14:02 / 11.08.2020
3 521

Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi Prezident farmoni-sud tizimi takomillashuvi jarayonida muhim hujjat sifatida

Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi Prezident farmoni-sud tizimi takomillashuvi jarayonida muhim hujjat sifatida
Mamlakatni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sud tizimini izchil demokratlashtirish, sud hokimiyatining ustaqilligi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy normalarga qat’iy rioya etilishini ta’minlash hisoblanadi.

Sud tizimini isloh kilishga qaratilgan keng qamrovli choralarga qaramasdan, sud faoliyatida hozirgi kunga qadar saqlanib kelayotgan muammolar ushbu sohadagi islohotlarni davom ettirish zaruratini keltirib chiqarmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 iyulda “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-6034-sonli farmonining qabul qilinishi sud-xuquq tizimini takomillashtirish va liberallashtirish zaruriyati bilan asoslidir.

Mazkur farmon mamlakatimizda sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish, odil sudlovni, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash, fuqarolar va tadbirkorlarning huquq va erkinliklarining ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish, odil sudlovga erishish darajasini oshirishni sud-huquq tizimini yanada isloh qilish sohasida davlat siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishlari etib belgilab berdi.

Sud tizimining tashkiliy-huquqiy shaklini zamon talablari va xalqaro standartlardan kelib chiqqan holda takomillashtirish zarurati mavjud edi.
Xususan, bugungi kunda viloyatlarda fuqarolik, iqtisodiy, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarning tuzilmaviy jihatidan alohida-alohida faoliyat yuritishi amaliyotda muayyan muammolarni keltirib chiqarmoqda. Sudlarning tarqoq bo‘lganligi fuqarolar va tadbirkorlarning sarson bo‘lishiga, sud ishlari bo‘yicha yagona amaliyotning shakllanmasligiga sabab bo‘lmoqda.

Masalan, Fransiya, Italiya, Kanada, Janubiy Koreya, Qozog‘iston, Belarus va boshqa davlatlarda o‘rta bo‘g‘in umumyurisdiksiya sudlari fuqarolik, jinoyat va iqtisodiy ishlar bo‘yicha yagona sud sifatida faoliyat yuritadi. Shunday ekan, bugungi kunning talabi sud tizimini optimallashtirish orqali sudlarning fuqarolar uchun ochiqligini ta’minlashdir.

Bundan tashqari, sud tizimiga 2021 yil 1 yanvardan boshlab ortiqcha sud bosqichlarini bekor qilish orqali «bir sud – bir instansiya» tamoyili joriy etilmoqda. Ya’ni, tumanlararo, tuman (shahar) sudlarining qarorlarini viloyat darajasidagi sudlar tomonidan apellyatsiya tartibida, apellyatsiya tartibida ko‘rilgan sud qarorlarini esa Oliy sud tomonidan kassatsiya tartibida qayta ko‘rib chiqish, kassatsiya tartibida ko‘rib chiqilgan ishlar bo‘yicha sud qarorlarini esa Oliy sud raisi, Bosh prokuror va ularning o‘rinbosarlari protestiga ko‘ra kassatsiya tartibida takroran ko‘rib chiqish nazarda tutilmoqda.

Mazkur qoidalar shaxslarga qulaylik yaratish va ular ovoragarchiligining oldini olish maqsadida belgilangan bo‘lib, shuning o‘ziyoq farmonning naqadar xalqchilligini, unda shaxsning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish birinchi o‘ringa qo‘yilganini anglatadi.
Hozirdanoq, huquq ilmining yetakchi olimlari, tajribali huquqshunoslar va xalqaro ekspertlar ushbu tamoyilning yurtimizda joriy etilishi faqat ijobiy holat ekani, buning natijasida sudlar mustaqilligi yanada mustahkamlanishi, bir sudda faqat bir bosqichning bo‘lishi ishlarni xolis ko‘rib chiqishga zamin yaratishi, sud qarorlarini keyingi bosqichlarda sifatli va qisqa muddatlarda ko‘rib chiqish, yo‘l qo‘yilgan xatolarni tez fursatda bartaraf etish imkoniyatlari vujudga kelishini ta’kidlashmoqda.

