
O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Telegram-kanalida ekologiyaga yetkazilayotgan zarar hech qachon iqtisodiy foyda bilan oqlanmasligini ta’kidladi. U avvalroq Toshkent viloyati Qibray tumanidagi issiqxonalardan birini ko‘zdan kechirdi.
Ushbu issiqxona kuniga taxminan 150 kg ko‘mir yoqayotgan edi. “Bunday ishlab chiqarish aholining sog‘ligiga yetkazayotgan zarar iqtisodiy manfaatlardan ancha yuqori”, dedi Saida Mirziyoyeva.
U ekologik komissiyaga ushbu issiqxonaga tozalash filtri o‘rnatishni topshirganini ma’lum qildi. Shuningdek, tadbirkorlar uchun maxsus o‘quv kurslari va uskunalar xarid qilishga doir yarmarka o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Saida Mirziyoyeva poytaxt va Farg‘ona hududidagi havoning holati muhokama qilingan yig‘ilishda ham ishtirok etdi. Mazkur masala bo‘yicha atmosfera holatini baholash uchun ilmiy laboratoriya tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Havoning ifloslanishiga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus komissiya tomonidan bildirilishicha, qabul qilinayotgan choralar bir martalik emas, balki vaziyat yaxshilangandan keyin ham davom ettiriladi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent shahri eng iflos havo bo‘yicha reytingda 24 o‘rinni egallagan.
Reytingning yuqori pog‘onalarida Laxor, Dakka va Dehli shaharlari joylashgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.