11:16 / 27.01.2021
790

Yozilmagan qoidalar: Davlat xizmatchilarini majburiy mehnatdan kim qutqaradi?

Yozilmagan qoidalar: Davlat xizmatchilarini majburiy mehnatdan kim qutqaradi?
Ba’zan o‘ylab qolacan: toki amal qilinmas ekan, mehnat qoidalari, kasb funksiyalari nega kerak? Ularga amal qilmay turib, samarali ishlab bo‘larkanmi?

Keling, bir misol. Bizda majburiy mehnat tugatildimi? Aniqlashtirib olamiz, majburiy mehnat deganda ko‘pincha nimani tushunar edik?

Talabadan tortib professorgacha, maktab direktoridan tortib xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘igacha paxta dalasiga chiqishini majburiy mehnat deb tushunganmiz. O‘qituvchilarning katta yo‘l yoqasiga chiqib ko‘cha tozalashini ham majburiy mehnat deb bilganmiz. Qaysidir kattaning «erkatoyi» quruvchi maqomini olib, aslida shifokor-u o‘qituvchilarning namunaviy uy qurishini, istirohat bog‘i barpo etishini qabul qilolmaganmiz. Bizning nazdimizda shu kabi holatlar majburiy mehnat edi.

Endi bunday ssenariyga toqat qilolmaydigan darajaga yetdik, anglab qoldik yaxshi ish emasligini. Bu inson huquqlariga, qonunlarga, konstitutsiyaga qarshiligini tushundik, xorijliklar oldida uyat bo‘lmasligiga harakat qila boshladik.

Bir qarashda, paxta terimidagi majburiy mehnat ancha kamaydi, o‘qituvchi va shifokorlarga ko‘cha tozalatishga endi uncha-muncha rahbarning jur’ati yetmayapti... Demak, majburiy mehnatni yengdikmi?

Mana shu joyda bizning majburiy mehnat haqidagi tushunchamiz paxta dalasidan bu yoqqa kelmagani oydinlashadi.
Chunki majburiy mehnat – faqat ko‘cha supurish, paxta terish degani emas.

Yarim tungacha ishlash, o‘ziga tegishli va tegishli bo‘lmagan mas’uliyatni zimmasiga olishning barcha turlari – majburiy mehnatdir.

Faraz qiling, hokimiyat yoki soliq xodimi soat kechki 21–22ga qadar ishlayapti. Bugun bu tabiiy, aniqrog‘i tabiiymas, odatiy jarayon albatta. Demak, u ertalab kechi bilan soat 9:00da ishga kelgan bo‘lsa, sutkasiga 12–13 soat ishxonada bo‘lyapti. Bu holat yillar davomida o‘zgarmay kelyapti.

Achchiqroq bo‘lsa ham yuz minglab kadrlar shu tartibga (tartibsizlikka) o‘rgandi. Farzandlari katta bo‘ldi, bo‘lyapti, ularga ajratgan vaqtini jami hisoblab chiqsangiz, ishga sarflangan vaqtining o‘ndan biricha bo‘lmaydi.

Bu majburiy mehnat bo‘lmay nima?
Hokimiyat yoki istalgan davlat idorasi mutaxassisi e’tirozini kimga bildirishi mumkin? Rahbariga aytolmaydi, aytsa, ishdan ketadi yoki olabo‘ji bo‘lib ko‘rinadi.

Boringki, biroz huquqini bilgan xodim me’yordan ortiq ishlayotgani, mehnat huquqlari buzilayotgani haqida Davlat mehnat inspeksiyasiga murojaat qilishi mumkin. Xo‘p, bu inspeksiya nima qila oladi? Murojaat qilinsagina borib o‘rganadi, rasmiylashtiradi va rahbarni jazolaydi. Masalan, hokim yoki soliq boshlig‘ini xodimlarni ko‘p ishlatgani uchun ogohlantiradi.

Endi savol, hokimning huquqini kim himoya qiladi? U ham inspeksiyaga murojaat qilishi kerakmi? Chunki hokim bo‘lsa ham huquqlari poymol bo‘lyapti-da. Ish vaqti, soati belgilanmagan bu rahbarning ham. Hokim ham o‘zidan yuqorida ishlaydigan tizimga bo‘ysunadi. O‘zi istamagan taqdirda qo‘l ostidagilarni ortiqcha mehnatga majburlaydi. Jarayon shu tariqa kengayib boraveradi.

«Yo‘q, hokimlar o‘zi boshqarayotgan hududning otasi, u ko‘proq ishlashi kerak, mas’uliyati ham shunga yarasha bo‘lishi lozim», ham deylik. Unda nega ishxonada hokimning bir o‘zi qolib, boshqalarga javob berib yuborilmaydi?

Darvoqe, e’tibor qilgan bo‘lsangiz, karantin davridagina ko‘pchiligimiz Davlat mehnat inspeksiyasi degan tashkilot borligini sezdik. Chunki hukumat darajasidagi ogohlantirishlar, davlat rahbarining tashabbusi bilan bu inspeksiya harakatga keldi. Ishchi-xodimlar shoshib qoldi o‘sha vaqtlarda. «Nahotki, men ham o‘g‘limni uxlab qolmasdan biroz o‘ynata olaman? Nahotki, o‘z ustimda ishlayman, imkoniyatlarimni oshiraman, til o‘rganaman, kitob o‘qiyman, ota-onamga vaqt ajrataman», deb boshi aylanib ketdi.

Afsus, ko‘p o‘tmay «mexanizm» yana eskicha ishlay boshladi. Hammasi joy-joyiga tushdi. «Inspeksiya keldi», deb bank boshlig‘i binoning orqa eshigidan xodimlarni qochirib yubormaydigan bo‘ldi. Erkin, kerak bo‘lsa yana kechasi yotib olib ishlayapti. Axir o‘rgangan-da!

Anglashiladiki, tizimning o‘zi avval boshdan chalkash va tushunarsiz. Hamma biladi, anglab turadi, ammo avvalgidek davom etaveradi.

Darvoqe, Mehnat kodeksining 115-moddasida xodim ish vaqtining normal muddati haftasiga 40 soatdan ortiq bo‘lmasligi belgilab qo‘yilgan. Endi biror davlat tashkilotining ishda bo‘lish vaqtini raqamlarda hisob-kitob qiling va har kuni yozilmagan qoidalarga ko‘ra qancha xodim-u rahbarlarning mehnat huquqlari poymol bo‘layotganini tasavvur qilavering.

Yuzaki hisoblaganda ham bugungi kunda aksariyat davlat idorasining xodimi 60 soatdan 80 soatgacha vaqtini ishxonada o‘tkazyapti.

Buning ortidan yana qanaqa o‘nlab turdagi muammolar kelib chiqayotgani – alohida mavzu.

Xulosa qilsak. Adliya vazirligi: «Ish vaqti tugagan xodimning kompyuteri avtomatik o‘chiriladi», dedi va adliya tizimi xodimlarini himoya qilyapti. Chunki ular huquqini biladi, yangicha ishlay oladi. Qolaversa, ishxonada tunni tongga ulash bilan samarali ishlab bo‘lmasligini tasdiqlovchi minglab asoslar bor. Bu tarzda ishlash nafaqat ijtimoiy, balki iqtisodiy jihatdan ham ko‘plab muammolarni keltirib chiqaradi.

Yuqoridagi savol: jamiyatni tartibga soluvchi nizom va me’yorlar bor. Nega biz unga amal qilmaymiz? Yozilmagan qoidalardan chiqish vaqti kelmadimi?

Isomiddin Po‘latov
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)