“Bir sud-bir instansiya” tamoyilini jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tizimida joriy etilishini ko‘rib chiqsak, unga muvofiq har qanday turdagi jinoyatlarning kvalifikatsiyasi, ijtimoiy xavfliligidan qat’iy nazar dastlab birinchi instansiya sudlarida, xususan tuman (shahar) sudlarida mazmunan ko‘rib chiqilishi belgilanmoqda. Bu tamoyilning amalga kiritilishi mazkur sudlarning mas’uliyatini yanada oshiradi, ilgari yuqori bosqich sudlarida ko‘rilgan ayrim toifadagi ishlarni birinchi bosqichda mazmunan ko‘rib chiqilib, asosli va adolatli qaror qabul qilish uchun tuman (shahar) sudi sudyalari chuqur bilimga va tajribaga ega bo‘lishlari talab etiladi, zeroki inson huquqlari va erkinliklarini munosib himoya qilishda, ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxslarga tegishli jazo tayinlab, ularning huquqlarini cheklashda xatoga yo‘l qo‘yish jamiyatimizda shakllanib kelayotgan sudga bo‘lgan hurmat va ishonchni susaytiradi.

Sud ishlarini nazorat tartibida ko‘rish instituti esa tugatilmoqda. Bunday tartibning o‘rnatilishi natijasida sudda har bir ish bo‘yicha yakuniy to‘xtamga kelish orqali sud qarorlarining barqarorligi ta’minlanadi hamda fuqarolar va tadbirkorlar sarson bo‘lishining oldi olinadi.

Amaliyotda jinoyat protsessi ishtirokchilari birinchi instansiya sudida ishtirok etish va dalillarni taqdim etishda ham, apellyatsiya va kassatsiya instansiyalarida ishlarni ko‘rib chiqishda ham sifatga nisbatan har doim ham jiddiy munosabatda bo‘lmayotganligidan dalolat beradi. Bu ko‘pincha, agar nimadir boy berilgan bo‘lsa va ko‘rib chiqilmagan bo‘lsa, nazorat tartibida shikoyat yoki protest berish imkoniyati har doim saqlanib qolishi xususidagi sub’ektiv ishonch bilan ham bog‘liqdir. Buning ustiga nazorat tartibida ish yuritish bo‘yicha bir necha bor tashabbus qilinishi mumkin.

Bundan tashqari nazorat tartibida ish yuritishni tashkil etish tartibining tahlili bu tartib sudda ish yuritishdagi tortishuv prinsipiga muvofiq emasligidan guvohlik beradi. Birinchidan, nazorat tartibida ish yuritish taraflarning murojaatlariga qarab tashabbus qilinishi mumkin. Ikkinchidan, sud faol mavqeini egallaydi va JPKning 511-moddasida ko‘rsatilgan shaxslarning, aynan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi va uning o‘rinbosarlari o‘z xohishiga ko‘ra suddan har qanday jinoyat ishini tekshirish va nazorat protesti keltirish to‘g‘risidagi masalani hal qilish uchun o‘z vakolatlari doirasida talab qilib olishi uchun asos bo‘lishi mumkin.

Ya’ni, shuning o‘ziyoq ishni ko‘rib chiqishda xolislikka va beg‘arazlikka rioya etilishini istisno etadi. Uchinchidan, bunday xohish O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorida va uning o‘rinbosarlarida ham nazarda tutilgan. Bu nazorat tartibida ish yuritishning sud protsessida taraflarning turli mavqeiga ega ekanligidan dalolat beradi va bu sudda ish yuritishning tortishuv prinsipini buzadi.

E’tiborga loyiq tomoni shundaki, hukm qonuniy kuchga kirganidan keyin sud qarori qonun kuchiga ega bo‘ladi. Shu munosabat bilan g‘arb yuristlari faqat nazorat tartibida ish yuritish bosqichinigina emas, balki yangi yoki yangidan ochilgan holatlar tufayli ishlarni qaytadan boshlash bosqichini ham inkor etadilar.

Yuqorida bayon etilganlarning barchasi jinoyat protsessida sud qarorlarini qayta ko‘rib chiqish instituti tizimidan nazorat tartibida ish yuritishni chiqarib tashlash to‘g‘risida xulosa yasash imkoniyatini beradi.

