15:40 / 09.09.2020
2 513

Mehnat shartnomasida jamoa shartnomasining tutgan o‘rni

Mehnat shartnomasida jamoa shartnomasining tutgan o‘rni
SAVOL: Mehnat jamoasini qo‘llab-quvvatlashda sizningcha normativ-huquqiy hujjatlar yetarlimi?
JAVOB: Mamlakatimizda so‘ngi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlarning zamirida inson va uning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini munosib himoya qilishga qaratilgan siyosatni yaqqol ko‘rishimiz mumkin. Masalan, sud-huquq sohasiga oid qonun hujjatlarining takomillashtirilishi, uning ishtirokchilari bo‘lgan sub’ektlarning mehnatini munosib rag‘batlantirishga, ularning chin mustaqilligini ta’minlanlashga asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Biroq, korxonada ish faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish, xodimlarning huquq hamda majburiyatlarini belgilash, ularga qulay mehnat sharoitlarini yaratish uchun ish beruvchiga faqtgina qonun hujjatlarining o‘zi yetarli bo‘lmaydi.

SAVOL: Unda lokal hujjatlarga bo‘lgan extiyojni qanday baholash mumkin?
JAVOB: Ahamiyatli tomoni shundaki, qonun hujjatlari bilan tartibga solinmagan yoki to‘liq ochib berilmagan havolaki mazmundagi normalar mavjud, ular lokal hujjatlar orqali to‘ldiriladi, norma holiga keltiriladi va shu orqali tartibga solinadi. Boshqacha aytganda, lokal hujjatlari mohiyatan xodimni bir mehnat jamoasining a’zosi ekanligini, uning huquq va manfaatlari munosib himoya etilinishini ham kafolatlaydi.

Bugungi kunda zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan kadrlarga bo‘lgan extiyoj, talab kuchli.
Tasavvur qiling! Siz rahbarlik qilayotgan korxonaga shunday xodimni jalb qilmoqchisiz! Uni nima bilan qiziqtirasiz, korxona imidji yoki ish hajmi bilanmi..., davlat tomonidan yaratib berilgan ish sharoiti bilanmi...? bular ham kerak, lekin, buni o‘zi yetarli emas, ularni ijtimoiy-iqtisodiy tomondan Siz bera oladigan, taklif qila oladigan qo‘shimcha imtiyozlar orqali jalb qilishingiz mumkin, shu muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Korxonaga xodimlarni tanlab olish va joy-joyiga qo‘yish, xodimlarning samarali mehnat qilishlari uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish, shuningdek mehnat munosabatlarining boshqa jihatlarini tartibga solishga bo‘lgan extiyojdan kelib chiqib, lokal hujjatlar yaratiladi.
Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari qadam qo‘yishda, raqobatlashayotgan korxonalar soni ko‘paydi va shu sababli ham korxonada jamoa shartnomasiga bo‘lgan extiyoj ham tobora ortib bormoqda...

SAVOL: Lokal hujjatlarining qanday turlari bor va ular orasida jamoa shartnomasi nimasi bilan farqlanadi, nima uchun muxim deb bilasiz?
JAVOB: Ma’lumki, ayrim toifadagi lokal hujjatlar masalan, korxona ustavi, tarkibiy bo‘linmalar nizomlari, ish yuritish yo‘riqnomalari korxona va uning strukturasini to‘g‘ri ishlashini ta’minlashga xizmat qiladi, shu sababli ular ish beruvchilar tomonidan mustaqil ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi, ichki tartibi qoidalari, odob-axloq normasi, jamoa shartnomasi, ta’tillar grafigi va shu kabi lokal hujjatlar qo‘shimcha tarzda xodimlarning huquq va manfaatlarini ham ko‘zlaydi, shu sababli ular kasaba uyushmalari va ish beruvchilar o‘rtasida, hamkorlikdagi ijtimoiy sheriklik shaklida ishlab chiqilishi va tasdiqlanishi lozim.
Biz shu o‘rinda faqatgina korxonada yuritiladigan jamoa shartnomasini tuzish va uning mazmuni haqida qisqacha to‘xtalib o‘tmoqchimiz.

