23:10 / 21.09.2020
2 153

Jazoning yuqori va quyi chegaralari sudlardagi korrupsiyaviy xavfmi?

Jazoning yuqori va quyi chegaralari sudlardagi korrupsiyaviy xavfmi?
Korrupsiya qanday balo ekaniga ta’rif shartmi?! Taraqqiyotning eng katta tushovi ham, adolatsizliklarning «klassik ko‘rinishi» zamirida ham bitta illat yotadi: korrupsiya! Shuni anglasak, shuni bilsak va unga nisbatan muros asiz bo‘lsak — oldinga siljish bo‘lishi mumkin. Aks holda...

Korrupsiyaga qarshi kurashish har bir sohada ham muhim. Birinchi galda huquqni muhofaza qiluvchi organlar, xususan, sudlar faoliyatida bu illatga to‘liq barham berish o‘ta-o‘ta vazifadir.

Sud tizimida korrupsiyaga qarshi kurashishning samaradorligini oshirish maqsadida Sudyalar oliy kengashi va Oliy sudi qo‘shma qarori bilan tizimda korrupsiyaga qarshi kurashishning samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlangan. Biroq ko‘rilayotgan choralarga qaramasdan sudlar faoliyatida korrupsiya to‘liq yo‘q qilindi, deyishga til bormaydi. Xususan, 2018-2019 yillarda Urganch, Qarshi, Chinoz tumanlararo sudlari faoliyatida korrupsiya bilan bog‘liq holatlar haqida OAVlarda xabar qilingan edi.

Sudlar tizimidagi korrupsiya bu - sudyalik maqomini suiiste’mol qilishda ifodalanib, huquqiy, tashkiliy, boshqaruv va axloqiy xarakterdagi bir qator muammolar oqibatida vujudga keladi.

Qisqasi, mazkur illat sudyaning shaxsiy manfaatlari bilan bog‘liq bo‘lgan va shaxsiy manfaatlari bilan bog‘liq bo‘lmagan omillarga borib taqaladi. Har ikki holat alohida mavzukim, bu haqda alohida so‘z yuritishni yaqin kelajakka qoldirib, tizimda poraxo‘rlikka sabab bo‘lishi ehtimoli katta bo‘layotgan yana bir omil haqida to‘xtalsak.

Sud tizimida korrupsiyaviy omillarning oldini olish haqida gap ketganda birinchi navbatda qonunchilikda belgilangan jazoning minimal va maksimal darajadagi o‘rtasidagi tafovutni qayta ko‘rib chiqish taqazo qilinadi. Zero, jazoning yuqori va quyi chegaralari o‘rtasida farq qanchalik katta bo‘lsa, sudyaning «soqqa qilishi» uchun shuncha imkoniyat paydo bo‘ladi. Jinoyat qonunchiligida muayyan qilmish uchun deylik, 5 yildan 10 yilgacha jazo tayinlanishi ko‘zda tutilgan. Fuqaro (sudlanuvchi va uning yaqinlari) eng kam jazo berilishi uchun sudyani rag‘batlantirishga tayyor. Sudya ham bundan bosh tortmaydi: chunki, u qonundan tashqariga chiqayotgani yo‘q. Korrupsiyaga imkoniyat beradigan holatmi? Balli.

Tizimda poraxo‘rlikni yo‘qotish sudyalarning tom ma’noda mustaqilligini ta’minlashga ham bog‘liq. bu borada qator ishlar amalga oshirildi, to‘g‘ri. Biroq ularning moddiy ta’minoti, mustaqilligining kafolatlari, faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘ymaslik tamoyillari yana-da kuchaytirilishi lozim. Fikrimizcha, xorij tajribasini inobatga olgan holda O‘zbekiston Respublikasining «Sudyalar maqomi to‘g‘risida»gi qonun qabul qilish vaqti yetgan allaqachon.

Shuningdek, sudyalarning o‘zi va oila a’zolari daromadlarining shaffofligini ham ta’minlash kerak.

Xulosa qilib aytganda, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashning muvaffaqiyati, birinchi navbatda, sud-huquq sohasidagi islohotlar natijasiga bevosita bog‘liq.

Otabek Toshev,
Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti ma’sul xodimi

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Jazoning yuqori va quyi chegaralari sudlardagi korrupsiyaviy xavfmi?