Farmonda sudyalar va sud xodimlarining ish haqlari va qo‘shimcha to‘lovlarini to‘liqligicha Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtirishga o‘tkazish hamda ish haqlari miqdorlarini oshirishni nazarda tutuvchi takliflarni 2020 yil 1 dekabrga qadar ishlab chiqish belgilandi. Mazkur takliflar sudning mustaqilligini to‘liq ta’minlashga xizmat qilib, sudlarning ijtimoiy ta’minot masalasini hal etishga hamda sudlarning ish haqilari faqat davlat budjetidan moliyalashtirilishi esa sudlar tomnidan tayinlanadigan jarima yoki boj to‘lovlari summasidan undiruvidan tushadigan summaga bog‘liq bo‘lmaydi.

Sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash va xalqaro standartlarga asosan sudning haqiqiy mustaqilligini ta’minlash maqsadida qonunchiligimizda ushbu tizimda mavjud muammolarni tahlil etgan holda ularni bartaraf etish bo‘yicha quyidagi takliflar ilgari suriladi:
Birinchidan, sudyalarning mustaqilligini ta’minlash uchun ularning maqomini oshirish lozim. Fikrimizcha, xorij tajribasini inobatga olgan holda O‘zbekiston Respublikasining “Sudyalar maqomi to‘g‘risida”gi qonunni ishlab chiqish istiqboldagi muhim masaladir. Chunki amaldagi O‘zbekiston Respublikaning “Sudlar to‘g‘risida”gi qonuni sudyalar maqomi masalalarini yetarlicha huquqiy tartibga solinmagan;

Ikkinchidan, sudyalar daxlsizligini ta’minlashda ularning intizomiy javobgarligi masalasi ham muhim o‘rin tutadi. Chunki sudyaga nisbatan asossiz intizomiy javobgarlik uning mustaqilligi va daxlsizligi buzilishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun intizomiy javobgarlik haqidagi qo‘zg‘atilgan ishni ko‘rib chiqish tartib-taomillari, asoslari ham muhimdir. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, milliy qonunchiligimizda intizomiy javobgarlik tushunchasi, uning maqsadi, eng muhimi intizomiy jazo turlarini qaysi holatlarda qo‘llash tartibi va mezonlari yoxud intizomiy javogarlikka tortilgan sudyalarni rag‘batlantirish maqsadida qanday holatlarda ularni intizomiy javobgarlikka tortilmagan deb e’tirof etish masalalari va muddatlari aniq ifoda etilishi zarur.

Uchinchidan, intizomiy jazo choralarini faqat qo‘pol va tizimli qoidabuzarliklarga bog‘lab qo‘yish zarur. Shu sababli “Sudyalarning malaka hay’atlari to‘g‘risida”gi Nizomda sudyaning xatolarini intizomiy qoidabuzarlikdan aniq ajratib vaqtinchalik chora sifatida sudyaning malaka darajasining pasayishi shaklida kiritish taklif etiladi;

To‘rtinchidan, sudyalarni ijtimoiy himoya qilishning kafolatlari bilan bog‘liq masalalar tizimli tahlil etilib uni huquqiy tartibga solishda ustuvorlikni qonun orqali berilishi istiqbolli yo‘nalish hisoblanadi. Rossiyada mavjud “Sudyalar huquqiy maqomi to‘g‘risida”gi qonuni ushbu masalalarni tizimlashtirilgan tarzda ko‘rishimiz mumkin.

Beshinchidan, sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash hamda sudyaga nisbatan hurmatsizlik qilish, shuningdek uni ochiqdan-ochiq mensimaslikdan kabi xatti-harakatlarni oldini olish O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi va O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga sanksiya belgilovchi qo‘shimcha normalarni kiritish lozim.
Bir so‘z bilan aytganda, sud-huquq sohasidagi islohotlar sudlarni yanada demokratlashtirish va liberallashtirish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini kafolatli himoyalashda alohida ahamiyatga egadir.

Otabek Toshev,
Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti
ma’sul xodimi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi Prezident farmoni-sud tizimi takomillashuvi jarayonida muhim hujjat sifatida