SAVOL: Jamoa shartnomasiga, uni qabul qilish tartibiga, e’tiborli jixatiga batafsilroq to‘xtalsangiz?
JAVOB: Jamoa shartnomasi – korxonada ish beruvchi bilan xodimlar o‘rtasidagi mehnatga oid, ijtimoiy-iqtisodiy va kasbga oid munosabatlarni tartibga soluvchi normativ hujjat xisoblanadi.
Jamoa shartnomasida xodimlarga oid qo‘shimcha imtiyozlar, mehnatga oid munosabatlar va ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlar tartibga solinadi.
Jamoa shartnomasini tuzishdan oldin ish beruvchi va xodimlarning vakillik organi o‘rtasida muzokaralar olib boriladi. Muzokoralar olib borish jamoa shartnomasi ishlab chiqishdagi dastlabki bosqich sanaladi. Jamoa shartnomasini tuzish, qanday masalalarni kiritish, taraflar bo‘lib, qanday majburiyatlarni bajaramiz...? kabi savollarni o‘rtaga tashlanadi.

Jamoa shartnomasini tuzishda taraflar sifatida bir tarafdan, xodimlar manfaatini ifodalovchi – kasaba uyushmasi yoki o‘zlari vakolat bergan boshqa vakillik organi, ikkinchi tarafdan, bevosita ish beruvchi yoki u vakolat bergan vakillar ishtirok etadi. Ya’ni, jamoa shartnomasi bir shaxs tomonidan ishlab chiqilishi va tasdiqlanishi qonun normalariga muvofiq man etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 30-moddasida jamoa shartnomalarii tuzishning asosiy prinsiplari belgilab berilgan, unga ko‘ra, qonun hujjatlari normalariga amal qilish (jamoa shartnomasining hech bir normasi amaldagi qonun hujjatlariga zid yoki og‘irlashtiruvchi xususiyatga ega bo‘lmasligi lozim), taraflar vakillarining vakolatliligi (hech bir shaxs jamoa shartnomasini mustaqil tuzish huquqiga ega emas, ya’ni, xodimga jamoa tomonidan shunday vakolat yuklatilgan bo‘lishi lozim), taraflarning teng huquqliligi (ish beruvchi o‘z vakolatidan foydalanib, normalarni belgilashda ustunlik qilishiga yo‘l qo‘yilmaydi), jamoa shartnomalari mazmunini tashkil etuvchi masalalarni tanlash va muhokama erkinligi (jamoa shartnomasi loyihasi tashabbuskori undagi normalarni erkin muhokamaga qo‘yishi, ikkinchi tomonning taklaflarini xisobga olishi lozim) majburiyatlar olishning ixtiyoriyligi va olinayotgan majburiyatlarning haqiqatda bajarilishini ta’minlash (majburiyatlar ixtiyoriy belgilanadi, bunda hech bir tarafga vakolatidan tashqari majburiyat yuklanishiga yo‘l qo‘yilmaydi) tekshirib borishning muntazamligi (har ikki taraf olingan majburiyatlarning o‘z vaqtida va sifatli bajariligini nazorat qilishi va tekrishib borishi mumkin), javobgarlikning muqarrarligi. Ushbu prinsiplar taraflar o‘rtasida adolat va shaffoflikni ta’minlashga xizmat qiladi.

SAVOL: Jamoa shartnomasi yuqorida qayd etilgan prinsiplar asosida amalga oshirilar ekan, uning mazmuniga qanday masalalar kiritiladi?
JAVOB: O‘zbekiston Respublikasining “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi Qonunning 29-moddasiga muvofiq kasaba uyushmalari, ularning birlashmalari, bo‘linmalari va boshlang‘ich kasaba uyushmalari tashkilotlari manfaatlari ular tomonidan ifoda etilayotgan xodimlar nomidan jamoa muzokaralarini olib borishga, jamoa shartnomalari va kelishuvlarini tuzishga bo‘lgan ustuvor huquqqa ega ekanligi belgilangan.

