13:49 / 28.07.2020
2 927

Yurtdoshlarimizni xorijdan tezroq qaytaraylik...

Yurtdoshlarimizni xorijdan tezroq qaytaraylik...
Eshitishimcha, Turkiyadan vatanga qaytish uchun elchixonamizga 15000 kishi ariza bergan. Agar ularni hozirgi darajada qaytarsak (haftasiga bitta charter), o‘rtacha 15 oyda ularni qaytara olamiz. Tabiiy u 15000 oyiga kamida 1000 ta qaytishga talabgor bilan to‘lib boraveradi. Unda bu vazifani to‘liq bajarishga 4-5 yil bemalol ketib qoladi.

"Charterni ko‘proq qo‘ysa, muammo tez yechiladi-ku", desak, "Birdaniga 3-4 barobar ko‘p odam oqimini karantinga olish imkoni yo‘q" deyishadi.

Jahon axborotini kuzatsak, bu boradagi eng ommaviy karantin turi "samoizolyatsiya", ya’ni o‘z-o‘zini ihotalash ekanini ko‘ramiz. Bunda safardan qaytgan odamni o‘z uyida yakkalanishi majburiy qilib qo‘yilgan. Agar ihotlashiga ishonilmasa, bitta mirshab yoki mahalla faolini biriktirib, ularning ish haqini iholatangan kishi yoki yaqinlari zimmasiga qo‘yish mumkin. Qarang, bunda safardan qaytganning mablag‘i va davlatning resurslari iqtisod bo‘ladi.

Mehmonxonadagi g‘urbatdan ko‘ra uydagi yaqinlarining taftini his qilish kishiga qanchalar ruh bag‘ishlaydi. Agar aeroportdan chiqayotgan kishida virus aniqlansa, shifoxonaga yoki shubha bo‘lsa, maxsus karantin zonaga joylanishi mumkin. Buni aniqlashning qanday uslubini qo‘llash shifokorlar izmida. Hatto kelishga nomzodlar o‘zlari turgan mamlakatlarida virusga tekshiruv o‘tkazganlari haqida ma’lumotnoma taqdim qilishlarini shart qilib ham qo‘yish mumkin.

Meni ajablantirayotgan ikki jihat bor.

1. Mamlakat ichkarisida odamlar koronavirus to‘foni ostida qanchalar qiynalayotganini hamma ko‘rib turibdi. Yaqinlarini shifokor ko‘rigidan o‘tkaza olmayotganlar, sifatli tibbiy muolaja ololmayotganlar, hatto virus uchun analiz topshira olmayotganlar, havo berish uskunalarini o‘zi sotib olib (otliqlar), ayrim ko‘ngillilarning xonadonlar aro yurib, bemorlarni muolajasini qilib yurganlari kabi. Endi mana shunday taloto‘p manzarasida, chetdan kelayotgan musofirlarlarga eng taraqqiy etgan va bu balo bilan muvaffaqiyatli kurashayotgan davlatlar talabini qo‘yish juda g‘alati.

2. "Koronavirusga qarshi kurash fondi"dan 500 milliard so‘m yordam olgan jonajon Havo yo‘llarimizning hozirgi ahvoli. E’tibor berayotgan bo‘lsangiz, chet el aviakompaniyalari muntazam havo qatnovlarini qo‘yish rejalarini e’lon qilib yotishibdi. Lekin bizning Transport vazirligimiz sovuqqonlik bilan, ular noto‘g‘ri axborot berayotgani, aeroportlarimizni ochmasliklari va biz ham uchish xayolidan voz kechishimiz lozimligi haqida bayonot berib yotibdi.

Nega bu xorij aviakompaniyalari bunday shoshilinch e’lon berib yotibdi? Chunki ular uchun har bir kun va har bir mijoz g‘animat. Agar ish shundoq ketsa, sinishlari aniq. Garchi ularda ham davlat yordami mavjud bo‘lsa-da, uning hisob-kitobi bor va qaytarish kerakligiga aminlar. Bizda-chi? Bu savolga javobni hamma biladi. O‘zingiz tasavvur qiling. Otangiz har kun cho‘ntagingizga keragidan ortiq pul solib qo‘ysa, sizda ishlashga ishtiyoq bo‘ladimi?

Loaqal charter reyslarni ko‘proq qo‘yib, “Havo yo‘llari” benzin pulini chiqarib tursa bo‘lardi.

Gapirsam rosa gap ko‘p ekan, gapni cho‘zmay. Xullas, ozgina harakat qilsak, vataniga kelishga mushtoq vatandoshlarni tezroq qaytara olamiz. Qarzi ko‘payib borayotgan milliy aviakompaniyamiz beliga darmon bo‘lamiz.

Mubashshir Ahmad

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Yurtdoshlarimizni xorijdan tezroq qaytaraylik...