12:00 / 14.12.2020
4 074

Buxoro shahar prokurori chaqiruvlarga advokat, jurnalist va blogerlar bilan borishini aytdi

Buxoro shahar prokurori chaqiruvlarga advokat, jurnalist va blogerlar bilan borishini aytdi
Foto: «Daryo»
Buxoro shahar prokurori Jasur Fozilov bir necha kundan buyon ijtimoiy tarmoqlar orqali Prezidentga murojaat qilmoqda. U o‘z murojaatlari orqali bosh prokuror Nig‘matulla Yo‘ldoshev hamda Bosh prokuraturaning ayrim amaldorlariga nisbatan bir nechta ayblovlarni ilgari surgan.

Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda Jasur Fozilov yashirinib olgani, chaqiruvlarga javob bermayotgani haqida xabarlar tarqaldi. «Daryo» muxbiri Buxoro shahar prokurori o‘ziga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotgan chog‘da qonundan yashirinib yurgani nechog‘li haqiqatga yaqinligi bilan qiziqdi.

Buxoro shahar prokurorining qo‘l telefoni «xizmat doirasidan tashqarida» ekanligi sababli u bilan telefon orqali bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi. Yashash manzili esa noma’lum edi. Ijtimoiy tarmoqlardan «shov-shuvi» to‘xtamayotgan shahar prokurori Jasur Fozilovni ancha urinishlardan so‘ng, jarayonning to‘rtinchi kunida «topdik». U o‘zi tug‘ilib o‘sgan Vobkent tumanidagi Chorbog‘kent qishlog‘ida, darvozadan ham o‘zi «ko‘rinish berdi».

Ijtimoiy tarmoqlar orqali men haqimda tarqalayotgan gaplar uydirma va shunchaki uyushtirilayapti, xolos. Go‘yoki, men yashirinib olganman. Hech qayoqqa ketmaganman. Vobkentda, ota-onamning uyidaman. To‘g‘ri, men o‘zimga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazayotganlarning chaqiruvidan bosh tortayotganimni tan olaman va xizmat tekshiruvlari odilona, xolisona o‘tkazilishini so‘raganman, — dedi Jasur Fozilov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2 dekabr kuni u vaqtincha xizmat vazifasidan chetlatilgan. Fozilov ushbu holat bo‘yicha faqat Prezident administratsiyasi tekshiruv o‘tkazishini, boshqa idoralar bu ishga aralashmasligini so‘ragan.

Bosh prokuratura huzuridagi inspeksiyasi xodimi M.T. men bilan qo‘ng‘iroqlashganda, shaxsan bosh prokurorning o‘zi u bilan ikki-uch marta gaplashayotganini aytib, holatni to‘g‘ri tushunishimni va xonadagi kameralarni yechib olishni so‘radi, e’tiroz bildirmadim. Aslida bu ishlar ortida hali qurilishi to‘liq tugallanmagan va foydalanishga topshirilmagan «Dilkusho» bozoridagi qonun buzilishlarga sabab bo‘layotgan holatlarni fosh etishga kirishganim kimlargadir yoqmagani va qarshilar borligini isbotlab qo‘ydi, — deydi u.

Buxoro shahar prokurori bir necha marta viloyat prokurori Dilshod Fayziyevdan holat yuzasidan bosh prokurorni xabardor qilishni so‘ragan. Biroq bu murojaatlar viloyat prokurori tomonidan e’tiborsiz qoldirilgan.

Foto: «Daryo»
Prokuror Fozilov bu holat bosh prokuror va uning uch nafar xodimiga oid jinoyatlarni fosh etish, shuningdek, 10 milliard so‘m soliqni yashirgan tadbirkorga nisbatan Jinoyat kodeksining 184-moddasi (soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash) bilan ish qo‘zg‘atishga aloqadorligini ma’lum qildi.

«Mustahkam qurilish development» kompaniyasi rahbari Z.J. hamda yirik tadbirkor A.K.ga nisbatan olib borayotgan hatti-harakatim o‘z joyida to‘xtatib qo‘yildi. Bu shunchalik tez sodir bo‘ldiki, hatto bo‘ynimga menga daxli yo‘q ishlarni ilishga urinishmsoqda. Haydovchim Bahodir Hamroqulov, bilishimcha, 2000—2001 yillardan buyon tadbirkorlik qilib keladi. Men esa Buxoroda o‘z xizmat vazifamni 2014 yilda boshlaganman.

