19:53 / 12.08.2020
3 986

«Bo‘stonliq ishi» bo‘yicha 9 nafar shaxs qamoqqa olingan

«Bo‘stonliq ishi» bo‘yicha 9 nafar shaxs qamoqqa olingan
Foto: «Xabar.uz»
Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida yer maydonlarini noqonuniy (rasmiy hujjatlarni soxtalashtirish) egallash, firibgarlik yo‘li bilan sotishga oid qator jinoyat ishlari qo‘zg‘atilganidan xabaringiz bor.

O‘tgan oyda ayni shunday jinoyat alomatlari bilan oltita «ish» qo‘zg‘atilgandi, o‘tkazilgan tergov harakatlar natijasida ular soni o‘ntaga yetdi. Ayblov e’lon qilingan to‘qqiz nafar shaxsga nisbatan «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llandi, deya «Xabar.uz»ga ma’lum qilmoqda Toshkent viloyati prokurori katta yordamchisi Arslonbek Toshpo‘latov.

Ayblanuvchilarning aksariyati tumani hokimligi, Yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri Davlat korxonasining tuman filiali, mahalla fuqarolar yig‘inlari mansabdor shaxslari, turarjoylarning oldi-sotdisi bilan shug‘ullanuvchi rieltorlardir (maklerlar).
Tergov harakatlari viloyat prokuraturasi tomonidan olib borilmoqda.

Bo‘stonliqda «buz-buz»lar bilan bog‘liq mashmashalar hamon davom etayotganiga izoh berar ekan, viloyat prokurori katta yordamchisi quyidagilarni ta’kidladi: «...Ishchi guruhi tomonidan tuman hududida o‘tkazilgan xatlovda jami 338 ta turar va noturar binosi noqonuniy qurilgani aniqlandi. O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer maydonlariga oid holat 528 tani tashkil qiladi. Endi bunga tuman hokimining yer maydoni ajratish va egalik huquqini berish haqidagi 40ta noqonuniy qarori protest keltirish yo‘li bilan bekor qilinganini ham qo‘shing.

Umumiy miqdor qancha chiqyapti? Aql bovar kelmaydi-a? Har bir raqam ortida ma’lum shaxslar manfaati turgani e’tiborga olinsa, to noqonuniy holatlarga qonuniy nuqta qo‘yilguncha turli e’tirozlar, sizning ta’biringiz bilan aytganda, mashmashalar bo‘lib turishi tabiiy... Gap mavjud holatlar ommaviy axborot vositalari ijtimoiy tarmoqlarda xolis va adolatli yoritilishida. Afsuski, xolislik me’yorlariga ko‘pam amal qilinayotgani yo‘q».

Prokuror katta yordamchisiga ko‘ra, jinoyatlar tergov jarayonida davlat va fuqarolarning huquq va manfaatlariga yetkazilgan zarar masalasiga alohida e’tibor beriladi va (yetkazilgan zararlarni) aybdorlardan undirish choralari ko‘rilmoqda. Shuningdek, qurilmalar buzilishi ortidan zarar ko‘rdim degan fuqarolar tegishli tartibda sudga murojaat etishiga ham hech qanday monelik yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, Bo‘stonliqdagi «snos»lar masalasi bir necha oydan beri ijtimoiy tarmoq va ommaviy axborot vositalarining muhokama mavzusiga aylanib kelmoqda. Yaqinda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida (AOKA) sudlarning joriy yil birinchi yarmidagi faoliyati hamda sud-huquq sohasidagi muhim va dolzarb masalalar bo‘yicha matbuot anjumanida ayni mavzu ko‘tarilib, Oliy sud mutasaddilari savollarga tutilgandi.

Bunga javoban oliy mahkama mutasaddisi Bo‘stonliqda uy-joylar emas, balki noqonuniy qurilgan dala-hovlilar (dachalar) buzilayotgani, pirovard maqsad — buzish emas, aksincha qonuniy tartibda qurish ekanini alohida ta’kidlagan edi. So‘ng ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgan dala hovlilar bir necha yil avval emas, 2019 yilda qurilgani, buni «Google» tizimi orqali yaqqol ko‘rish mumkinligini aytib, asosiy savolga quyidagicha javob bergandi.

Ya’nikim, noqonuniy qurilmalarni buzishga oid da’volar Oliy sud sudyalari tomonidan ko‘rilishining huquqiy tartiblarini tushuntirish asnosida shu mazmunda kelib tushgan 26 ta da’voning 3 tasi rad qilinib, 8 tasi ko‘rmasdan qoldirilgan. Shuningdek, 2 ta holatda qurilma egalari insofli egallovchi bo‘lgani bois sud tomonidan ularga yer maydoni ajratib berish haqida mahalliy hokimlikka majburiyat yuklatilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Bo‘stonliq ishi» bo‘yicha 9 nafar shaxs qamoqqa olingan