
...U hikoya qiladi: “Aeroportdan mehmonxonaga bormoqchi bo‘lib taksilarning oldiga keldim. Nasibam o‘sha yerda turgan juda ham toza avtomobil bo‘ldi. Uning haydovchisi ham juda chiroyli va pokiza kiyingan edi.
Haydovchi mashinasidan tushib, menga orqa o‘rindiqning eshigini ochdi. Meni o‘tirishga taklif qilib, qo‘limga kartochka tutqazib dedi: “Ismim Ahmad. Bugun men sizning haydovchingizman. Yuklaringizni yukxonaga qo‘ygunimga qadar mana bu kartochkadan men ko‘rsatadigan xizmatlar bilan tanishib chiqing”.
Men kartochkani o‘qiy boshladim: “Alloh vaqtingizni saodatli qilsin! Mening vazifam sizni imkoni boricha ko‘zlagan manzilingizga tez va eson-omon, zarar yetkazmasdan, rohat beruvchi va muhabbatga to‘la havo bilan yetkazishdir”.
Ahmad o‘rindiqqa yaxshi o‘rnashib olgach, mashina ko‘zgusidan menga tabassum ila boqib so‘radi:
– Qahvaga xohishingiz qalay? Menda oddiy va kofeinsiz qahva bor!
Men hazillashib dedim:
– Rahmat! Men sovuq ichimliklarni yaxshi ko‘raman.
U dedi:
– Menda oddiy gazli ichimlik ham bor. Istasangiz, shakarsiz apelsin sharbati ham bor.
Men:
– Unda apelsin sharbati bo‘laqolsin.
Ahmad menga apelsin sharbatini uzatar ekan “bismillah”, dedi. So‘ngra mashinini haydab turib dedi:
– Qirq daqiqa vaqtimiz bor ekan. Istasangiz, mana bu radiostansiyalarning ro‘yxati. Istaganingizni tanlashingiz mumkin. Yoki yo‘ldagi ko‘rgan narsalaringiz haqida ma’lumot berishim ham mumkin. Xohlasangiz, sizni xayollaringiz bilan yolg‘iz qo‘yaman. Agar o‘qishni istasangiz, ertalabki gazetalar va haftalik jurnal ham bor!
Men undan so‘radim:
– Sayidim Ahmad! Barcha yo‘lovchilarga doimo shunday xizmat qilasizmi?
Ahmad dedi:
– Afsuski, buni faqatgina ikki yil oldin boshladim. Oldinlari qolgan haydovchilardan farq qilmas edim. Aksar haydovchilarning mashinalari yuvilmagan, ko‘rinishlari bir ahvolda bo‘lar, ular faqat shikoyat qilishar edi. “Tanlash kuchi” nomli ajoyib fikr haqida eshitib qoldim va o‘zimni o‘zgartirishga qaror qildim. Unda “O‘rdak yoki burgut bo‘lish ixtiyori o‘zingda”, deyilgan edi. O‘rdak o‘zining nochorligidan shikoyat qilar ekan. Burgut esa xursand bo‘lib qanot qoqar, samoni aylanar ekan. Men sekin-sekin o‘zimni o‘zgartirishga qaror qildim. Ko‘rganingizdek, mana shu darajaga yetib keldim. O‘zim saodatni his qilaman. Mijozlarimga ham saodat ulashaman. Bu yil kirimim to‘rt barobar ko‘paydi. Mijozlarim ko‘p. Ular men bilan bog‘lanib, manzillariga eltib qo‘yishimni iltimos qilishadi. Men labbay deyman”.
O‘rdak bo‘lishdan to‘xtang. Shikoyatni yig‘ishtiring. Burgut kabi hayotni boshlang. Barchaning ustidan parvoz qiling. Bunga birdan erishib bo‘lmaydi. Birinchi qadamni tashlang. So‘ngra unga ikkinchisini ulang. Bir qadam... ikki qadam. Haftada bir qadam bo‘lsa ham, mayli. Inshaalloh, tezda Allohning izni bilan nima bo‘lishini ko‘rasiz.
Yodingizda tuting: “Albatta, toki bir qavm o‘zlarini o‘zgartirmagunlaricha, Alloh ularning holini o‘zgartirmaydi!”
Abdulqodir Polvonov
Manba: Azon.uz “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar