00:17 / 22.01.2021
2 717

Ixlos ilmiy tomondan isbotlanganmi?

Ixlos ilmiy tomondan isbotlanganmi?
Savol: Zarifboy Rajabovich! Vrachlar har doim bemorlarga quyidagi o‘gitni aytishni, ya’ni “Doktorga ixlos qilsang, tuzalasan” deyishni xush ko‘rishadi. Aytingchi, ixlos ilmiy tomondan isbotlanganmi?
Javob:
Albatta! Biroq ixlos ikki tomonlama bo‘lishi kerak. Ixlos bir tomonlama bo‘lsa, ya’ni bemorda vrachga ixlos bor-u, vrachda esa yo‘q. Bunday vaziyatlarda bemorning tuzalib ketishi nogumon.

Savol: Bu qiziq! Shu fenomen isbotlanganmi?!
Javob:
Ha isbotlangan. Biofiziklar onkologik kasalliklar bilan og‘rigan bemorlarda juda qiziq bir holatni kuzatishgan. Bu voqea Rossiyada ro‘y bergan. Saraton kasalligi aniqlangan bemorni uzoq vaqt samarasiz davolashadi. Vrachlar uning yaqinlariga “Biz qo‘limizdan kelganini qildik, bu kasallikning davosi yo‘q” deyishadi. Ko‘chada o‘ta tushkun holatda kelayotgan bu bemorga bitta monaxning ko‘zi tushadi. Monax haligi bemordan bu xomushlikning sababini so‘raydi. Bemor unga dardini to‘kib-sochadi va mening yashashdan umidim juda katta, deb yig‘lab yuboradi.

Monax uni tinchlantirib, bitta cherkov borligini aytadi. O‘sha cherkovda qandaydir ilohiy kuch bor. Sen o‘sha joyga borib xudoga iltijo qil. Undan dardingga shifo so‘ra” deydi. Bemor xaligi monaxning so‘zlariga va o‘sha cherkovga juda qattiq ixlos qo‘yadi. Bemor har gal u yerga borganida darddan yengillashib boraveradi va tuzalib ketadi.

Bu ajoyibotdan xayratga tushgan bemor (u o‘qigan ilmli odam edi) qaytadan o‘sha shifoxonaga boradi. Doktorlar barcha tekshiruvlarni o‘tkazib, unda saratonning hech qanday belgilarini topishmaydi. Bemor butunlay tuzalgan edi. Doktorlar bu fenomenga javob topolmay qolishadi. Chunki rak tashxisi gistologik va laborator tekshiruvlar asosida aniq qo‘yilgan edi. Bu vaziyatni yashashga bo‘lgan katta umid va kuchli ixlos bilan izohlash mumkin.

Savol: Zarifboy aka. Balki bu cherkovda rostdan ham qandaydir ilohiy kuch bordir. O‘sha joyni borib olimlar tekshirishganmi?
Javob:
Borib ko‘rishgan! Aynan biofiziklar bu joyni borib tekshirishgan va juda qiziq faktga guvoh bo‘lishgan. Haligi bemorning tuzalganini ko‘rgan ba’zi bemorlar “Men ham shu cherkovga borsam tuzalarkanman” deb, bu yerga qatnayverishgan. Ularning ba’zilari tuzalgan, ba’zilarida hech qanday natija bo‘lmagan. Biofiziklar o‘zlarining sezgir apparatlarida o‘sha cherkovda va uning atrofida ba’zan kuchli biomaydon aniqlashgan, ba’zida hech qanday biomaydon bo‘lmagan. Bu yerda biomaydonning bir kuni kuchli, bir kuni kuchsiz bo‘lib turishini aniq isbotlab berisha olmagan.

Savol: Nima uchun biomaydon o‘zgarib turgan? Nega ba’zilar tuzalgan-u, boshqa birovlar tuzalmagan?
Javob:
Bu maqola 10 yillar oldin qaysidir ilmiy jurnalda bosilib chiquvdi. Olimlar kuzatishda davom etmoqda.... deb, keyin hech qanday xabar bermay qo‘yishdi. Menimcha, tuzalishga qattiq ixlos qo‘ygan bemorlar borgan kuni o‘sha cherkovda kuchli biomaydon yuzaga kelgan, “qani men ham borib ko‘raychi, zora tuzalsam” deguvchilar borganda biomaydon o‘ta sust bo‘lgan.

Savol: Kuladi! Zarifboy aka! Balkim biomaydon paydo bo‘lgan kuni borish kerakdir?!
Javob:
Men jiddiy gapirayapman. Nomi bilan “biomaydon”. “Bio” – tirik mavjudotlarga nisbatan ishlatiladigan ibora. Tirik mavjudot bo‘lmagan joyda biomaydon ham yuzaga kelmaydi. Ijobiy va salbiy biomaydonlar bo‘ladi. Mening fikrimcha, ixlos qo‘ygan odamlar borgan kuni haligi cherkovda kuchli ijobiy biomaydon paydo bo‘lgan va rak xujayralarini yo‘q qilib sog‘lom xujayralar rivojlanishiga yo‘l ochib bergan.

Ixlosi yo‘qlar borgan kuni salbiy xususiyatga ega bo‘lgan biomaydon yuzaga kelgan va hech qanday natija bo‘lmagan. Men bu fenomenni boshqacha tushuntirib bera olmayman. Siz oddiy “Zumrad va qimmat” multfilmini eslang. Zumrad o‘rmonga o‘sha yaxshi kampirning yoniga ixlos bilan bordi va ko‘p narsaga ega bo‘ldi, Qimmat ham yaxshi kampirning oldiga boshqa niyat bilan bordi-yu, u bilan yomon voqealar ro‘y berdi.

Savol. Rahmat! Fikringizni tushundim. Siz ixlos ikki tomonlama bo‘lishi kerak deganda, nimani ko‘zda tutdingiz?
Javob:
Ixlos albatta ikki tomonlama bo‘lishi kerak. Mana men o‘zim bilan bog‘liq voqealarni aytib bera qolay (bunday voqealar “Asab va ruhiyat” nomli kitobda ko‘p keltirilgan). Juda charchagan paytlarda bemor bilan yurakdan gaplashishga vaqt bo‘lmaydi, unga e’tiborim pasayib qoladi, shogirdlarga ham oddiy ko‘rsatmalar beraman.

Shunday paytlarda natija juda sust bo‘lgan. Bo‘lmasa tashxis to‘g‘ri qo‘yilgan va zarur dorilar to‘g‘ri yozilgan. Shu holatni bemorga bo‘lgan ixlosning kamayganidan deb bilavering. Demak, bemorda ham, vrachda ham ixlos bo‘lgandagina kasallikni yenguvchi kuchli biomaydon yuzaga keladi. Vrach o‘ta kuchli bo‘lsa-yu, unda bemorni tuzatishga nisbatan ixlos bo‘lmasa, samarasiz holatni kutavering.

Zarifboy Ibodullayevning
“Asab va ruhiyat” kitobidan olindi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ixlos ilmiy tomondan isbotlanganmi?