17:32 / 12.07.2020
2 660

"Allohga shart qo‘yishga haqimiz bormi?"

"Allohga shart qo‘yishga haqimiz bormi?"
“Taqvim”da ishlab yurgan kezlarim edi. Bir kuni bir yigit sim qoqib, ko‘rishishimizni iltimos qildi. Nima masaladaligini so‘rasam, menda taqvimbop ajoyib voqea bor, shuni aytib bermoqchiman, dedi. Yoshi kattalar yaxshi bilishadi, nashrimiz hikmatli voqealari, ta’sirli hikoyalari bilan xalq muhabbatini qozongan edi. Shuning uchun qiziqarli voqealarni o‘zlari yozib keladiganlar ham, aytib berib yozdiradiganlar ham ko‘p edi...

Xullas, o‘sha yigit bilan Ganga do‘konining tagidagi kafeda ko‘rishdik. U boshidan o‘tgan voqeani hayajon bilan so‘zlay ketdi. To‘g‘risi, bunchalar ta’sirchan qissa eshitaman deb o‘ylamagan edim. Hikoyani uning og‘zidan taxminan mana bunday shaklda eshitdim...

“Uylanganimda qurilishda ishlar edim. Bilasiz, bunaqa joyda ishlaganlar doim ishdan keyin “changyuvdi” qilishadi. Men ham qatordan qolmasdim. Ayolim u paytda faqat bomdod namozini o‘qirdi. O‘zim ichsam ham, namoziga qarshiligim yo‘q edi. Uning dindan oz-moz xabari bo‘lib, mengayam onda-sonda gapirib turardi. Shu gaplarining ta’sirida “jumavoy”ga aylandim. Ammo juma namozga chiqadigan odamning payshanba kuni ichishi durust emasligini o‘zim his etdim. Shunday qilib, har juma kuni juma namoziga boradigan, unga tayyorgarlikni esa, payshanbadagi “changyuvdi”ni tark qilishdan boshlar edim.

Keyin-keyin jumadan keliboq ichish yuzsizlikday tuyula boshladi. O‘zimdan o‘zim uyaldim. Shunday qilib, payshanbaning yoniga jumayam qo‘shildi – “changyuvdi” ikki kunga qisqardi. Keyin chorshanba, seshanba, dushanbalar ham payshanbaga hamroh bo‘lishdi. Faqat shanba – haftaning oxirida ichishni tark qilish biroz qiyin bo‘ldi. Boshqa kunlarim payshanbaga qo‘shilish barobarida o‘zim ham xotinimga qo‘shilib bomdodni o‘qiy boshladim. Ammo xotinim mendan oldinda borardi – u besh vaqtga o‘tgan edi.

Biz baxtli edik. Ayolimni ardoqlayman, u ham meni hurmat qiladi. Ammo, hech narsadan kamimiz yo‘q, deb aytolmayman, bunday deyishga bir kamimiz tilimni tishlatadi. Turmush qurganimizga yetti yil bo‘lgan esa-da, farzandimiz yo‘q edi. Bormagan duxtirimiz qolmadi. Hech biri ayb senda yoki xotiningda, degani yo‘q. Boshqa turmush qursanglar, ikkalangiz ham farzandli bo‘lib ketasizlar, faqat bir-biringizga to‘g‘ri kelmayapsiz, shunaqasi ham bo‘lib turadi, deyishardi. Ikkalamiz bir-birimizga qarab mo‘ltiraymiz, axir, yillar o‘tgan sari u meni, meni uni jondan ortiq ko‘rib borardim. Shunday kunlarning birida xotinim:

- Bir narsani siz bilan maslahat qilmoqchiydim, - deb qoldi. Xayolimga darrov qo‘rqinchli narsa keldi.
- Nima ekan? – dedim shumshayib.
- Men Allohdan farzand so‘rab, “Agar farzand bersang, hijobga kiraman”, deb va’da bermoqchiman... Siz shunga qarshilik qilmaysizmi?

Yomon gapni kutib turganimgami, xotinimning bu gapidan xursand bo‘lib ketdim. Hatto hijobga kirishiga rozilik beraturib, “Agar farzand bersa, men ham ichishni butkul tashlab, besh vaqt namozga o‘taman”, deb yubordim! Xullas, ikkimiz shu kecha shartlashdik: agar Xudoyim bizga farzand bersa, u hijobga kiradi, men ichishni tashlab, besh vaqt namoz o‘qiyman!

Shu ahd bilan tongni ottirdik. Ertalab birga bomdodni ham o‘qidik. Namozdan keyin xotinim: “Bir narsani o‘yladim”, deb qoldi.
- Xo‘sh?

- Bizning Allohga shart qo‘yishga haqimiz bormikan? Sen bizga farzand bersang, hijobga kiraman yoki namoz o‘qiyman, deyishga haqqimiz bormikan? To‘g‘risi, bunday shart qo‘yganimga uyalib ketyapman. Yaxshisi, men hijobga kiray, Ollohim menga farzand bersin...

Ayolim bu so‘zlarni ko‘zda yosh bilan aytdi. Aytganlari mening ham miyamga tepdi. Uyalib boshladim.
- To‘g‘ri aytasan, - dedim, - bizning Ollohga shart qo‘yishga haqqimiz yo‘q. Men ham shu bugundan ichishni butkul tashlayman-da besh vaqt namozga kiraman. Mukofotini esa, O‘zidan so‘rayman!

Ollohga shart qo‘yganimdan bir uyalgan bo‘lsam, ayolimning aqli yetgan narsaga men erkakning aqli yetmaganiga ikki uyaldim. Shu kundan hayot tarzimiz o‘zgardi. Farzand ko‘rish ehtiyoji ham armonga emas, ishonch va xotirjamlik og‘ushidagi allanechuk shirin bir sog‘inchga aylanib qoldi. Men ibodatimdan masrur edim. Shu bilan birga, Olloh tez kunda bizga farzand berishiga qat’iy ishonch ham bor edi.

O‘ziga beadad shukurlar bo‘lsinki, o‘sha kundan bir yil o‘tib, sakkiz yil deganda qizlik bo‘ldik. Shu paytga qadar farzand bermaganigayam shukurlar qildim. Angladimki, U mendan pok zurriyodlar chiqarishni xohlagan, shuning uchun ham harom-xarish yeb-ichib yurgan mahalimda farzand bermagan. O‘ziga ming-ming shukurlar bo‘lsin. Qizning ortidan esa, o‘g‘il bilan ham siyladi...”

Suhbatdoshimning hikoyasi taxminan shunday edi. U ko‘zda yosh bilan so‘zlarini tugatayotganida, men ham dastro‘mol bilan yonoqlarimni artar edim. Keyin uyiga taklif qildi. Vaqtim ziq esa-da rozi bo‘ldim. Ollohning siylovlarini ko‘rish uchun ham borishga rozi bo‘ldim. Yunusobod tarafda turarkan. Ammo ichkari kirmadim. Ostonada adasiga peshvoz chiqqan qizaloqdan bir muddat ko‘zimni uzolmay turdim. Keyin haqlariga duo qilib, o‘sha yerdan qaytdim.

Abdug‘ofir Iskandar

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » "Allohga shart qo‘yishga haqimiz bormi?"