Tennis dunyosida o‘ziga xos rekord qayd etildi — amerikalik Artur Lind va avstraliyalik Henri Yang tennis tarixidagi eng yoshi katta ikki raqib sifatida bahs o‘tkazishdi. Ular ishtirok etgan o‘yinda ishtirokchilarning umumiy yoshi 199 yilni tashkil etdi. Bu haqda Xalqaro tennis federatsiyasi (ITF) o‘z ijtimoiy tarmoqlarida ma’lum qildi.
102 yoshli Henri Yang va 97 yoshli Artur Lind 90 yoshdan oshgan tennischilar ishtirok etgan ITF World Championship chorakfinalida bahsga chiqishdi. G‘alaba yoshroq tennischi — Lindga nasib etdi, u raqibini 6:1, 6:2 hisobida mag‘lub etdi.
Bu bellashuv nafaqat rekord yosh bilan, balki ikki sportchidagi iroda va kuchning namunasi bilan ham yodda qoldi. Har ikkisi uchun tennis nafaqat sport, balki hayot tarzi ekanini isbotladi.
Ma’lumot uchun, Henri Yang 2023 yilda ham tarix yaratgan — u Malorkada bo‘lib o‘tgan ITF turnirida ishtirok etgan 100 yoshli ilk tennischi sifatida rekord o‘rnatgan edi.
Shunday qilib, Lind va Yangning bu bahsi tennis tarixida nafaqat yosh, balki inson ruhi va sevimli ishga bo‘lgan muhabbat bilan ham yodda qoldi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!