Go‘yoki haydovchimga tegishli tadbirkorlik sub’ekti ham meniki ekan. Undan ham ishdan bo‘shash to‘g‘risidagi arizasini olishibdi. Bundan tashqari, Buxoro shahridagi 52-maktabgacha ta’lim tashkiloti binosini tiklagan «Vobkent maxsus qurilish servis» rahbari, tadbirkor Baxtiyor Aslonovga tegishli korxona ham menga tegishli ekan. Bular juda achinarli ayblovlar emasmi?! Tadbirkor ukalarim ham o‘zlariga shaxsan tegishli sub’ektlar uchun kun bo‘yi tergov eshiklarida o‘tirishdi. Ularning ham faoliyatiga mening hech qanday aloqadorligim yo‘q.

To‘g‘ri, bosh vazirning sobiq o‘rinbosari O‘ktam Barnoyev hamda Buxoro viloyati sobiq hokimi Karim Kamolovning tavsiyasi bilan Buxoro Markaziy bozoridan bizga tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishimiz uchun bino ajratib berildi. Bu, albatta, qonunan mumkin emas, shu bois ham o‘z nomimga o‘tkazmadim. Buni tan olaman va tan olganman ham. Agar hatti-harakatlarimda jinoyat alomatlari topilsa, qonun oldida javob berishdan qo‘rqmayman. Biroq, «yuqoridagi»lar va ularga aloqador shaxslarning sirlari fosh etilishiga, adolat qaror topishiga ishonaman
, — dedi Jasur Fozilov.

Shu o‘rinda shahar prokurori «Daryo» muxbirining: «Murojaatlaringizning birida viloyat rahbarlari bizni qo‘llab-quvvatlab, Buxoro Markaziy bozoridan bizga poraxo‘rlik qilmaslik uchun magazin ajratib berdi, deya ta’kidladingiz. So‘zlaringizdan, agar do‘kon ajratib berilmasa, prokurorlar poraxo‘rlik qilishi mumkin ekan, degan shubhaga borish mumkin ekan-da?», — qabilidagi savoliga: «Viloyat rahbari ‘quringlar’, deb, qo‘llab-quvvatladi. Ammo u yerda bir o‘zim emas, aka-ukalarim, yaqin birodarlarim pul yig‘ib, do‘konni tikladik», — deya javob qaytardi.

Uning aytishicha, Bosh prokuratura huzuridagi inspeksiyasi xodimi M.T. xizmat xonasida: «Qo‘llab-quvvatlovchilaringiz ketdi, endi nima qila olasiz?!», degan. Jasur Fozilov esa viloyatning sobiq ikki rahbarini tilga olib, agar ular hayot bo‘lganida, bosh prokuror Buxoroga yaqinlasha olmagan bo‘lardi, deb ta’kidlagan.

Buxoro shahar prokurori Fozilov o‘ziga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazayotganlarning chaqiruvlaridan bosh tortayotganini tan olar ekan, chaqiruvga adolat qaror topishi uchun advokat, jurnalist va blogerlar bilan birga borishini aytdi. Shuningdek, u aybi bo‘lsa, javob berishga tayyorligini, faqat adolat bo‘lishi lozimligini ham qayta-qayta takrorladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda menga nisbatan do‘ppi tor kelgani uchun chiqish qildi, degan munosabatlar ham bildirilmoqda. Yo‘q, men hozirgi holat bo‘yicha tekshiruvni faqat Prezident administratsiyasi o‘tkazishini, menga nisbatan nohaqliklar bo‘lmasligini, barchasi adolat mezonlari asosida ko‘rib chiqilishini istayman xolos, — dedi Jasur Fozilov.

Ma’lumot uchun, Buxoro Markaziy dehqon bozorining ayni paytdagi rahbari Bobur Sobirov o‘z vaqtida viloyat prokuraturasida xizmat olib borgan. «Daryo» 2019 yil mayida mazkur bozordagi tartibsizliklar haqida surishtiruv e’lon qilgan edi.

Muallif: Laylo Hayitova

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Buxoro shahar prokurori chaqiruvlarga advokat, jurnalist va blogerlar bilan borishini aytdi