Korxonalarning ichki xususiyyatidan kelib chiqib, quyidagi masalalar bo‘yicha o‘zaro majburiyatlar jamoa shartnomasi mazmuniga kiritilishi mumkin:
mehnatga haq to‘lash shakli, tizimi va miqdori, pul mukofotlari, nafaqalar, kompensatsiyalar, qo‘shimcha to‘lovlar;
xodimlarni ish bilan ta’minlash, qayta o‘qitish, ishdan bo‘shatib olish shartlari;
ish vaqti va dam olish vaqti, mehnat ta’tillarining muddatlari;
xodimlarning, shu jumladan ayollar va o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarning mehnat sharoitlari va mehnat muhofazasini yaxshilash, ekologiya jihatidan xavfsizlikni ta’minlash;
korxonani va idoraga qarashli turar joyni xususiylashtirish vaqtida xodimlarning manfaatlariga rioya qilish;
ishni ta’lim bilan qo‘shib olib boruvchi xodimlar uchun imtiyozlar;
ixtiyoriy va majburiy tarzdagi tibbiy hamda ijtimoiy sug‘urta;
ish beruvchi tomonidan o‘z xodimlarining shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga qo‘shimcha badallar kiritish miqdorlari va muddatlari;
jamoa shartnomasining bajarilishini tekshirib borish, taraflarning javobgarligi, ijtimoiy sheriklik, kasaba uyushmalari, xodimlarning boshqa vakillik organlariga faoliyat ko‘rsatish uchun tegishli sharoit yaratib berish.

Bundan tashqari, korxonada ishlovchi xodimlarning mehnatini rag‘batlantiruvchi (qonunlar va boshqa normativ hujjatlar bilan belgilangan normalar va qoidalarda ko‘rsatilganiga qaraganda imtiyozliroq) mehnat shartlari va ijtimoiy-iqtisodiy shartlarni ham jamoa shartnomasida belgilab olishlari mumkin.

Jumladan, qo‘shimcha ta’tillar, pensiyalarga tayinlanadigan ustamalar, muddatdan ilgari pensiyaga chiqish, transport va xizmat safari xarajatlari uchun kompensatsiyalar, xodimlarning farzandlarini maktabda va maktabgacha tarbiya muassasalarida tekin yoki qisman haq to‘lanadigan tarzda ovqatlantirish, xodimlarni dam olish maskanlari (sanatoriy)da imtiyozli davolanishlari, ularning 12 yoshgacha bolalari uchun yozgi oromgohlarda imtiyozli dam olishlariga imkoniyatlar yaratish va boshqa qo‘shimcha imtiyoz hamda kompensatsiyalarni kiritish mumkin.

Muxtasar aytganda, jamoa shartnomasining korxonada mavjudligi bu yutuq xisoblanadi. Eng muhimi uni rasmiyatchilik uchun qabul qilinmay, o‘z o‘rnida adolatli hamda shaffof usulda ishlatilishi, korxonaning jamiyatdagi o‘rnini, ish beruvchining xodimlar o‘rtasidagi obro‘-e’tibori va hurmatini, xodimlarning jamoadagi o‘rnini yanada mustahkamlashga, xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy axvolini yaxshilashga, xodimlar xizmatini munosib rag‘batlantirish orqali korxonada mehnat unumdorligining yuqori bo‘lishiga shubhasiz xizmat qiladi.

Toshkent davlat yuridik universitetining
Ixtisoslashtirilgan filiali Tayyorlash kurslari dekani
Shavkat XAMRAQULOV

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Mehnat shartnomasida jamoa shartnomasining tutgan o‘rni