11:24 / 19.07.2020
1 759

Sabr — insonni maqsadiga eng tez olib boradigan yo‘l ko‘rsatuvchi

Sabr — insonni maqsadiga eng tez olib boradigan yo‘l ko‘rsatuvchi
Bugungi kunda butun jahon ahli og‘ir kunlarni boshidan o‘tkazmoqda. Ko‘zga ko‘rinmaydigan yov deb atalayotgan koronavirus pandemiyasiga keskin kurash olib bormoqda. Koronavirus infeksiyasi ko‘plab mamlakatlarni qamrab oldi.

Tojdor virus tufayli millionlab odamlarning xotirjamligi yo‘qoldi. Koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq har kunlik, har daqiqalik xabarlar barchamizni birdek xavotirga solmoqda.

Davlatimiz rahbari boshchiligida mamlakatimizda bu tahdidga qarshi samarali kurash olib borilmoqda. Bu borada dolzarb ahamiyatga ega bo‘lgan bir nechta muhim qarorlar qabul qilindi. Dunyoni larzaga solayotgan koronavirus pandemiyasining avvalo insonlar hayotiga jiddiy ta’sir qilayotgani, qolaversa, beparvolikka berilib, ijtimoiy, iqtisodiy, umuman, turmush tarzimizga salbiy oqibatlaridan tashvishlangan holda Prezidentimiz bir necha bor xalqimizga murojaat qildi.

Insonlarning, oilalarning bir zumda shu kasallik bilan xastalanganligi, undan aziyat chekayotganligi, qolaversa virusdan zararlanganlar soni ko‘payib borayotganligi har birimizni hushyor va ogoh bo‘lishga, sanitariya va gigiyena qoidalariga qat’iy amal qilishimizga, eng asosiysi e’lon qilingan karantin talablariga so‘zsiz rioya qilish lozimligini takror-takror ko‘rsatmoqda.

Ayni paytda, Sog‘liqni saqlash vazirligi barchani COVID-19 yuqishi oldini olish bo‘yicha tavsiyalarga amal qilishga chaqirmoqda. Albatta, bu davrning tez o‘tib ketishi faqat muayyan shaxslarga, tibbiyot xodimlariga emas, aksincha jamiyatimiz har bir a’zosining qat’iy intizom, sabr-toqat va ulkan mas’uliyat bilan vaziyatni chuqur anglagan holda yondashishlariga, birdamligimizga bevosita bog‘liq.

Ayni paytda, ayrim davlatlarda har kuni yuzlab, minglab odam bu kasallikdan vafot etayotganligi har birimizdan hushyor bo‘lishimizni, vaziyatning kuzatuvchisi yoki tomoshabini emas, balki jarayonning faol ishtirokchisi sifatida qolganlarni ham karantin talablariga so‘zsiz rioya qilishlarini ta’minlashimizni talab qilmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligining tavsiyasiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashda eng samarali usul hisoblangan «o‘z-o‘zini izolyatsiya qilish» qoidasiga qat’iy amalga qilishni bugungi davr talablari taqozo etmoqda.

Chunonchi, yurtimizda ushbu virusdan vafot etganlar orasida kasallikka befarq qarab, buni atrofidagilardan yashirib og‘ir ahvolda shifokorlarga murojaat qilganlari, kasallanganlar orasida esa «men koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lmaganman» degan yurtdoshlarimiz ham borligi hech kimga sir emas.

Yurtdoshlarimiz orasida karantin rejimini to‘g‘ri tushungan va unga to‘la qonli amal qilayotganlari, nafaqat o‘zlarining, balki atrofidagilarning ham sog‘ligiga befarq emaslari ko‘pchilikni tashkil etayotgan bo‘lsa-da, ammo ba’zida shifokorlar tomonidan karantin nazoratiga olishni rad etadigan fuqarolar ham borligini, ularning «men uydan chiqmayman» yoki «men uyda qolaman» deb qarshilik ko‘rsatish holatlari ham uchrab turayotganligini ta’kidlash o‘rinlidir.

Vaholanki, shifokor nazorati ostidagi karantin uyda ko‘chaga chiqmasdan kun o‘tkazishdan farq qilishi ko‘pchilikka ma’lum. Qachonki, virus bilan zararlanish ehtimoli yuqori bo‘lsa, bunday shaxslar maxsus karantin shifoxonalariga olib boriladi va shifokorlar tomonidan tunu kun kuzatiladi, maxsus testlar o‘tkazilib kasallik erta davrlardanoq aniqlanadi. Bu avvalo, karantinga olingan shaxs va uning atrofidagilari muhofazasi uchun esa muhim ahamiyatga ega.

Ba’zan ish faoliyatimizda ayrim fuqarolar tomonidan «menda hech qanday belgi yo‘q, agar sezsam tez yordamga xabar beraman», degan qarshiliklar ham bo‘ladi.

