil ichida mablag'ni Davlat bandlikka ko'maklashish jamg'armasiga qaytarishlari lozim. O'qish davrida minimal ish haqi miqdorida stipendiya to'lanadi.
7. Davlat xizmatlari markazlarida nafaqaxo'rlar, homilador ayollar va 3 yoshgacha bolasi bor fuqarolar navbatsiz xizmat olishadi.
Shuningdek, davlat xizmatlari portali orqali ko'rsatilgan shaxsiy ma'lumotlar qog'oz hujjatlar bilan teng kuchga ega bo'ladi. 8.
Pensiya yoshidagi fuqarolar uchun noyabr oyida ichki poezd chiptalariga 20% chegirma taqdim etiladi. Bu chegirma «Afrosiyob» poyezdlariga tatbiq etilmaydi.
Shuningdek, Uzbekistan Airways noyabr oyida ichki reyslar uchun iqtisodiy sinf chiptalariga 15% chegirma e'lon qildi. 9.
Biznesni qo'llab-quvvatlash uchun ishlab chiqarish va xizmat ko'rsatish sohalariga 10 milliard so'mgacha bo'lgan kreditlar ajratiladi. Bundan tashqari, «yashil» iqtisodiyot sohasidagi kichik biznes loyihalari uchun 500 million so'mgacha, yillik 6% stavkagacha imtiyozli kreditlar beriladi.
10. Davlat boshqaruvi tizimida 2141 ta ish o'rni qisqartiriladi.
Shuningdek, qo'mita, agentlik va inspeksiyalarda rahbar o'rinbosarlari soni 16 taga kamaytiriladi. Bu chora byurokratiya darajasini kamaytirish va boshqaruv samaradorligini oshirish maqsadida amalga oshiriladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar