22:00 / 25.08.2020
3 402

Xom anorning "shira"si

Xom anorning "shira"si
Bugun kuni bo‘yi Beeline uyali aloqa kompaniyasining internet xizmati yaxshi ishlamaganligi vajidan mening online tizimdagi ishlarim biroz to‘xtab qoldi hamda odatdagidan ko‘ra ko‘proq bo‘sh vaqtim ortib qolganligi tufayli, bundan taxminan yigirma yil muqaddam bo‘lib o‘tgan va meni xar safar yilning mana shu pallasida, ya’ni avgust oyining bog‘imizdagi anorlar pishib yetilish arafasidagi so‘nggi kunlarida yodimga tushib, to‘lqinlantiradigan bir voqeani yozishga kirishdim.

O‘shanda xam xuddi hozirgidek yozning oxirgi kunlari, anorlar dona-dona bo‘lib yetilib qolgan, ammo nozik shoxlarda sal qolsa uzilib ketguday osilib turgan bu yirik mevalarga tabiat hali rang berib ulgurmagan, ya’ni ular batamom pishmagan, xalq tili bilan aytganda, hali tars yorilmagan damlar edi. Biz Bibinor momo degan onaxon bilan qo‘shni yashardik. Hovlilarimiz o‘rtasidagi suronli yillar mahv etgan pastak devorni hisobga olmaganda, bog‘larimiz o‘zaro birlashib ketgan edi. Avgust oxirlarida tomorqamiz adog‘idagi bedapoyada beda o‘rayotgan edim. Shu payt qo‘shni bog‘dan g‘ala-g‘ovur ovozlar eshitildi.

Anglashimcha, bu tovushlar Bibinor momoning nevaralari bilan suhbati edi. Keyinchalik bilishimcha, momoning shaharda «dom»da turadigan o‘g‘li butun oilasi bilan onasini ko‘rgani kelgan ekan. Nevaralar shu tobda buvisidan anor qistashardi. Bolajonlar buvisining bog‘idagi quyosh nurlarida ko‘zni qamashtirguday bo‘lib yaltirab turgan anorlarga mahliyo bo‘lishib, so‘laklari oqishar, buvisiga qo‘yardan-qo‘ymay anor deb xarxasha qilishardi. Buvisi ham ularni uzoq kuttirmadi va nevaralariga qarata: "Mayli, bolalarim, bitta kattasidan uzib olib, hammalaring bo‘lishib jenglar!" — dedi. Qo‘limdagi o‘rog‘im to‘xtab qoldi. Buvining gapidan ensam qotdi. Axir, anor hali pishmagan edi-da!

Bolalar esa bu orada anor daraxtining shoxlaridan bir dona anorni shosha-pisha uzib olgancha ortlaridan jilmayib qarab qolgan buvisini bog‘da qoldirib, qiy-chuv bilan uyga kirib ketishdi va hammayoq jim-jit bo‘lib qoldi. Oradan chamasi besh daqiqaga yaqin vaqt o‘tib, bolalar kirib ketgan uylaridan chuvvos solib qaytib chiqishdi va tag‘in hali bog‘da kuymalanib yurgan buvisining yoniga yugurib kelishdi: "Buvi, bizni aldabsiz! Anor hali oppoq ekan, u qizarib pishmagan ekan"ku!" — deyishdi.

Shunda Bibinor momo nevaralarining ham, nuragan devor ortida voqea rivojiga sinchkovligi oshib, qo‘shni buvining nima deyishiga qiziqib, quloqlarini ding qilib turgan kaminaning ham yodida butun umr qolgan va kelgusida farzandlarim uchun tarbiyaviy uslubimning markaziy g‘oyasini belgilab bergan quyidagi jumlalarni bayon etdi: "Bolalarim, men aytganim bilan ishonmas edingiz! Buvim bizdan bitta anorni qizg‘andi, deya o‘pkalar edingiz. Mana endi bundan keyin men qachon anor pishgan, uni uzib yeyishlaring mumkin desam, o‘shanda anor rostdan ham pishgan bo‘ladi va sizlar endi butun umr menga ishonasizlar!"

Men momoning taktikasiga qoyil qoldim. Chunki o‘n nafar momodan to‘qqiz nafari "Yo‘q, bolam, hali anor pishgani yo‘q", desa kerak. Ehtimol, 100 nafardan to‘qson to‘qqiz nafari.

Men o‘sha voqeadan keyin farzandlarimga hech qachon "Yo‘q!" degan so‘zni ishlatmadim. Faqat maslahatlar berdim, tushuntirdim. Ular amalga oshirmoqchi bo‘lgan har bir harakatining yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan oqibatini izohladim. Ya’ni farzandlarimning bolaligida ularga ota bo‘ldim, o‘smir yoshida esa ularga do‘st tutindim. Ulg‘aygach, hamfikr bo‘ldim. Natijada farzandlarim menga doimo sirdosh bo‘ldilar. Mendan o‘z ichki kechinmalarini aslo pinhon tutishmadi. Chunki ular menga zolim ota emas, ularni har qanday vaziyatda xam tushunadigan maslahatgo‘y deb qarashdi va bundan doim mamnun bo‘lishdi. Men esa Bibinor momoday faylasuf inson bilan qo‘shni bo‘lganligimdan mamnun edim.

O‘tgan yili avgust oyida momoning bog‘idagi anor tagida sholcha ustida urchuq yigirayotganligiga ko‘zim tushgandi. Shafqatsiz yillar momoning yelkalarini hayot zarbalari bilan bukib, yuzlariga ajin to‘rlarini solib tashlagan, boyaqish urchuqni haminqadar aylantirib, nelarnidir ming‘irlab, xirgoyi qilardi. Ehtimol, onaxon yana qaysidir hayot falsafasini o‘zicha qo‘shiq qilib kuylayotgan edi?! Qish oylariga kelib esa momoning dafn marosimida qatnashdim...

Hozir yana avgust pallasi. Bugun tomorqamizdagi bedazorda o‘g‘lim xafsala bilan beda o‘rmoqda. Uni kuzata turib beixtiyor qo‘shni bog‘ga qarayman. Anor daraxti viqor bilan o‘zining shoxlarida lopillab osilib turgan anorlarini ko‘z-ko‘z qiladi. Daraxt tagidagi sholcha ustida eski urchuq yumalab yotar, bog‘aro daydib yurgan telba shamol esa go‘yo qilayotgan boshqa ishi yo‘qdek uni u yondan bu yonga tebratib o‘ynar edi.

Anvar Xolmo‘minov,
Bibinor momoning qo‘shnisi.
Qashqadaryo viloyati, Koson tumani, Guvalak qishlog‘i.​
22 avgust, 2020 yil.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Xom anorning "shira"si