Aksariyat hollarda, virus organizmga tushgandan so‘ng bir necha kun davomida o‘ziga mos sharoitni qidirib o‘rnashishini, shundan keyingina odam sezadigan belgilarni (haroratning ko‘tarilishi, burunning oqishi, tomoq, mushak og‘riqlari, yuqori isitma, nafas yetishmasligi yoki diareya kabilar) namoyon qilishini erinmasdan tushuntirish ham kundalik qoidamizga aylangan.

Binobarin, har qanday kasallik singari, COVID-19 infeksiyasining erta diagnostikasi ham dolzarb ahamiyatga ega bo‘lib, bemorlarni xavfli asoratlarsiz davolashda, kasallikning nisbatan yengil o‘tishida muhim o‘rin egallaydi.

Shuning uchun tez tibbiy yordam markazlarining shifokorlari tomonidan tavsiya etilgan maxsus karantin shifoxonalarini rad etmaslik zarur. Albatta, bu borada har bir insonda «Qanday insonlar karantin shifoxonalariga joylashtiriladi?» degan savolga javoban maxsus tibbiy tekshiruvda koronavirus aniqlangan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganlarni ta’kidlash o‘rinlidir.

Buyuk mutafakkirlardan biri Abu Ali ibn Sino o‘zining «Ko‘rsatmalar va o‘gitlar» kitobida shunday yozadi: «Inson o‘z shaxsiy ehtiyojlarining mustaqilligi ma’nosida alohida ajralgan mavjudot emas, chunki u o‘z ehtiyojlarini insoniyatning boshqa vakillari bilan muloqotda bo‘lmay turib qoniqtira olmaydi».

Binobarin, har bir inson jamiyatning bir bo‘lagi sifatida salomatligi uchun nafaqat o‘zi javobgar, balki atrofidagilar ham mas’uldir. O‘zini va atrofidagilarni o‘ylagan holda va bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan har bir inson o‘z vaqtida shifokorlarga murojaat qilishi, karantin shifoxonasiga joylashishi bu ofatning yanada keng tarqalmasligiga, oxir-oqibat pandemiyaning erta tugashiga olib keladi.

Barchamizga ma’lum, davlatimiz rahbari joriy yil 8 iyul kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda Prezidentimiz «Kasallik alomatini sezdingizmi, darhol shifokorlarga murojaat qiling. Takror aytaman, kasallikni oilamizga kirib kelmasligi, o‘zimiz va yaqinlarimizni ushbu illatdan saqlab qolish, eng avvalo, o‘zimizga bog‘liq!» deb yana bir bor barchani ogohlikka chaqirdi.

Har bir inson hayotda turli holatlarga duch keladi. Ba’zi voqealar kishini shodlantirsa, boshqalari g‘amgin qiladi. Shodlik vaqtida shukr qilish, qayg‘uli damlarda esa sabrli bo‘lish farz qilingan. Shunday ekan, hozirgi damlarda hayotimizning bardavomligini ta’minlash har qachongidan mas’uliyatli bo‘lishni taqozo etadi.

Bir jihatni yaxshi anglashimiz kerak, koronavirus infeksiyasi chegara bilmaydi, uning yuqishi bilan esa o‘zini, yaqinlari, mahallasi qo‘yinki xalqimizga o‘zining salbiy oqibatlarini yetkazishi mumkin.

Infeksiyaning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish borasida ham uyimizda, ham mahallamizda, ishxonamizda barcha zarur chora-tadbirlar o‘z vaqtida amalga oshirishda yuksak tafakkur, temir intizom, sabr-toqat va shaxsiy mas’uliyatni talab etadi.

Boshqacha aytganda, mavlono Jaloliddin Rumiyning hikmatlarida qayd etilganidek, hayotda muvaffaqiyatga erishish uchun uch narsa – diqqat, intizom va harakat kerak.

Ayni kunlarda «diqqat» amalida biz har doim hushyor va ogoh bo‘lishimizni, «intizom» deganda karantin talablari, sanitariya va gigiyena qoidalariga qalblariga qat’iy amal qilishimizni, «harakat» mohiyatida esa xotirjam, baxtli va farovon hayot kechirishimiz uchun barchamiz birdek harakat qilib o‘zimizni, oilamizni, farzandlarimizni, yoshi ulug‘ keksalarimizni, yurtdoshlarimizni asrashimiz lozimligini tushunishimiz darkor.

Albatta, bu sinovli kunlar ham o‘tib ketadi. Yaratganning bizga bergan eng ulug‘ ne’mati bo‘lgan sog‘lig‘imizni esa asrash va mustahkam qilib borish o‘zimizga, sabrimizga bog‘liq.

Botirbek TO‘RAZODA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Sabr — insonni maqsadiga eng tez olib boradigan yo‘l ko‘rsatuvchi