22:08 / 20.07.2020
3 523

Ayirboshlash va hadya bo‘yicha qanday o‘zgarishlar kutilmoqda?

Ayirboshlash va hadya bo‘yicha qanday o‘zgarishlar kutilmoqda?
Illustrativ foto
Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti tomonidan O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Fuqarolik kodeksi loyihasi ishlab chiqilmoqda. Loyihada amaldagi Fuqarolik kodeksining ayirboshlash va hadya qilish bilan bog‘liq munosabatlarini tartibga soluvchi tegishli boblariga ham bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Jumladan, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan (qonun hujjatlarida belgilangan tartibda) avtomototransport vositalarini ayirboshlash shartnomasini notarial tasdiqlash (amaldagi Fuqarolik kodeksining 498-moddasi) tartibini chiqarib tashlash taklif etilib, avtotransport vositasiga nisbatan umumiy qoidalar qo‘llanilishi belgilandi.

Ikkinchidan, mazkur moddaning ikkinchi va uchinchi qismlaridagi ayirboshlash shartnomasidagi ayirboshlanadigan tovarlar bahosi bo‘yicha farqlarni hal etishda shartnoma tuzishda taraflar erkinligini cheklovchi normalar ham o‘zgartirildi. Ya’ni, ayirboshlanadigan tovarlar teng qiymatli bo‘lmagan taqdirda, masalani taraflarning erkin kelishuvi orqali hal etishning soddalashtirilgan usulini taqlif etildi.

Uchinchidan, ayirboshlash shartnomasiga muvofiq tovarni topshirish majburiyatini muqobil bajarish, ayirboshlanadigan tovarlarga bo‘lgan mulk huquqining o‘tishi, ayirboshlash shartnomasi bo‘yicha olingan tovarni olib qo‘yganlik uchun javobgarlik masalalari chiqarib tashlanib, ushbu holatlarga nisbatan oldi-sotdi to‘g‘risidagi umumiy qoidalar ayirboshlash shartnomasiga nisbatan tadbiq etilishi belgilandi.

Ma’lumot uchun: 2019-yil davomida ayirboshlash bo‘yicha barcha Iqtisodiy sudlarning birinchi instansiyasida jami 4 ta ish ko‘rilgan. Shulardan 3 tasida da’vo qanoatlantirilgan.

Hadya shartnomasiga oid o‘zgartirishlar
Bunda, avvalo, hadya shartnomasining tushunchasi soddalashtirilib, quyidagi tahrirda bayon etildi: «Hadya shartnomasiga muvofiq bir taraf (hadya qiluvchi) mol-mulkni boshqa taraf (hadya oluvchi)ga uning ruxsati bilan tekinga mulk qilib beradi». Shuningdek, loyihada kelajakda ashyolarni topshirishni nazarda tutadigan hadya usulini istisno qilish taklif ham etilmoqda. Ya’ni, biron bir ashyoni yoki mulk huquqini kimgadir tekinga berish yoki uni mulkiy majburiyatdan ozod qilish va’dasi hadya shartnomasi deb tan olinmaydi. Hadya predmeti hadya shartnomasi tuzilgan zahoti berilishi lozim. Taraflarning hadya predmetini kelajakda berishga kelishganligi yuridik kuchga ega bo‘lmaydi.

Yana bir o‘zgarishki, agar shartnoma yozma shaklda tuzilgan bo‘lsa, rad etish ham yozma shaklda amalga oshirilishi shartligi, shartnoma ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lsa, hadyani qabul qilishni rad etishni ham davlat ro‘yxatidan o‘tkazish lozimligi kabi cheklovlar chiqarib tashlanmoqda. Shartnomaning shakliga nisbatan ham bitimlar shakliga oid umumiy qoidalar qo‘llanilishi belgilanayotir.

Bundan tashqari loyihada mol-mulkni hadya qilish hadya qiluvchining yoki uning qaramog‘idagi shaxslarning tirikchilik manbaidan mahrum qilsa, shaxs mol-mulkni hadya qilishga haqli emasligi belgilanmoqda. Shuningdek, hadya shartnomasini bajarishdan bosh tortish hadyani bekor qilish tartibi bilan qamrab olinganligi uchun (hadya shartnomasini bajarishdan bosh tortish) tartibi chiqarib tashlash kabi yangi me’yorlar kiritilgan.

Fuqarlik kodeksining yangi tahrirdagi loyihasida Germaniya, Fransiya, Ispaniya, Niderlandiya, Rossiya, Gruziya, Koreya, Yaponiya kabi rivojlangan xorijiy davlatlar tajribasidan foydalanildi.

Loyihasining ayirboshlash hamda hadya boblariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar bitimlar institutini takomillashtirish, hadya shartnomaviy-huquqiy munosabatlarining sifat jihatdan yangi mexanizmlarini joriy qilish, shu jumladan, ayirboshlash hamda hadya shartnoma turlarini optimallashtirish, ushbu shartnomalarni tuzish erkinligini kengaytirishga yordam beradi.

Zafar Ergashev,
Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti
mas’ul xodimi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ayirboshlash va hadya bo‘yicha qanday o‘zgarishlar kutilmoqda?