12:43 / 17.09.2020
1 930

Pandemiyaning Markaziy Osiyoga ta’siri xalqaro miqyosda muhokama etildi

Pandemiyaning Markaziy Osiyoga ta’siri xalqaro miqyosda muhokama etildi
Joriy yilning 16-17 sentabr kunlari «Pandemiyaning Markaziy Osiyoga ta’siri: ilk saboqlar, koronainqiroz va o‘zgarish istiqbollari» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy onlayn konferensiya bo‘lib o‘tmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universiteti va BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur nufuzli forumda dunyoning 20ga yaqin davlatidan 210dan ziyod taniqli parlament a’zolari, ilmiy doiralari vakillari, nodavlat tashkilotlar hamda tadqiqot markazlari rahbarlari va mutaxassislari, O‘zbekistonda akkreditatsiya qilingan diplomatik korpus vakillari, ekspertlar ishtirok etmoqda.

Forum ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva, Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Abdujabbor Abduvaxitov, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska, Markaziy Osiyo va Kavkaz Instituti asoschisi va raisi Frederik Starr (AQSH) so‘zga chiqishdi.

Xalqaro aloqalar, geosiyosat, iqtisodiyot, huquq sohalarini qamrab olgan anjumanda hozirda davom etayotgan pandemiyaning ilk saboqlari, yuzaga kelgan inqirozdan chiqish yo‘llari va bu kabi favqulodda vaziyatlarga tayyorlik darajasini oshirish masalalari tahlil qilinmoqda.

Tadbir qatnashchilari tomonidan Markaziy Osiyo mamlakatlarining tajribasidan kelib chiqib, pandemiyadan olingan saboqlar va kelajak uchun tavsiyalar, undan keyingi davrda pandemiya salbiy oqibatlarini kamaytirish, koronavirusni yengib o‘tishda mintaqaviy hamkorlikning strategik istiqbollari, favqulodda sharoitlarda ko‘p tomonlama sheriklik hamda xalqaro tashkilotlarning o‘rni va ahamiyati kabi dolzarb masalalar ham keng muhokama qilinmoqda.

Bu boradagi O‘zbekiston tajribasi va xalqaro tashabbuslari haqida so‘z yuritilarkan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning: «Hozirgi murakkab vaziyatda biz uchun g‘oyat muhim ikkita vazifani samarali hal etish – eng dolzarb zaruratga aylanmoqda. Ya’ni, biz aholimizning sog‘lig‘i va hayotini asrash, shu bilan birga, iqtisodiyotimizni tiklash, odamlarga ishlab daromad topishi uchun sharoit yaratib berish muammosini bir paytning o‘zida hal etmoqdamiz», degan so‘zlari mamlakatimizning ushbu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlari mazmunini to‘liq aks ettirganligi ta’kidlandi.

Xususan, pandemiya davrida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan Milliy harakatlar dasturi mavjud barcha resurslarni safarbar etish, hukumat va fuqarolik jamiyatining kuchlarini birlashtirish imkonini berdi. Bunda ayniqsa pandemiyaning iqtisodiyotga ta’sirini yumshatishga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, biznesga ko‘mak tariqasida umumiy hajmi 4,8 milliard dollardan ortiq yordam choralari amalga oshirildi.

Mamlakatimiz voqealar o‘ta noxush rivojining oldini olishga muvaffaq bo‘ldi va COVID-19dan o‘lim holatlari bo‘yicha dunyoda eng past ko‘rsatkichni ta’minladi. O‘zbekiston hukumati tomonidan 11 ta xorijiy davlatga yirik hajmda insonparvarlik yordami ham ko‘rsatildi. Jahon banki, Xalqaro valyuta jamg‘armasi kabi nufuzli moliya tashkilotlari dunyodagi sanoqli mamlakatlar qatorida O‘zbekistonda iqtisodiyotning pasayishiga yo‘l qo‘yilmaganini ta’kidlab, kelgusida sezilarli o‘sish kutilayotganini qayd etmoqda.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda izchil amalga oshirilgan islohotlar tufayli mamlakatimiz bu inqirozga muvaffaqiyatli qarshi turib, uning oqibatlarini yengib borayotganligi forumda alohida qayd etildi.

Inqiroz sharoitida har bir davlat duch kelayotgan muammolarni hal etishda, jumladan, fuqarolarni o‘z yurtlariga qaytarish, transport yo‘laklarini tiklash, gumanitar yordam ko‘rsatishda Markaziy Osiyo mamlakatlarining bir-birlariga amaliy ko‘maklari haqida ham so‘z yuritildi.

Pandemiya oqibatida yuzaga kelgan ijtimoiy-iqtisodiy qiyinchiliklarni yengib o‘tishda davlatlar o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish va hamkorlik yo‘lga qo‘yilganligiga alohida urug‘ berilmoqda.

Shuningdek forumda koronavirusni yengish masalalarida mintaqaviy hamkorlikning strategik istiqbollari atroflicha ko‘rib chiqilmoqda. Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida ijtimoiy-iqtisodiy masalalarda ko‘p tomonlama aloqalarni kuchaytirish, davlatlar milliy manfaatlariga to‘liq rioya qilinishini ta’minlash, hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini rivojlantirish masalalari shular jumlasidandir.

Forum yakunida ishtirokchilar tomonidan bildirilgan taklif va tavsiyalar uning natijalari bo‘yicha qabul qilingan rezolyutsiyada umumlashtirilishi ko‘zda tutilgan. Konferensiya o‘z ishini davom ettirmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Pandemiyaning Markaziy Osiyoga ta’siri xalqaro miqyosda muhokama etildi